O‘zbekiston | 17:50 / 25.12.2020
11810
5 daqiqa o‘qiladi

«Yoshlar: 1+1»: Yangi dastur bo‘yicha ishsiz yoshlar tadbirkorlarga biriktiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlari forumiga tashrif buyurib, mamlakatimizda birinchi bor o‘tkazilayotgan ushbu anjuman bilan barchani tabrikladi.

«Men har gal yoshlarimiz bilan uchrashganimda sizlarning g‘ayrat-shijoatingizdan kuch-quvvat olaman, ko‘nglim tog‘day ko‘tariladi. Har biringiz jonajon Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilish orzusi bilan yonib yashayotganingizni yaxshi bilaman. Sizlarni O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida qadrlayman. 

Biz yurtimizda qanday islohotlarga qo‘l urmaylik, avvalo, siz kabi yoshlarga, sizlarning kuch-g‘ayratingiz, azmu shijoatingizga suyanamiz. Barchangiz yaxshi bilasiz, bugun o‘z oldimizga ulkan marralar qo‘yganmiz. Ona Vatanimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga kirishdik. Biz oila, maktabgacha ta'lim, maktab va oliy ta'limni hamda ilmiy-madaniy dargohlarni bo‘lg‘usi Renessansning eng muhim bo‘g‘inlari deb hisoblaymiz. Shu sababli ayni ushbu sohalarda tub islohotlarni amalga oshirmoqdamiz. Ishonamanki, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi poydevorini yaratishda sizlar singari fidoyi va vatanparvar yoshlarimiz faol ishtirok etib, munosib hissa qo‘shadilar», – dedi Shavkat Mirziyoyev nutqining avvalida.

Davlat rahbari koronavirus pandemiyasi davrida yoshlar xalq dardiga darmon bo‘lgani, «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakatida ko‘ngilli sifatida qatnashib, qiynalgan oilalarga amaliy yordam berganini alohida ta'kidlab o‘tdi.

Ma'lumki, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha Toshkent shahri namunasi yaratilib, o‘g‘il-qizlarning muammolari, taklif va istaklarini bevosita o‘rganish yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tajriba mamlakatimiz bo‘ylab keng qanot yozib, barcha shahar va tumanlarda Yoshlar festivallari o‘tkazildi.

«Ko‘pchiligingiz ushbu tadbirlar doirasida vazirlar, hokimlar va boshqa mutasaddilar bilan ochiq muloqot qildingiz. Men ham mazkur jarayonlarni televideniye orqali shaxsan kuzatib bordim. Yoshlarimizning dolzarb masalalarni dadil ko‘tarib chiqishi, kuyunchakligi menga juda ma'qul bo‘ldi. Dunyoqarashi keng, jonkuyar, ilg‘or fikrli farzandlarimiz ko‘pligini ko‘rib nihoyatda quvondim», – dedi davlat rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev endi Toshkent shahri tajribasi butun mamlakatimiz bo‘ylab joriy etilishini aytib o‘tdi. Bu borada Toshkent, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida allaqachon ishlar boshlab yuborildi. Yoshlarga doir davlat siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida ularning ijtimoiy muammolarini tizimli asosda o‘rganish, bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish vazifasi mutasaddi tashkilotlarga yuklangan.

Bundan buyon viloyat, tuman va shahar hokimlari, vazirlar va mas'ul rahbarlar yoshlar bilan uchrashuvlarni muntazam ravishda yo‘lga qo‘yadi. Hokimlar yoshlarning muammolarini hal etishga qaratilgan «yo‘l xaritalari»ni ishlab chiqib, ijrosini ta'minlaydi. Shu masala bo‘yicha har 6 oyda mahalliy kengashlarga hisobot beradi va kelgusi yarim yillik uchun rejalarni belgilab oladi.

«Yoshlar: 1+1» dasturi doirasida ishsiz va uyushmagan yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish tashkil etiladi. «Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor» tamoyili asosida 1 nafar tadbirkorga 1 nafardan ishsiz yoshni biriktirish tashabbusi ko‘plab tadbirkorlarimiz tomonidan faol qo‘llab-quvvatlandi. 2021 yilda kamida 500 ming nafar yoshni ish bilan ta'minlashi mumkin bo‘lgan bu harakatni davlat rahbari ma'qulladi.

«Hunarli kishi xor bo‘lmas», deydi xalqimiz. Ammo keyingi paytda farzandlarimizning mohir hunarmandlar qo‘lida kasb-hunar o‘rganishiga yetarli e'tibor berilmayapti. Vaholanki, ustoz ko‘rgan o‘g‘il-qizlarimiz domlasiga munosib bo‘lishga intiladi, ularning ko‘magi bilan hayotda o‘z o‘rnini topadi. Shu bois, hududlarda «ustoz-shogird» an'anasini kuchaytirsak, o‘ylaymanki, nur ustiga nur bo‘ladi. Bu ishga jalb etiladigan hunarmand ustalarni Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan moddiy rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi», – deya ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid