O‘zbekiston yo‘llarida yuk mashinalariga mo‘ljallangan tarozilar o‘rnatiladi
O‘zbekistonda, xalqaro tajribadan kelib chiqib, xususiy sheriklik asosida yuk mashinalari vaznini o‘lchaydigan nazorat tarozilarini o‘rnatish boshlanadi. Prezident tarozilardan foyda olish uchun emas, yo‘llar sifatini saqlash va YTHlarning oldini olish maqsadida foydalanish kerakligini aytdi. Yo‘lsozlik borasidagi boshqa choralar ham belgilandi.
Hududlarda o‘tkazilgan so‘rovlarda aholi ichki yo‘llarning holati va sifatini dolzarb muammolardan biri sifatida ko‘rsatgan. Bu haqda 12 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida yo‘l xo‘jaligi sohasini isloh qilish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda aytib o‘tildi.
Yo‘llarda tarozilar paydo bo‘ladi
Yig‘ilishda aytilishicha, yo‘llarni monitoring qilishning avtomatlashgan tizimi yo‘qligi sababli qaysi yo‘ldan qanday hajmda yuk o‘tayotgani haqida aniq ma’lumot yo‘q.
Xalqaro tajribada yuk transportlari vaznini o‘lchaydigan nazorat tarozilarini o‘rnatish amaliyotidan keng foydalaniladi. Shundan kelib chiqib, bunday tarozilarni mamlakatimizda ham xususiy sheriklik asosida o‘rnatish taklif qilinmoqda.
Davlat rahbari tarozilardan foyda olish uchun emas, aksincha, yo‘llar sifatini ta’minlash hamda yo‘l-transport hodisalarini oldini olish maqsadida foydalanish lozimligini ta’kidladi.
Yangi usulga o‘tiladi
Davlat rahbari yo‘l qurilishida “resurs” usulidan “hajm” usuliga o‘tish, “FIDIK” standartlarini joriy etish takliflarini qo‘llab-quvvatladi.
Misol uchun, loyihaning texnik topshirig‘i hozirda “resurs” usuliga asoslangan. Bunda 1 kilometr yo‘l qurish uchun qancha ishchi kerak, qancha yoqilg‘i va nechta texnika ishlatiladi, texnikaning turi qanaqa bo‘lishi kerak, degan yuzlab shartlar kiritilgan.
“Oqibatda texnik nazoratchilar asosiy vaqtini yo‘lning sifatini tekshirishga emas, pudratchining hujjatlarini o‘rganishga sarflaydi. Natija hammaga ma’lum.
Aslida, davlat yo‘lning o‘ziga talabni belgilab, uni sifatli qabul qilishi kerak. Marhamat, pudratchi yo‘lni qanday texnika bilan qurishini o‘zi hal qilsin. “Hajm” usulining mazmuni ham shu”, – dedi prezident.
Loyihalash va javobgarlik
Yig‘ilishda ajratilayotgan mablag‘lardan samarali foydalanish orqali loyihalar qiymatini kamida 20-30 foizga qisqartirish mumkinligi aytildi.
Yo‘llarni loyihalash me’yorlarini takomillashtirish zarurligi qayd etildi. Kichik, o‘rta va katta yo‘llar uchun ham, shuningdek, vohadagi yo‘llar bilan vodiydagi yo‘llar uchun ham bir xil “shablon” loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Ta’kidlanishicha, endilikda yo‘llarni loyihalashtirishda kompleks yondashuv bo‘ladi. Ya’ni, qayerda to‘xtash joyi bo‘ladi, qayerda daraxt ekiladi, yoqilg‘i quyish shoxobchasi, texnik va maishiy xizmat ko‘rsatish obektlari qayerda joylashadi, degan savollarga loyihaning o‘zida to‘liq javob bo‘lishi kerak. Shundan keyingina loyiha qabul qilinadi.
Hokimlar va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining yo‘llar uchun javobgarlik sohasini aniq chegaralash zarurligi ham aytildi.
Davlat-xususiy sheriklik
Hisob-kitoblarga ko‘ra, yo‘llarni normal holda ushlab turish uchun yiliga kamida 15 trillion so‘m mablag‘ kerak bo‘ladi.
“Bir narsani tushunib olish zarur. Hatto eng rivojlangan mamlakatlarda ham yo‘llarni qurish yoki ta’mirlash to‘liq davlat hisobidan amalga oshirilmaydi. Shuning uchun biz ham bu ishlarga xususiy sheriklarni faol jalb qilishimiz shart”, – dedi prezident.
Misol uchun, Yevropa Ittifoqida yo‘l xo‘jaligi sohasida xususiy sheriklik asosida so‘nggi 10 yilda 120 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilgan. Bizda esa bu boradagi ishlar sustligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yo‘l sohasidagi xususiy sheriklik loyihalarida investorlarga qo‘yiladigan shartlar va davlatning majburiyatlarini aniq belgilash zarurligi qayd etildi.
Obodonlashtirish boshqarmalariga – maxsus texnikalar
Shaharlarda yo‘llarni saqlash, qishki qarov va ko‘kalamzorlashtirish vazifalari obodonlashtirish idoralari zimmasida. Bu vazifalarni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun shahar obodonlashtirish boshqarmalarini maxsus texnikalar bilan jihozlash lozimligi ta’kidlandi.
Yo‘l bo‘yida daraxt ekish ishlarini hududlarning tabiiy-iqlim sharoitlarini hisobga olib tashkil etish, ekilgan daraxtlarni sifatli parvarish qilish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yo‘l sohasida kadrlar salohiyatini mustahkamlash, zamonaviy texnikalarni boshqara oladigan mutaxassislarni tayyorlash muhimligi ta’kidlandi.
Vazirlar Mahkamasi, Transport vazirligi, “Avtoyo‘l” qo‘mitasiga avtomobil yo‘llari sohasini rivojlantirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi. Loyihada yo‘l va ko‘priklarni qurish va ta’mirlash bo‘yicha uch yillik tumanbay dasturini, yo‘l korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish va moddiy-texnik bazasini yaxshilashni, yo‘llarni saqlash ishlarining bir qismini xususiy sektorga o‘tkazishni nazarda tutish vazifasi qo‘yildi.
Oxirgi 6 yildagi natijalar
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi 6 yilda yo‘llarni qurish va ta’mirlashga ajratilayotgan mablag‘lar 3 karra oshdi. O‘tgan davrda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibidagi korxonalarga 2 mingdan ziyod yangi maxsus texnikalar xarid qilindi. Buning hisobiga 65 ming kilometr yo‘llar qurildi va ta’mirlandi.
O‘tgan yildan “Mening yo‘lim” loyihasi ishga tushdi va ilk bor aholi takliflari asosida ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash tizimi joriy qilindi.
Shu yilning o‘zida 470 ta mahallada ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash ishlariga 410 milliard so‘m yo‘naltirildi. 3 mingga yaqin mahalla yo‘llariga ilk bor asfalt yotqizildi, yana 2 mingta mahalladagi tuproq yo‘llar shag‘al qoplamaga o‘tkazildi.
Mavzuga oid
09:45 / 18.12.2024
Yo‘lga noqonuniy to‘siqlarni o‘rnatganlik uchun javobgarlik belgilanyapti
11:56 / 06.11.2024
Inson matonati: 22 yil davomida tog‘ni yo‘nib yo‘l ochgan odam
14:30 / 02.11.2024
DXSh loyihalarini amalga oshirish tartibi tasdiqlandi
21:17 / 25.10.2024