Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Pentagon rahbari Venesueladagi Rossiya mudofaa tizimlari haqida hazil qildi
Karakas Rossiyadan sotib olgan havo hujumidan mudofaa tizimlari AQShning Venesueladagi operatsiyasi paytida “unchalik yaxshi ishlamagan”, deb hazil qildi Pentagon rahbari.
Foto: Alex Wong/Getty Images
AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset AQSh qo‘shinlarining Venesueladagi harbiy operatsiyasi vaqtida mamlakat armiyasi aviatsiya zarbalarini qaytarishga urinmagani haqida hazil qildi. Ushbu operatsiya Nikolas Maduroning qo‘lga olinishi bilan yakunlangan. Dүshanba, 5 yanvar kuni Virjiniya shtatida harbiylar oldida nutq so‘zlar ekan, Hegset amerikaliklar Karakasga yo‘qotishlarsiz kirgani bilan maqtandi.
“Uch kecha oldin Venesuelada qariyb 200 nafar eng yaxshi amerikalik fuqarolarimiz Karakas markaziga kirdi…” — dedi Hegset va operatsiya birorta ham AQSh harbiy xizmatchisining halok bo‘lishisiz o‘tganini ta’kidladi. “Xuddi o‘sha Rossiya HHM tizimlari unchalik yaxshi ishlamagan, to‘g‘rimi?” — deb hazil qildi u.
Shu chiqishi davomida Pit Hegset AQSh boshqa davlatlar bilan mojarolarga intilishini aytmadi, biroq dunyo “superdavlatlar raqobatining yangi davri”ga kirganini bildirdi. Bu kontekstda AQSh mudofaa vaziri to‘g‘ridan to‘g‘ri faqat Xitoyni tilga oldi. Hegsetning aytishicha, AQSh “bu chaqiriqqa javob berish uchun yuksaladi” va mudofaa sohasiga “kelajakdagi janglarda ustunlik qilish uchun kerak bo‘ladigan” texnologiyalarni joriy etadi.
OAV qayd etishicha, Rossiya 2000-yillarning o‘rtalarida, AQSh buni to‘xtatgandan so‘ng, Venesuela uchun asosiy qurol-yarog‘ yetkazib beruvchilardan biriga aylangan. Bu sohadagi shartnomalarning umumiy qiymati taxminan 14,5 milliard dollar bo‘lgan. Bunda RF hukumati Karakasga texnikani kreditga olish imkonini bergan va qarzlarni to‘lash muddatlarini kechiktirgan.
Rossiyadan Venesuelaga yetkazib berilgan qurollar orasida samolyotlar, vertolyotlar, yerusti harbiy texnikasi, shuningdek HHM tizimlari ham bo‘lgan. Jumladan, S-300 zenit-raketalar majmuasi, “Buk”, sovet davridan qolgan “Pechora-2M” ZRKning modernizatsiya qilingan turlari va ko‘chma “Igla” zenit-raketa majmualari.
2025 yil may oyida Nikolas Maduro Moskvaga tashrif buyurib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan birga strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan. Hujjat, boshqa narsalar qatori, “ikki mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va xavfsizligini ta’minlash manfaatlarida” harbiy-texnik hamkorlikni nazarda tutgan.
“Mutlaq qat’iyat” deb nomlangan AQSh operatsiyasi Venesuelada 3 yanvarga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, unda Venesuelaning shimolidagi obektlarga, jumladan Karakasga zarbalar berish uchun 150 dan ortiq samolyot va uchuvchisiz apparatlar jalb qilingan.
Tahlilchilar operatsiya paytida AQSh aviatsiyasi deyarli hech qanday qarshilikka uchramaganini ta’kidlaydi: faqat bitta vertolyot shikastlangani haqida xabar berilgan. Bu AQSh Venesuela generallarini pora bilan o‘ziga og‘dirgan bo‘lishi mumkin, degan taxminlarga sabab bo‘ldi, ammo bunday nazariyalar uchun dalillar yo‘q.
Shu bilan birga, Venesuela harbiylari Karakas yaqinidagi aviatsiya hablarida uchish-qo‘nish yo‘laklarini to‘sib qo‘ygani ma’lum. Bu harakatlar AQSh ehtimoliy okkupatsiya urinishida desant tushirilishining oldini olishi mumkin edi. Biroq keyinroq ma’lum bo‘lishicha, AQSh operatsiyasining maqsadi aynan Maduroni qo‘lga olish bo‘lgan. Shuning uchun “Delta” maxsus kuchlari avvaldan repetitsiya qilingan ssenariy bo‘yicha vertolyotlardan to‘g‘ridan to‘g‘ri Venesuela rahbarining rezidensiyasi yoniga tushirilgan. Natijada Maduro xotini bilan birga qo‘lga olingan va AQShga olib chiqib ketilgan, u yerda juftlik narkotrafik (giyohvand moddalar savdosi) ayblovlari bo‘yicha sudga keltirildi. Maduro o‘zini aybsiz deb e’lon qilgan.
Mavzuga oid
18:59 / 02.04.2026
Qirg‘izistonda Rossiya qiruvchi samolyotlarining mashg‘ulotlari to‘xtatildi
09:57 / 02.04.2026
Ayrim o‘zbekistonliklar Vladivostok aeroporti orqali Rossiyaga kiritilmadi
08:52 / 02.04.2026
O‘zbekistonlik ayol va uning uch farzandi Rossiyadan olib kelindi
20:35 / 01.04.2026