13 yanvar kuni yangi tashkil etilgan Mudofaani boshqarish milliy markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Xavfsizlik kengashi a’zolari, Qurolli Kuchlar qo‘mondonlik tarkibi, harbiy-ma’muriy sektorlar rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda Xavfsizlik kengashining yig‘ilishi har yili Vatan himoyachilari kuni arafasida o‘tkazilishi an’anaga aylandi. Bu yil O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi nishonlanmoqda. Davlat rahbari majlis avvalida ushbu qutlug‘ bayram bilan barcha harbiy xizmatchilar va soha faxriylarini tabrikladi.

Yig‘ilishda Qurolli Kuchlar tizimi va harbiy-ma’muriy sektorlarning 2021 yilgi faoliyati yakunlari tahlil qilinib, galdagi ustuvor vazifalar belgilandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qayd etilishicha, oxirgi besh yilda harbiy qurilishning barcha yo‘nalishlarida amalga oshirilgan kompleks choralar natijasida milliy armiya qiyofasi ham, qo‘shinlarning tayyorgarlik darajasi ham o‘zgardi. Harbiy qism va poligonlardagi infratuzilma, askar va ofitserlarning sharoitlari yaxshilandi. 2021 yilda xalqaro armiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik harbiylar faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bu ishlar izchil davom ettirilib, jangovar bo‘linmalar imkoniyatlari kengaytirilmoqda. Davlat chegaralari xavfsizligini ta’minlashning yangi tizimi amaliyotga joriy qilinmoqda.

Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda avvalo kadrlar tayyorlash, ilg‘or uslublarni ommalashtirish masalalariga e’tibor qaratdi. Harbiy o‘qituvchilarning malakasini oshirish, Qurolli Kuchlar Akademiyasini harbiy ilm-fan dargohiga aylantirish zarurligi ta’kidlandi. Yaqinda ish boshlagan Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar institutini harbiy ta’lim va ilmiy faoliyat tizimiga samarali integratsiya qilish topshirig‘i berildi.