Jahon | 21:57 / 31.01.2021
19620
8 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi vaziyat: YeI va Britaniya o‘rtasida «vaksina urushi», Fransiya chegaralari yopildi, Argentinada boylarga soliq

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti badavlat davlatlarni qashshoq mamlakatlar haqida o‘ylashga va vaksina tufayli bahslashishni to‘xtatishga chaqirdi. Argentinaning eng boy odamlariga pandemiya tufayli soliq solindi. Fransiya Yevropadan tashqarida keluvchilar uchun chegaralarini yopdi.

Foto: EPA/Vostock-photo

BBC dunyoda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat haqidagi xabarlarni kunlik obzorida jamladi.

Jons Hopkins Universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, butun dunyoda Covid-19 bilan kasallanganlar soni 103 milliondan oshgan, 2,2 milliondan oshiq kishi halok bo‘lgan.

JSST «vaksina millatchiligi»ga qarshi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti juma kuni Yevropa Ittifoqi tomonidan joriy qilingan vaksinalar eksportini nazorat qilish bo‘yicha sxemani tanqid qildi.

AstraZeneca kompaniyasi Yevropa Ittifoqi bilan shartnoma bo‘yicha va'da qilingan vaksinalarning 60 foizi yetkazib berilishi to‘xtab qolgani haqida ma'lum qilgach, YeI eksport nazoratini joriy etishga qaror qildi. Avvalroq YeI kompaniyani Britaniya uchun mo‘ljallangan vaksinalarining bir qismini Yevropa Ittifoqiga yo‘naltirishga chaqirgandi. Britaniyada esa bu chaqiriqni g‘azab bilan qarshilashdi, kompaniya ham Britaniya bilan shartnoma uch oy muqaddam imzolangani tufayli YeIning bu taklifini rad etdi. Bundan tashqari, Britaniyada koronavirus bilan bog‘liq vaziyat Yevropaning boshqa qismlaridagiga qaraganda yomonroq.

JSST rahbari Tedros Adanom Gebreisus Davos sammitidagi chiqishida YeI va Britaniyaning harakatlarini «vaksina millatchiligi» deb atadi, bu faqat pandemiyani uzaytirishi va boy hamda qashshoq mamlakatlar o‘rtasidagi tafovutni yanada kuchaytirishini aytib o‘tdi.

JSSTning boshqa bir vakili, favqulodda vaziyatlar bo‘yicha dastur rahbari Maykl Rayan ham boy xalqlarni yaqin orada vaksina yetib bormaydigan qashshoq davlatlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. «Bu xuddi katta pirog uchun talashishga o‘xshaydi, bu vaqtda boshqalarga urvoq ham yo‘q», degan Rayan.

YeI joriy etgan eksport nazorati sxemasiga ko‘ra, ma'lum hududdagi vaksina ishlab chiqaruvchisi o‘sha hudud hukumatidan o‘z mahsulotini xorijga eksport qilish uchun ruxsat so‘rashi kerak bo‘ladi.

Agar kompaniya YeI davlatlari uchun ajratilgan vaksinasini yetkazib bermagan bo‘lsa, YeI kompaniyaga ruxsat bermasligi mumkin.

Nafaqat AstraZeneca, balki Pfizer ham Belgiyadagi zavodida ish hajmini kengaytirish uchun qurilish ishlari olib borilayotgani tufayli YeI uchun vaksinalar yetkazib berishni vaqtincha qisqartirishi haqida e'lon qilgandi.

Nazorat jami 100 davlatga eksportni, shu jumladan, Buyuk Britaniya, AQSh va Avstraliya qamrab oladi. Bu ro‘yxatdan ko‘plab rivojlanayotgan davlatlar, jumladan, Covax dasturi bo‘yicha bepul vaksina yetkazib beriladigan davlatlar o‘rin olmagan.

Novavax vaksinasi

Britaniyada o‘tkazilgan klinik sinovlarning uchinchi bosqichi yakunlariga ko‘ra, Amerikaning Novavax biotexnologik kompaniyasi vaksinasining samaradorlik darajasi 89,3 foizni tashkil etdi.

2020 yil iyulida Novavax AQSh hukumati klinik sinovlar o‘tkazish uchun unga 1,6 milliard dollar ajratganini ma'lum qilgan, bir oydan keyin esa tadqiqotlarning ikkita bosqichi muvaffaqiyatli o‘tgani e'lon qilingan edi.

Yakuniy bosqichda 18 yoshdan 84 yoshgacha bo‘lgan 15 mingdan ortiq kishi qatnashgan, 65 yoshdan kattalar 27 foizni tashkil etgan.

Ammo boshqa sinovlar Novavax Janubiy Afrikada aniqlangan koronavirusning yangi shtammidan ishonchli darajada himoyalay olmasligini ko‘rsatgan. Ushbu hududda o‘tkazilgan sinovlarda vaksina faqat 60 foizlik samaradorlik qayd etgan.

Avvalroq Pfizer va Moderna kompaniyalari o‘z vaksinalari yangi shtammga qarshi yuqori samaradorlikka egaligi haqida ma'lum qilgandi.

Novavax bilan emlash ikki bosqichda o‘tkaziladi. Bu vaksina bozordagi boshqa vaksinalardan farqliroq ishlaydi. Ammo u ham immunitetni o‘limvor virusni aniqlash va unga qarshi kurashishga o‘rgatadi.

Buyuk Britaniya Angliya shimoli-sharqida tayyorlanayotgan ushbu vaksinaga 60 mln doza buyurtma bergan.

Hukumatning ma'lum qilishicha, agar yangi preparat Britaniya regulyatori tomonidan muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilsa, Birlashgan Qirollik aholisi bu vaksinani yilning ikkinchi yarmidan qabul qila boshlaydi.

Hozircha Buyuk Britaniyada koronavirusga qarshi uchta vaksinadan foydalanishga ruxsat berilgan: Oksford universiteti va AstraZeneca firmasi vaksinasi, Pfizer va BioNTech kompaniyalari vaksinasi hamda Moderna kompaniyasi vaksinasi.

Fransiya lokdaun joriy etmaydi, ammo chegaralar yopiladi
Fransiya YeIdan tashqaridagi davlatlardan keluvchilar uchun chegaralarini yopadi. Bu qoida yuk mashinalar haydovchilari va boshqa zaruratlar bilan keluvchilar uchun taalluqli bo‘lmaydi.

Juma kuni mamlakat bosh vaziri Jan Kasteks umummilliy karantin joriy etilmasligini ma'lum qildi, bungacha yangi shtamm tufayli vaziyat yomonlashgani tufayli shunday ehtimol yuzaga kelgandi.

Lokdaundan qochish uchun hukumat mamlakatga kirishni chekladi, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari sotilmaydigan yirik savdo markazlarini yopdi. Bosh vazir telemurojaatida politsiya qoidalarni buzganlarni, ayniqsa noqonuniy ziyofatlar tashkilotchilari va komendantlik soati vaqtida ham ishlashda davom etadigan restoranlarni ayovsiz jarimaga tortishi haqida ma'lum qildi.

Hozirda Fransiyada restoranlar va boshqa xizmat ko‘rsatish binolari soat 18:00dan soat 6:00gacha ishlamaydi, YeIning boshqa mamlakatlaridan keluvchilar so‘nggi 72 soat ichida olingan PsR-testning manfiy namunasini ko‘rsatishi kerak bo‘ladi.

Juma kuni Fransiyada 820 kishi koronavirusdan vafot etgandi. Pandemiya vaqtida qayd etilgan jami o‘limlar soni 76 mingga yaqinlashmoqda. Ayni vaqtda shifoxonalarda 27 mingdan ortiq bemor koronavirus tashxisi bilan davolanmoqda, shundan uch mingdan ortiq kishi jonlantirish bo‘limlariga yotqizilgan.

Argentinada boylar uchun soliq
Argentinada mamlakatning eng badavlat odamlari uchun bir martalik soliq joriy etildi. Bu yig‘im yordamida hukumat sog‘liqni saqlash tizimini, shuningdek, pandemiya tufayli halokat yoqasiga kelib qolgan ishlab chiqarish korxonalarini qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan.

Hisobida 200 million pesodan ( 2,3 mln dollar) ortiq mablag‘ bo‘lgan fuqarolar davlat xazinasiga Argentinada deklaratsiya qilingan mablag‘ining 3 foizi, mamlakatdan tashqarida deklaratsiya qilingan mablag‘ining 5 foizi miqdorida o‘tkazib beradi. Bu soliq taxminan 12 ming fuqaroga taalluqli bo‘lib, hukumat bu fuqarolardan jami 3 mlrd dollar yig‘ishni rejalashtirgan.

Bu pullarning bir qismi ijtimoiy yordam va ta'lim grantlariga ham yo‘naltiriladi.

Dekabrda shu haqdagi qonun loyihasiga 42 senator ovoz bergan, 26 kishi qarshi chiqqandi. Muxolifat bu soliqni tanqid qilib, uni mulkni musodara qilishga tenglashtirgan.

Ammo hukumat bu qadam aholining kam ta'minlangan qatlamiga katta zarba bergan pandemiyaga qarshi kurashda juda muhimligini ta'kidlamoqda. Argentinaliklarning qariyb 40 foizi qashshoqlikda yashamoqda, ishsizlik darajasi 11 foizni tashkil etadi.

Rivojlanayotgan davlatlardagi qashshoqlikka qarshi kurashish bilan shug‘ullanuvchi Oxfam xalqaro xayriya tashkiloti o‘z hisobotida Argentina hukumati qarorini olqishlagan.

Koronavirusni boshdan kechirganlarda ruhiy muammolar
Yarim yil avval Covid-19’ga chalinib tuzalganlarning har sakkizinchisi nevrologik yoki psixik kasalliklar, jumladan demensiyani boshdan kechirmoqda. Oksford universiteti mutaxassislari shunday xulosaga kelishgan.

Tadqiqotchilar koronavirusni boshdan kechirgan 235 mingdan ortiq amerikaliklarning tibbiy ma'lumotlarini o‘rganishgan.

Shifoxonalarda ushbu kasallik bilan yotib chiqqan bemorlar ruhiy muammolar qarshisida ojiz qolishi ma'lum bo‘lgan, shu bilan birga, koronavirusni uyda o‘tkazganlar ham depressiya va insult kabi kasalliklarga moyil bo‘lib qolishgan.

Tadqiqot natijalari hali ekspertlar baholashidan o‘tmagan, ammo mualliflar koronavirus ruhiy sog‘likka jiddiy zarba berishini ta'kidlashmoqda. Bu oqibatlar naqadar o‘nglanmas bo‘lib chiqishi keyingi tadqiqotlarda o‘rganiladi.

Mavzuga oid