TECH | 15:28 / 10.12.2025
2101
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Higgsfield AI asoschisi Aleks Mashrabovning ma’ruzasi bo‘lib o‘tadi

Ma’ruza mavzusi – generativ sun’iy intellekt istiqbollari va Markaziy Osiyoning bu sohadagi salohiyati bo‘ladi.

Foto: pivot.uz

Sun’iy intellekt asosida videoroliklar yaratish bilan shug‘ullanuvchi Higgsfield AI startapi asoschisi Aleks Mashrabov Toshkentda ma’ruza o‘tkazadi.

Marosim ALPHA Education markazi, «Yangi O‘zbekiston» universiteti va Stanbase hamkorligida tashkil etilmoqda. Uchrashuvning asosiy mavzusi – generativ sun’iy intellekt yo‘nalishidagi loyihalar rivoji, bu sohada dunyo bo‘ylab kuzatilayotgan tendensiyalar hamda Markaziy Osiyodan global bozor salohiyatiga ega startaplar bo‘ladi.

Ma’ruzada mintaqada qiymati 10 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan bo‘lajak dekakorn startap paydo bo‘lishi istiqbollari ham muhokama qilinadi.

Mashrabov asos solgan Higgsfield AI startapi Qozog‘istondagi ilk «yunikorn» korxona bo‘lib, oxirgi oylar davomida AQShdagi GenAI startaplar ichida yetakchi o‘rinlardan birini egallab kelmoqda. Bungacha Mashrabov Snap kompaniyasida generativ sun’iy intellekt bo‘yicha direktor lavozimida ishlagan.

Uchrashuv 11 dekabr kuni «Yangi O‘zbekiston» universitetining Toshkent metrosi «Hamid Olimjon» bekati yaqinidagi kampusida bo‘lib o‘tadi. Tadbir soat 17:30 da boshlanadi.

Ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish mazkur havola orqali amalga oshiriladi.

Ma’ruza ingliz tilida o‘tkaziladi. Ishtirok bepul, ammo o‘rinlar soni cheklangan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid