23:58 / 28.02.2021
21897

Myanmada qonli yakshanba: 18 kishi halok bo‘ldi, BMT jahon davlatlarini generallarga bosim o‘tkazishga chaqirdi

Yakshanba kuni Myanma politsiyasi mamlakatda to‘ntarish yo‘li bilan hokimiyatni qo‘lga olgan harbiylar hukumatiga qarshi chiqayotgan namoyishchilarga qarshi jangovar patronlar bilan o‘t ocha boshladi. Xabarlarga ko‘ra, namoyishchilardan kamida 18 kishi halok bo‘lgan, 30dan ortiq kishi yaralangan. BMT bosh kotibi Antoniu Guterresh harbiylarni zudlik bilan qon to‘kishni to‘xtatishga chaqirdi

Foto: Reuters

Dam olish kunlarida Myanmaning ko‘plab shaharlarida yirik namoyishlar bo‘lib o‘tdi. BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari ma'lumotiga ko‘ra, namoyishlar vaqtida kamida 18 kishi halok bo‘lgani tasdiqlangan. Eng yirik namoyishlar Yangon, Tavoy va Mandalay shaharlarida bo‘lib o‘tgan.  Shu tariqa, harbiy davlat to‘ntarish ro‘y bergan 1 fevralan buyon oy oxiridagi yakshanba eng qonli kunga aylandi.

Politsiyachilar o‘qotar qurollardan tashqari, rezina o‘qlar va ko‘zdan yosh sizdiruvchi gazdan foydalangan.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterresh harbiylarning harakatlarini keskin qoralab chiqdi va jahon hamjamiyatini generallarga bosim o‘tkazishga chaqirdi..

«BMT bosh kotibi Myanmadagi shafqatsiz qatag‘onni qat'iy qoralab, o‘lim holatlari va jiddiy jarohatlanganlar soni oshayotganidan chuqur tashvishdaligini bildirdi. Tinch namoyishchilarga jangovar qurol qo‘llash va asossiz qo‘lga olishlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», deyiladi BMT bayonotida.

«Bosh kotib jahon hamjamiyatini birlashishga va harbiylarga Myanmadagi inson huquqlariga rioya etishi, xalqning saylovlarda bildirgan ishonchini hurmat qilishi va qatag‘onni tugatishi zarurligi haqida aniq signal yuborishga chaqiradi», deya qayd etgan BMT vakili.

«Hech qanday ogohlantirish bo‘lmadi»

«Frans press» agentligi xabar berishicha, Tavoyda politsiyachilar namoyishchilarga o‘qotar qurollardan o‘t ochishi oqibatida kamida uch kishi halok bo‘ldi.

«Biz yig‘ilishimiz bilanoq politsiya o‘q otishni boshladi. Hech qanday ogohlantirish bo‘lmadi. Ayrimlar jarohatandi, ayrim o‘qituvchilar uylar orasida yashirindi», deydi Yangondagi namoyishlarga chiqqan o‘qituvchilardan biri «Frans press» muxbiriga.

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim foydalanuvchilarning yozishicha, kun davomidagi qurbonlar soni 20dan oshiq bo‘ldi, ammo bu ma'lumot tasdiqlanmagan.

«Bizni tiz cho‘ktira olishmaydi»
Ayrim namoyishchilar shiorlar aytib, qo‘shiqlar kuylashmoqda, qolganlar ko‘chalarda barrikadalar o‘rnatishmoqda. «Agar ular bizga qarshi kelishsa, biz qo‘zg‘alamiz. Agar bizga hujum qilishsa, himoyalanamiz. Bizni harbiylarning etiklari ostida tiz cho‘ktira olishmaydi», deya namoyishchilardan birining so‘zlarini keltiradi Reuters.

Politsiyachilar Myanmadagi ikkinchi eng yirik shahar Mandalayda, shuningdek, Lasho va Pegu shaharlarida namoyishchilarga qarshi qurol qo‘llagan.

Myanma bo‘ylab norozilik namoyishchilari shanba kuni ham o‘tkazildi, shu kuni ham namoyishlar ko‘zdan yosh sizdiruvchi gazlar va shovqinli granatalar orqali tarqatilgan, politsiya havoga ogohlantiruvchi o‘qlar uzgan. Myanma davlat televideniyesi ma'lumotiga ko‘ra, shanba kuni mobaynida jami 470dan ortiq kishi hibs qilingan.

Myanmaning fuqarolik hukumati ag‘darilishiga qarshi namoyishlar fevral oyi boshidan buyon tinmayapti, 1 fevral kuni harbiylar poytaxt ko‘chalariga askarlarni kiritib, yangi saylangan parlamentning ilk sessiyasi o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilishgandi. Armiya mamlakatning oldingi rahbarlari, shu jumladan, amaldagi yetakchi Aung San Suu Ki va prezident Vin Minni uy qamog‘iga tashlagan, mamlakatda bir yil muddatga favqulodda holat joriy etilgan. Bundan tashqari, yirik shaharlarda kechki soat 8dan ertalabki soat 4gacha komendantlik soati joriy qilingan.

Avvaliga politsiyachilar namoyishchilarni tarqatish uchun faqat ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va rezina o‘qlardan foydalanayotgandi, ammo so‘nggi hafta davomida ayrim holatlarda o‘qotar qurol ham qo‘llanishi kuzatildi.

Yangondagi to‘qnashuvlarda jarohatlangan namoyishchilardan biri / Reuters

Bir hafta muqaddam Myanmadagi namoyishlarning ilk qurboni - 20 yoshli qiz dafn etildi, ko‘p o‘tmay yana ikki namoyishchi o‘qqa uchib halok bo‘ldi. Reuters agentligi shu kungacha Myanmadagi namoyishlar vaqtida halok bo‘lganlar soni 5tani tashkil qilganini ma'lum qilgan. Mamlakat armiyasi ma'lumotiga ko‘ra, to‘qnashuvlar vaqtida bir politsiyachi ham halok bo‘lgan.

Muxolifat aholini harbiylarni hokimiyatdan chetlatish va Aung San Su Kini va «Demokratiya uchun milliy liga» rahbariyatini ozod etish talabi bilan umummilliy ish tashlashlar o‘tkazishga chaqirmoqda.

Su Ki ayni vaqtda uy qamog‘ida, uni chegaradan noqonuniy ravishda ratsiya o‘tkazish, uni saqlash va foydalanish orqali import to‘g‘risidagi qonuni buzishda, shuningdek, favqulodda vaziyatlar to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda ayblanmoqda.

Myanma armiyasi yangi parlament saylovlari o‘tkazishni va'da qilmoqda, shu bilan birga, «Demokratiya uchun milliy liga» partiyasi g‘olib bo‘lgan avvalgi saylovlar natijasi soxtalashtirilganini aytmoqda. Shu bilan birga, ular o‘z ayblovlari uchun hech qanday dalil keltirishmagan va yangi saylovlar sanasini ma'lum qilishmagan.

BMT elchisining haydalishi
Shanba kuni harbiy hukumat qarori bilan BMTning Myanmadagi elchisi Jo Mo Tun ishdan bo‘shatilgani ma'lum qilindi. Buning sababi diplomatning «harbiy boshqaruvni tugatish uchun istalgan vositadan foydalanish»ga chaqirig‘i bo‘lgan. Davlat televideniyesida aytilishicha, Jo Mo Tun «mamlakatni sotgan», shuningdek, «elchi sifatidagi vakolatlarini suiiste'mol qilgan».

Mandalaydagi namoyishchilar / EPA

Diplomat Reuters bilan suhbatda o‘z e'tiqodidan voz kechmasligini bildirgan. «Men kuchim yetgan qadar kurashishga qaror qilganman», degan u.

Myanma 1962 yildan 2011 yilga qadar harbiy rejim boshqaruvida bo‘lgan. 1988 yilda harbiylarga qarshi namoyishlar qonga botirilgan - o‘shanda 3 mingdan ortiq kishi o‘ldirilgan, 2007 yilgi namoyishlarda esa 30 nafar namoyishchi halok bo‘lgan.

2011 yilda harbiylar xalqaro hamjamiyat bosimi ostida bosqichma-bosqich demokratiyaga o‘tish jarayoni boshlanishini ma'lum qilishdi, ammo ular parlamentdagi o‘rinlarning 25 foizini o‘zlari uchun kafolatlashdi, shuningdek, kuchishlatar tuzilmalar ustidan nazorat harbiylarda qoldi.

Shundan keyin o‘tkazilgan barcha saylovlarda Aung San Suu Kining partiyasi g‘alaba qozonib keladi, u 30 yilga yaqin vaqt davomida demokratiya uchun kurash yetakchisi bo‘lgandi.

O‘tgan yil noyabrida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida Aung San Suu Kining partiyasi - «Demokratiya uchun milliy liga» mutlaq g‘alabaga erishadi va hukumatni mustaqil shakllantirish huquqiga ega bo‘ladi. 1 fevral kuni yangi parlamentariylarning ilk yig‘ilishida yangi hukumat shakllantirilishi rejalashtirilgandi, ammo bu yig‘ilish bo‘lib o‘tmadi.

Mavzu
Myanmada harbiylar isyoni
1 fevral kuni Myanmada harbiylar mamlakatning amaldagi rahbari Aung San Suu Kyini hibsga olib, hokimiyat armiya bosh qo‘mondoni Min Auing Hlaingga o‘tganini, bir yil davomida favqulodda holat rejimi amalda bo‘lishini e’lon qilishdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top