O‘zbekiston | 11:10 / 14.12.2018
8810
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida Rossiya bilan qo‘shma fakultet tashkil etiladi

Foto: titli.uz

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti tarkibida O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma “To‘qimachilik va matbaa texnologiyalar” fakultetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti tarkibida Rossiya Federatsiyasining A.N. Kosigin nomidagi Rossiya davlat universiteti, Ivanovo davlat politexnika universiteti, Kostroma davlat universiteti bilan hamkorlikdagi O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma “To‘qimachilik va matbaa texnologiyalar” fakultetini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

Quyidagilar fakultet faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

respublika iqtisodiyotining real sektori tarmoqlari uchun muhim ilmiy-texnik vazifalarni hal qilishga qodir bo‘lgan to‘qimachilik, yengil sanoat, charm-mo‘yna va matbaa sohalariga oid muhandislik texnologiyasi, kompyuter ilmlari, texnologiyalar menedjmenti, ekotexnologiya, innovatika va smarttexnologiyasi bo‘yicha bakalavr va magistr darajasidagi malakali kadrlarni, ilmiy, ilmiy-pedagogik kadrlarni xalqaro ta'lim standartlari darajasida tayyorlash;

to‘qimachilik, yengil sanoat, charm-mo‘yna va matbaa sohalariga oid muhandislik texnologiyasi, kompyuter ilmlari, texnologiyalar menedjmenti, ekotexnologiya, innovatika va smarttexnologiyasi hamda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlar olib borish;

malakali va ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini ilm-fan va ishlab chiqarishning uzviyligi hamda uzluksizligi, shuningdek, jahon ta'lim va ilmiy hamjamiyatiga integratsiyalashish asosida rivojlantirish;

Institut talabalari, magistrantlari, doktorantlari va professor-o‘qituvchilari bilan integratsiyalashgan dasturlar asosida o‘zaro almashuvlarni yo‘lga qo‘yish;

ta'lim va ilmiy-texnik sohalarda hamkor xorij universitetlarning yetakchi olimlarini, professor-o‘qituvchilarini fakultetning ta'lim va ilmiy-tadqiqot jarayonlariga muntazam ravishda jalb etish;

manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy sohada hamkorlik ishlariga ko‘maklashish;

magistrantlar, doktorantlar va professor-o‘qituvchilarning ilmiy va pedagogik salohiyatini yuksaltirishni hamkor xorij universitetlar bazasida ilmiy stajirovka va malaka oshirish mexanizmlari orqali amalga oshirish;

oliy ta'limning o‘zaro manfaatdor yo‘nalishlari bo‘yicha akademik mobillikni va parallel ta'lim olishni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish;

hamkorlikda ilmiy-amaliy simpozium, seminar, konferensiyalarni tashkil etish, ilmiy grant loyihalari va ta'lim dasturlarini tashkil etish;

Institut va hamkor xorij universitetlarning professor-o‘qituvchilarining ilmiy rahbarliklarida magistrlik va doktorlik dissertatsiya ishlarini tayyorlash;

ta'lim va ilmiy-texnik sohalarda xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta'lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, ishlab chiqarish tarmoqlari hamda biznes-hamjamiyatlari bilan uzoq muddatli aloqalarni o‘rnatish, rivojlantirish va mustahkamlash.

Belgilab qo‘yilishicha:

fakultet kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olgan holda ta'limning asosiy yo‘nalish (mutaxassislik)lari bo‘yicha bakalavr va magistrlar, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshiradigan, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi;

fakultetda talabalarni o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida rus va ingliz tillarida, kunduzgi ta'lim shaklida O‘zbekiston Respublikasi davlat ta'lim standartlari talablarini inobatga olingan holda hamkor xorij universitetlarda qabul qilingan ta'lim standartlari, integrallashgan o‘quv rejalari va dasturlari asosida amalga oshiriladi;

fakultetga abituriyentlarni talabalikka qabul qilish va fakultet bitiruvchilarining attestatsiyasi hamkor xorij universitetlarda belgilangan tartib, talab va muddatlarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;

fakultetda bakalavr ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab qabul kvotasi mavjud talab va ehtiyojdan kelib chiqib, Institut va hamkor xorij universitetlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Iqtisodiyot vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi;

fakultetda o‘qish uchun to‘lov-kontrakt summasi bazaviy to‘lov-kontrakt summasidan kam bo‘lmagan miqdorda Institut va hamkor xorij universitetlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadi;

fakultetning bakalavriat va magistratura talabalari, mos ravishda ta'limning kamida 4 ta yoki 2 ta semestrini hamkor xorij universitetlarida o‘qiydi hamda mazkur davrda o‘qish bilan bog‘liq xarajatlar talabalar tomonidan o‘qitish joyida to‘lanadi;

fakultet bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasi hamda Rossiya Federatsiyasida oliy ta'lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan, o‘zaro kelishuv asosida belgilangan namunadagi ikki tomonlama tan olinadigan Institut va hamkor xorij universitetlar diplomi beriladi;

fakultet faoliyatini moliyalashtirish talabalarning to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, tegishli shartnomalar asosida manfaatdor tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan grantlar, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
fakultetda ta'lim oladigan talabalar tomonidan o‘qishni mazkur va respublikaning boshqa oliy ta'lim muassasalari ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklariga ko‘chirilishiga hamda tiklanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mavzuga oid