Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Muqaddas yerda nihoyat tinchlik tongi» – Trampning tashrifi, Misrdagi tinchlik sammiti va Hamas-Isroil almashinuvlari
13 oktyabr G‘azo uchun tarixiy, shu bilan birga tinchlikka eng yaqin kun bo‘ldi. AQSh vositachiligidagi urushni tugatish rejasi doirasida Hamas barcha tirik isroillik garovdagilarni ozod qildi, Isroil esa deyarli 2 ming nafar falastinlik hibsdagilarni qo‘yib yubordi. Shu kuni Yaqin Sharqqa kelgan Donald Tramp Isroil parlamentida nutq so‘zladi. Misrda G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasining keyingi bosqichlari muhokama qilindi — AQSh, Misr, Qatar va Turkiya sulh bitimining kafillari sifatida deklaratsiya imzoladi. Shu bilan birga, sulhning keyingi bosqichida noaniqliklar ko‘p.
13 oktabr kuni o‘tkazilgan garovdagilar va mahbuslarning yirik almashinuvi G‘azodagi ikki yillik urushni tugatish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Xususan, AQSh vositachiligida tuzilgan rejaning birinchi, hal qiluvchi bosqichi doirasida Hamas barcha tirik isroillik garovdagilarni, ya’ni 20 kishini qaytardi. Isroil esa deyarli 2 ming nafar falastinlik mahbus va hibsdagilarni ozod qildi.
Dushanba kungi almashinuv jarayoni 10 oktabr kuni kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish va dam olish kunlari G‘azoga kirgan humanitar yordamning ko‘payishi ortidan amalga oshdi.
Barcha narsa reja bo‘yicha ketmoqda. Faqat Hamas hozircha to‘rt nafar halok bo‘lgan garovdagining jasadini qaytarishini e’lon qildi. Chunki, sulh shartnomasida HAMAS va boshqa guruhlar barcha jasadlar joylashgan qabristonlarni belgilangan muddat ichida topa olmasligi tan olingan.
Isroil armiyasi jasadlarning shaxsini aniqlash uchun sud-tibbiy tekshiruvlar o‘tkazilishini bildirdi. G‘azoda yana 24 nafargacha garovdagilarning qoldiqlari saqlanayotganiga ishonilmoqda.
Kelishuvga binoan, Isroil ayblovlarsiz hibsda saqlangan 1 700 ga yaqin falastinlikni ozod etdi. Shuningdek, umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan 250 ga yaqin falastinlik mahbus ham ozod etildi. Ulardan qariyb 100 nafari bosib olingan G‘arbiy Sohilga qaytarildi. 154 kishi esa Misrga deportatsiya qilindi, oz qismi Sharqiy Quddusga qo‘yib yuborildi.
Ramallohda Qizil Xoch avtobuslaridan tushgan mahbuslar milliy kiyimlarda olomon olqishlari ostida kutib olindi. Ularning ko‘pchiligi uzoq yillik qamoq va bosqin azoblaridan charchagan, shu bilan birga tinchlik uchun umidvor edi.
Trampning Isroilga tashrifi
Shuni Isroilga kelgan AQSh prezidenti Donald Tramp bosh vazir Benyamin Netanyahu bilan uchrashdi. Shundan so‘ng, Knessetda 2008 yildan beri birinchi marta AQSh prezidenti sifatida chiqish qildi.
«Osmon tinch, qurollar jim, sirenalar to‘xtagan va muqaddas yerda nihoyat tinchlik quyoshi porlayapti. Isroilliklar va falastinliklar uchun uzoq cho‘zilgan dahshatli tun nihoyasiga yetdi», deya Trampning Isroil parlamentidagi nutqini keltirmoqda Reuters.
Parlament zalida ayrim deputatlar Trampni olqishladi. Nutq chog‘ida Isroildagi muxolifat a’zolaridan biri «Falastinni tan oling» deb yozilgan varaqni ko‘tarib chiqdi. Keyinroq u zaldan majburan olib chiqib ketildi.
Tramp G‘azo urushini yakunlovchi rejasini keng mintaqaviy tinchlikning boshlanishi sifatida ko‘rsatdi. U «Ibrohim kelishuvlari» doirasida ko‘proq davlatlar qo‘shilishini aytdi, hatto Eron va Isroil o‘rtasidagi tarixiy tinchlik bitimi haqida so‘z yuritib: «Bu ajoyib bo‘lmasmidi?» dedi Knessetda. Shuningdek, u Isroil prezidentidan korrupsiyadan ayblanayotgan Netanyahuni afv qilishni so‘radi.
Misrdagi sammit – aniq rejalar ochiqlanmadi
Isroildagi nutqini yakunlagan Donald Tramp Sharm ash-Shayxdagi sammitga uchib keldi. G‘azo sektoridagi urushni tugatish masalasiga bag‘ishlangan yuqori darajadagi sammitda AQSh, Qatar, Misr va Turkiya G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatish to‘g‘risida bitim imzoladi. Tramp uni «Isroil va Falastin o‘rtasida o‘nlab yillar davom etgan tinchlik izlanishlarida yirik burilish» deb atadi.
New York Times'ning yozishicha, imzolangan hujjat aslida nimalarni talab qilayotgani noma’lumligicha qoldi. Tramp imzo oldidan «Biz juda ko‘p qoidalar, tartiblar va boshqa masalalarni o‘z ichiga olgan keng qamrovli hujjatni imzolaymiz», dedi.
Shunga qaramay, u hujjatning mazmuni haqida hech qanday izoh bermadi, hatto ikki asosiy tomon – Isroil va Hamas nomini deyarli tilga olmadi. Ularning vakillari sammitda qatnashmadi. Imzo chekkan davlatlar – AQSh, Qatar, Misr va Turkiya o‘tgan haftada o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni mahbuslarga almashish kelishuvini vositachilik bilan ta’minlagan edi.
U Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad bilan bir stol atrofida o‘tirgan holda ularning tinchlik sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.
Saudiya Arabistoni va BAA rahbarlari sammitga kelmadi. Tramp yig‘ilish chog‘ida Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbosni iliq kutib oldi va u bilan uzoq suhbatlashdi. Abbos G‘azo boshqaruvida faol rol o‘ynash niyatida, biroq Isroil bunga qarshi.
Tramp imzolangan hujjatni yuqoriga ko‘targanida, zal qarsaklarga to‘ldi. Tramp ko‘targan sahifada — rahbarlar imzosidan yuqorida «umumiy tamoyillar deklaratsiyasi» yozilgani ko‘rinadi. Unda shunday deyiladi:
«Biz G‘azo sektorida keng qamrovli va barqaror tinchlik tartibotlarini o‘rnatish yo‘lidagi yutuqlarni, shuningdek Isroil va uning mintaqaviy qo‘shnilari o‘rtasida do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarning yo‘lga qo‘yilishini olqishlaymiz».
«Hujjatda yetakchilar «tinchlikni kelajak avlodlar uchun amalga oshirish va uni mustahkamlash yo‘lida birgalikda ishlash»ga va’da bergan. Ammo bu maqsadlarga qanday erishilishi haqida hech qanday aniqlik berilmagan. Natijada kuzatuvchilar o‘tgan oy Tramp e’lon qilgan G‘azoni tinchlikka olib keluvchi 20 bandlik reja haqida bilganlaridan ortiq ma’lumotga ega bo‘lishmadi», deb yozadi NYT.
Garchi mahbuslar va garovdagilar ozod qilingan bo‘lsada, muzokaraga qo‘yiladigan boshqa masalalar hamon hal etilmagan. Jumladan, Hamas Trampning «qurolsizlanish» talabi va G‘azo boshqaruvida kelajakda ishtirok etmaslik sharti bilan qachon va umuman rozi bo‘lishi noma’lum. Shuningdek, sulh qancha davom etishi ham aniq emas.
Tramp sammit ishtirokchilariga «bitim hozirgi paytda navbatdagi bosqichlarga o‘tayotgani»ni aytdi:
«Bu ayni damda ish jarayonida, biz hozir uchinchi va to‘rtinchi bosqichdamiz», — dedi u. Shuningdek, «bosqichlarni ijobiy tarzda navbatsiz o‘tkazishimiz mumkin,» deb izoh berdi. Ko‘plab noaniqliklarga qaramay, sammitda qatnashgan deyarli barcha rahbarlar Tramp va uning tinchlik tashabbusini maqtashdi.
Keyinroq, Oq uy «Barqaror tinchlik va farovonlik uchun Tramp deklaratsiyasi» nomli hujjatni e’lon qildi — u to‘liq versiya sifatida taqdim etilgan bo‘lsa-da, unda ham aniq bandlar yo‘q.
Misr prezidenti idorasi chiqargan sammit bo‘yicha bayonotga ko‘ra, hujjatda «tinchlik rejasining keyingi bosqichlarini amalga oshirish vosita va mexanizmlari yuzasidan maslahatlashuvlarni boshlash zarurligi» qayd etildi. Bu jarayon G‘azoni boshqarish, xavfsizlikni ta’minlash va qayta qurish masalalaridan boshlanib, siyosiy kelishuv yo‘nalishida yakun topishi kerak.
Ziddiyatli masalalar
Rejaga binoan, G‘azo avval vaqtinchalik falastinlik texnokratlardan iborat ma’muriy qo‘mita tomonidan boshqariladi. Bu qo‘mita Tramp boshchiligidagi «Tinchlik kengashi» nazorati ostida ishlaydi. Keyinchalik hokimiyat isloh qilinganidan so‘ng Falastin ma’muriyatiga topshiriladi.
Biroq keyingi bosqichlarga o‘tish uchun murakkab muzokaralar kutilmoqda.
Eng keskin masalalar orasida — Isroil qo‘shinlarini chiqarish jadvali, Hamasning qurolsizlanishi va G‘azoning kelajakdagi boshqaruv tizimi.
Hamas ilgari «Falastin davlati tuzilmas ekan, qurolsizlanmaymiz» degan pozitsiyasida turgan va G‘azoda xorijiy boshqaruv g‘oyasini rad etgan. Netanyahu esa Falastin ma’muriyatining kelajakda ishtirok etishiga qarshi chiqmoqda. Tinchlik bitimi bo‘yicha ikkinchi bosqich qachon boshlanishi haqida so‘ralganda, Tramp: «U allaqachon boshlandi», deb javob berdi. «Bosqichlar bir-biriga aralash holatda kechyapti», — dedi u.
Isroilning G‘azoga keng ko‘lamli urushi 2023 yil 7 oktyabrda Hamas janubiy Isroilga hujum qilganidan so‘ng boshlagan edi. Isroil tomoniga ko‘ra, o‘sha kuni 1 200 kishi halok bo‘lib, 251 kishi garovga olingan.
G‘azoda boshlangan Isroilning harbiy amaliyotlari natijasida 67 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan. Bu raqamlar BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan ishonchli deb tan olingan. BMT idoralari Isroilning harakatlarini genotsid, deb tan oldi. Bu davrda G‘azo deyarli vayronaga aylandi va sektorda ocharchilik boshlandi.
Mavzuga oid
14:06 / 21.12.2025
AQSh harbiylari Venesuela sohillari yaqinida yana bir neft tankerini qo‘lga oldi
23:40 / 20.12.2025
Netanyahu Tramp bilan Eronga yana hujum qilish masalasini muhokama qilmoqchi
15:41 / 20.12.2025
Isroil sulhga qaramay G‘azodagi boshpanaga hujum uyushtirdi: kamida 6 kishi halok bo‘ldi
08:45 / 19.12.2025