Jamiyat | 19:47 / 25.06.2020
16094
11 daqiqa o‘qiladi

Prezident akademik Bekjon Toshmuhamedov vafoti munosabati bilan ta'ziya bildirdi

Bugun O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, mamlakatda biofizika faniga asos solgan yetuk olim, yozuvchi Oybekning farzandi bo‘lgan Bekjon Toshmuhammedov 85 yoshida olamdan o‘tdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Senat raisi Tanzila Norboyeva, Qonunchilik palatasi spikeri N.Ismoilov, bosh vazir Abdulla Aripov va bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev akademik vafoti munosabati bilan ta'ziya bildirdi.

«O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi.

Taniqli olim, biofizika fanining O‘zbekistondagi asoschilaridan biri, akademik Bekjon Toshmuhamedov 85 yoshida vafot etdi.

Bekjon Toshmuhamedov 1935 yil 27 yanvarda Toshkent shahrida tug‘ildi. 1958 yili Moskva davlat universiteti va uning aspiranturasida tahsil oldi. 1962 yili  nomzodlik, 1971 yili doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1987 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a'zosi etib saylandi.

Mehnat faoliyatini 1962 yili Toshkent davlat universitetida (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) kichik ilmiy xodim sifatida boshladi. O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti, kafedra mudiri, Fanlar akademiyasi Fiziologiya va biofizika instituti direktori, Respublika Oliy attestatsiya komissiyasi raisi, Fanlar akademiyasi Prezidiumi Biologiya fanlari bo‘limi raisi, Biokimyo instituti biofizika laboratoriyasi mudiri, O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Biofizika va biokimyo instituti bosh ilmiy xodimi lavozimlarida samarali xizmat qildi.  

B.Toshmuhamedov biofizika, hujayra fiziologiyasi va tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha yirik tadqiqotchi sifatida tanilgan olim edi. Uning biofizika maktabini dunyoga tanitishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan dolzarb mavzulardagi ilmiy maqola va tadqiqotlari, risola va monografiyalari yurtimiz va chet el ilmiy jamoatchiligi o‘rtasida e'tibor qozondi.

Olim hujayra membranasiga ta'sir qiluvchi faol moddalarning tadqiqoti bo‘yicha O‘zbekistonda ilmiy markaz yaratdi. Xalqaro miqyosda keng e'tirof etilgan ushbu markazning biofizika laboratoriyalarida Xitoy, Koreya Respublikasi, Hindiston, Arab mamlakatlari, Polsha va boshqa davlatlardan izlanuvchilar kelib tadqiqot ishlarini amalga oshirdilar.

B.Toshmuhamedov AQSh, Angliya, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya, Daniya kabi mamlakatlarning bir necha xalqaro ilmiy markaz va akademiyalarining faxriy a'zosi edi.

Jonkuyar olim ko‘plab iste'dodli yoshlarga ustozlik qildi. Uning rahbarligida o‘nlab fan doktorlari va fan nomzodlari yetishib chiqdi.

Akademik B.Toshmuhamedovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U Beruniy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotiga va «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi» unvoniga sazovor bo‘lgan edi.

Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Bekjon Toshmuhamedovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi», deyiladi prezident matbuot xizmati tomonidan keltirilgan ta'ziya matnida.

Ustoz murabbiy so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tashabbusi bilan 2018 yil ochilgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Biofizika va biokimyo institutida Bosh ilmiy xodim lavozimida  faoliyat olib borayotgandi.

Kun.uz 2019 yil oktyabrida akademik bilan intervyu uyushtirgandi. Quyida o‘sha intervyu to‘liq holda keltiriladi.

- Intervyu berishga rozi bo‘lganingiz uchun tashakkur. Avvalo, O‘zbekistondagi vaziyat, O‘zbekiston prezidenti boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlarni qanday baholashingiz to‘g‘risida so‘ramoqchi edim.

- Biz tez o‘zgaruvchan davrda yashayapmiz va mening yoshimda barqarorlik ko‘proq xohlansa-da, ammo bugungi kunda mamlakatimizda bo‘layotgan barcha o‘zgarishlardan juda mamnunman. Axir, yillar davomida to‘planib qolgan muammolar birinchi marta o‘z yechimini topa boshladi.

To‘g‘ri, hammasi tekis ketmayapti. Prezidentning o‘zi mavjud kamchiliklarni tan olmoqda. Ammo eng muhimi, hukumat xalq bilan muloqot o‘rnatdi. So‘z erkinligi va diniy erkinlik, inson huquqlari endi jamiyatimiz uchun mo‘rt so‘z emas. Bugungi kunda odamlarning manfaati shunchaki navbatchi so‘zlar emas - bu siz va bizning voqeligimiz.

Va xalq ana shunday yashashga odatlanmoqda va buning aksini tasavvur ham qila olmaydilar. Biz uzoq, chuqur va qo‘rqinchli uyqudan uyg‘onganimiz oydinlashdi.

Menimcha, biz yaqindagina hukumat o‘z oilalarini tashlab, ish izlab ketgan bechora muhojirlarni haqoratlashga yo‘l qo‘yganligini unutib yubordik. Biz O‘zbekiston haqidagi yangiliklarni chet el matbuotidan o‘qiganimizni yoddan chiqardik. Atigi uch yil avval BMTning sudyalar va advokatlar mustaqilligi bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi O‘zbekistonda jonli efirda matbuot anjumani o‘tkazishini tasavvur qilishning iloji yo‘q edi.

Biz qisqa vaqt ichida qanday yo‘lni bosib o‘tganimizni osongina unutdik. Bu muammolarning yechimiga, avvalambor, prezident Shavkat Mirziyoyevning qat'iy siyosiy irodasini talab etadigan sa'y-harakatlar orqali erishiladi. Uning ishonchi va tanlagan yo‘lida qat'iyligi tufayli odamlar erkin gapirish va fikrlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bularsiz bugun siz bilan bunday mavzularda gaplashib o‘tirmagan bo‘lardik. 

- Siz yutuqlar haqida gapiryapsiz, ammo tobora ko‘proq odamlar virtual qabulxonalar, bloglar va ijtimoiy tarmoqlar orqali prezidentga murojaat qilib, o‘z muammolari haqida gapira boshladilar.

- Bu normal hol. Odamlar o‘z murojaatlari e'tiborsiz qolmayotganligini ko‘rishmoqda. Biroq, barchamiz "shu yerning o‘zida va hoziroq" degan talabni bajarishning hamisha ham imkoni yo‘qligini tushunishimiz lozim.

Oldinga siljish, to‘plangan xatolarni tuzatish va tugatish jiddiy xarajatlarni talab qiladi. Haqiqiy bozor munosabatlariga o‘tish davrida inflatsiya muqarrar ekanligini odamlarga qanday tushuntirish kerak? Davlat aholining uy-joy kommunal xizmatlari uchun qarzlarini doimiy ravishda to‘lay olmaydi, elektr energiyasi, un va boshqa narsalar ishlab chiqarishni muntazam subsidiyalashga qodir emas. Yarimtaki choralar hech qachon muvaffaqiyat keltirmagan, faqat muammolarning og‘riqli yechimini ortga surgan. Agar bozor foydasiga tanlov qilgan bo‘lsak, u holda bozorga qarab o‘ylashimiz va harakat qilishimiz kerak. Afsuski, boshqa yo‘l yo‘q.

Shu bilan birga, haqiqiy vaziyatni tushuntirish o‘rniga shunchaki arzon ochko ishlaydigan odamlarning alohida guruhi bor. Tanqid qilish har doim muammoni hal qilishdan ko‘ra oson. Natijada to‘g‘ri, ammo og‘riqli islohotlarni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, salbiy axborot manzarasi shakllanadi. So‘z erkinligi og‘ziga kelganini gapirish degani emas, zero bu ulkan javobgarlik hamdir.

- Mamlakatimizda yuz berayotgan o‘zgarishlarga kelsak, sizningcha, qaysi masalalar jadal rivojlanishga erishish uchun ustuvor hisoblanadi?

- Men Shavkat Miromonovichning jaholat va zo‘ravonlikka qarshi ta'lim orqali kurashishga asoslangan qat'iy pozitsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Ma'rifat, ilm-fan va ta'lim taraqqiyot garovi degan bo‘lardim. Taraqqiyot nima? Uni ta'minlaydigan innovatsiyalar, yangi texnologiyalar, ma'lumotli va yuqori malakali kadrlardir.

Muhimi, davlatimiz rahbari buni tushunadi. Uning o‘zi ham bir necha bor ta'kidlaganidek, zamonning o‘zi fan sohasini rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarish zarurligini taqozo etadi. Aynan prezident tufayli O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qayta tiklana boshlandi. Zero, bungacha, u yillar davomida ongli ravishda yo‘q qilindi, unutila boshladi. Mening so‘zlarimni ko‘plab olimlar tasdiqlashadi.

Bugun akademik unvoniga jamiyatning avvalgi hurmati qaytarildi. Endilikda Akademiyaga o‘zlarini to‘liq fanga bag‘ishlaydigan va o‘z oilalarini boqish uchun pul topish zaruriyatini o‘ylamaydigan yosh va iqtidorli yoshlar kela boshladilar. Olim bo‘lish biznesmendan kam bo‘lmagan nufuzga aylanib borayotgani meni xursand qiladi. Ilm kishilari jamiyatda sharafli o‘rinni egallaydilar. Bularning barchasida mamlakatimizning haqiqiy taraqqiyoti va porloq kelajagini ko‘rmoqdaman.

- Ammo taraqqiyotni ta'minlash uchun musaffo osmon kerak. Albatta, bugun biz tinch va osoyishta hayot kechirmoqdamiz. Sizningcha, radikallashuv va ekstremizm tahdidlari O‘zbekiston uchun qay darajada real?

- Terrorizm biznes singari globallashib bormoqda, u chegaralarni tan olmaydi va o‘z maqsadlariga erishish usullarini doimiy ravishda takomillashtirib bormoqda. 

Agar bizda hammasi tinch bo‘lsa, bu hech bir mamlakat sug‘urtalanmagan tahdidlar bizni chetlab o‘tishini anglatmaydi. Biz butun boshli davlatlar zo‘ravonlik, razolat va fundamentalizm changaliga tushib qolishiga guvoh bo‘ldik. Bizga eng yaqqol misol - o‘nlab yillar davomida qon to‘kilishi to‘xtamayotgan Afg‘oniston. Bir o‘ylab ko‘ring, birgina o‘tgan yil davomida u yerda 3 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi, bularning bari bizning chegaralarimizga yaqin joylashgan butunlay boshqa dunyo mavjud bo‘lgan yerda sodir bo‘lmoqda.

Vatanimizga tahdidlar xayolot emas. 2000-yillar boshida terrorchilar qo‘shni davlatlardan bizning hududimizga o‘tib ketishining oldini olish uchun tog‘larda shafqatsiz harbiy harakatlar olib borishga to‘g‘ri kelganini barchamiz eslaymiz. Xorijiy kuchlar mavjud, agar ularga zarba berilmasa, ular yurtimizni haqiqiy Islomga hech qanday aloqasi bo‘lmagan ekstremistik g‘oyalar bilan to‘ldiradilar.

Bizga qo‘shni mamlakatlarda ularning Yaqin Sharq davlatlari homiylik qiladigan maktablari faoliyat ko‘rsatadi. Biz bu barcha balolar bizni chetlab o‘tib ketadi, deb o‘ylab, beparvo yashamasligimiz lozim. Biz birgalikda mamlakatimizga, islohotlarning og‘ir yo‘lini boshlagan prezidentimizga yordam berishimiz kerak. Oxir-oqibat, barchamiz bir qayiqdamiz va unda o‘z manfaatlarimiz yo‘lida suzishimiz darkor.

- Suhbat uchun rahmat.

Mavzuga oid