21:01 / 19.12.2020
41567

«Gapiradigan mavzusini tushunsa, barcha uchun manfaatli bo‘lardi». Bobur Karimov deputat Alisher Qodirov gaplariga munosabatini bildirdi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Bobur Karimov O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirovning «UzAuto Motors» ishi to‘g‘risidagi postiga munosabat bildirdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Bobur Karimov va Alisher Qodirov

Bobur Karimov 7 dekabr kuni AOKA binosida o‘tkazilgan matbuot anjumanida mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchi «UzAuto Motors» bilan davom etayotgan nizoli holatga munosabat bildirgandi. U, shuningdek, «UzAuto Motors» tomonidan narxlarni asossiz oshirilishini to‘xtatishning bitta yo‘li bor, deya qayd etgan.

«Bu — boj to‘lovlarni kamaytirish. Import qilinuvchi avtomobillarga qo‘yiladigan boj to‘lovini pasaytirish kerak. Agar raqobat bo‘lsa, ularni tekshirishga ham hojat qolmaydi. Raqobatning o‘zi hammasini joy-joyiga qo‘yadi», — degan Karimov.

Shundan so‘ng, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Karimovning so‘zlaridan iqtibos keltirib, quyidagi postni yozgan:

«Boshidan buyon takrorlanib kelayotgan fikr aynan shu. Yo‘nalish ham aynan shu: O‘zbekistonni Jahon savdo tashkilotiga a'zoligi orqali aynan shu raqobat muhitini shakllantirish ustida ishlanmoqda, tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Shu fikrga kelish uchun shuncha shovqin, shuncha populizm... Kimlardir mashhurroq bo‘lgandir, O‘zbekiston yutmadi», - deya yozgandi Qodirov

Alisher Qodirovning ushbu gaplariga Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Bobur Karimov munosabat bildirib, mulohazalarini quyidagicha bayon etdi:

«Matbuot anjumanida mening avtomobillar importi uchun bojni isloh qilish haqida aytgan gapimga ilova qilib, Alisher Qodirovning ijtimoiy tarmoqda bildirgan fikri meni taajjubga soldi. Butun  boshli bir partiyaning rahbari, ozgina bo‘lsa-da, gapiradigan mavzusini tushunsa, barcha uchun manfaatli bo‘lardi.

Bilamizki, har bir tadbirkorning asosiy maqsadi foyda olishdir. Qancha ko‘p foyda olsa, shuncha yaxshi. Bu maqsadga erishish uchun halol tadbirkorlar turli rivojlanish strategiyalarini o‘ylab chiqadi, faoliyatiga innovatsiyalarni olib kiradi, mahsulot sifatini qat'iy nazorat qiladi va narx siyosatini to‘g‘ri olib boradi. Bundan hamma yutadi: tadbirkor mahsulotini sotadi, iste'molchilar esa bozor narxida mahsulotini xarid qiladi. Bunday bozorda faqat sifatli va arzon mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi yutadi.

Lekin ayrim monopolistlar unday emas. Monopolist biladiki, nima bo‘lsa ham xaridorlarning boshqa tanlovi yo‘q. Tovar qimmatmi, sifatsizmi, baribir xarid qilinsa, bas. Chunki talab bor, lekin taklif chegaralangan. Ammo bu holat har doim davom eta olmaydi. O‘zbekiston kelajakda ko‘plab iqtisodiy integratsion tashkilotlarga a'zo bo‘lishiga ishonaman. Ana ularga qo‘shilganda, asosiy talablardan biri — tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish va shu shart bilan bizning bozorimizga turli ishlab chiqaruvchilarning mahsuloti kirib keladi», — dedi Bobur Karimov.

Uning fikriga ko‘ra, uzoq yillar bozorda qolish uchun raqobat muhitida ishlashni o‘rganish kerak.

«Agar milliy mashinasozlik yana uzoq yillar davomida bozorda qolishni istasa, o‘zini raqobat muhitida ishlashni o‘rgatishi va chiniqtirishi kerak. Bunga hozirdan tayyorgarlik kerak. Aks holda, qisqa muddatda yangi bozor qoidalariga moslasha olmasa, chindan ham milliy mashinasozlik to‘xtab qolishi va zavodlari yopilishi ehtimoli bor.

Shuning uchun, yana bir bor ta'kidlab o‘tmoqchi edim: men tomondan «O‘zavtomotors» zavodini to‘xtatish kerak, degan fikr bildirilmagan, aksincha, yengil avtomobillar importida bojxona to‘lovlarini pasaytirib, bozorga boshqa ishtirokchilarning kirishini ta'minlab, raqobat muhitini shakllantirish to‘g‘risida fikr bildirgan edim», - dedi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Bobur Karimov.

Deputat Nodir Jumayevning ta'kidlashicha, avto sanoat tarmog‘ida compliance tizimi joriy etilganda, narxlar bo‘yicha hozirgi vaziyat yuzaga kelmasdi.

«Biz monopoliyaga qarshi kurash emas, demoqchimasman. Lekin bizning maqsad tabiiy monopoliya ishlasin, ammo u ham narxni belgilashda raqobat mexanizmi, talab va taklif asosida, qiymat qonuni asosida, pul muomalasi qonunini inobatga olishi kerak.

Davlat rahbarimiz ham ushbu tizimni joriy etish vaqti kelganini aytdi. Mamlakatimiz xalqaro biror iqtisodiy tashkilotga a'zo bo‘lish masalasini ko‘rganda, u YeOII bo‘ladimi, JSTmi, umuman boshqa yo‘nalishdagi tashkilotmi, ertaga talablar bir xil bo‘lib, raqobatni ko‘tara olmay qolamiz. Negaki, transmilliy korporatsiyalar narx siyosatini bir xil yuritishi lozim. Chegaralar ochilganda, bunga majbur bo‘lamiz.

Compliance nima o‘zi? Inglizcha u «muvofiqlik, muvofiq kelish» ma'nosini anglatadi. Demak, raqobat muhitini sog‘lomlashtirish, risklarni kamaytirish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni oldini olish uchun o‘rnatilgan tartibga rioya etib ishlash kerak, harakatlar shunga muvofiq kelishi kerak», — deydi Jumayev.

Ayni paytda «UzAuto Motors» AJ va «Jizzax avtomobil zavodi» MChJ xorijdan olib kelib sotayotgan avtomobillar uchun import boji va utilizatsiya yig‘imini to‘lamayotgan bo‘lishi mumkin. Oliy Majlisning bir guruh deputatlari shu masalada Davlat bojxona qo‘mitasi va Moliya vazirligiga deputatlik so‘rovi yuborgan edi. Ma'lum bo‘lishicha, Davlat bojxona qo‘mitasi so‘rovga javob yo‘llab, undagi ma'lumotlar «maxfiy» ekanini bildirgan.

Mavzuga oid
Top