22 yanvar kuni O‘zbekiston mudofaa vaziri general mayor Shuhrat Xolmuhamedov rasmiy tashrif bilan kelgan Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov boshchiligidagi harbiy delegatsiyani qabul qildi.

O‘zbekiston tomonining xabar berishicha, uchrashuvda delegatsiya rahbarlari O‘zbekiston-Rossiya hamkorligining mudofaa sohasidagi bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilgan.

Shuningdek, mudofaa vazirlari tomonidan ikki mamlakat mudofaa vazirliklari o‘rtasidagi 2025 yilga mo‘ljallangan hamkorlik rejasi hamda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan harbiy sohadagi strategik hamkorlik dasturi imzolandi.

Rasmiy qabuldan so‘ng Rossiya mudofaa vazirligi delegatsiyasi «G‘alaba bog‘i» hamda «Shon-sharaf» davlat muzeyiga tashrif buyurgan.

Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri Andrey Belousov, shuningdek, 22 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi. Uchrashuvda Rossiya mudofaa idorasi rahbari O‘zbekiston yetakchisiga Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.

«O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini Rossiya Federatsiyasi prezidentining 2024 yil may oyida O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi», — deyiladi xabarda.

Rossiya tomoniga ko‘ra, Andrey Belousov va O‘zbekiston prezidenti o‘rtasidagi uchrashuvda, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik masalalari ham muhokama qilingan va Markaziy Osiyodagi harbiy-siyosiy vaziyatga baho berilgan.