Jahon | 21:41 / 17.10.2022
50856
5 daqiqa o‘qiladi

Krasnodar o‘lkasida harbiy samolyot quladi. Asosiy ma’lumotlar

Krasnodar o‘lkasining Yeysk shahrida Su-34 samolyoti to‘qqiz qavatli uy atrofiga quladi. Uyda kuchli yong‘in boshlangan, seriyali portlashlar ro‘y bergan. 13 kishi halok bo‘lib, 19 kishi yaralangan.

Rossiyaning Su-34 bombardimonchi samolyoti Krasnodar o‘lkasining Yeysk shahridagi to‘qqiz qavatli uy atrofiga quladi. Bu haqda dastlab «Interfaks» shahar yagona navbatchi dispetcherlik xizmatiga tayanib xabar tarqatdi. Aniqlik kiritilishicha, 17 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:20 da o‘q-dorilar bilan to‘liq jihozlangan samolyot «Meotida» savdo markazi yaqinida, Krasnaya ko‘chasi 47/1 uy hovlisiga qulagan. Halokat ortidan samolyot o‘q-dorilari portlagan, olov 556 kishi istiqomat qilib kelgan ko‘p qavatli uyga o‘tgan.

Mash kanali halokatdan oldingi holat aks etgan videoni namoyish etdi. Unda samolyot portlashdan oldin uylar tomi ustida pastlab uchayotgani va uning bir dvigateli yona boshlaganini ko‘rish mumkin.

FVVning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot qulashi oqibatida 13 kishi halok bo‘lgan, 19 kishi yaralangan. «Qutqaruvchilar ishni yakunlashdi. Qidiruv-qutqaruv ishlari davomida 10 qurbon jasadi aniqlandi. Shu tariqa, qurbonlar soni 13 kishiga yetdi, shundan uch nafari bolalar. Favqulodda holat oqibatida 19 kishi jabrlangan», — deyiladi FVV xabarida. Jabrlanganlarning ikki nafari homilador ayollar. 

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Yong‘in turar joydagi kamida 17 kvartiraga zarar yetkazgan, bu haqda Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratev ma’lum qildi. Xuddi shu vaqtda shahar navbatchi-dispetcherlik xizmati olov u yoki bu darajada kamida 45 kvartiraga zarar yetkazgani haqida ma’lum qilgan. Xizmat ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in pod’yezdlardan birini to‘liq qamrab olgan, bu yerda to‘qqizinchi qavatdan beshinchi qavatgacha qulash kuzatilgan. O‘lka FVV esa halokatdan so‘ng birinchi qavatdan beshinchi qavatgacha bo‘lgan uylar olov ichida qolganini xabar qilgan.

«Podslushano v Yeyske» telegram-kanali o‘z o‘quvchilariga asoslangan holda ayrim odamlar yuqori qavatlardan sakragani haqida yozgan. Krasnodar o‘lkasi vitse-gubernatori Anna Minkova ham shifokorlar qurbonlarning uch nafari yuqori qavatlardan sakrab halok bo‘lganlar ekanini xabar qilgan.

FVV xabariga ko‘ra, yong‘in 2 ming kvadrat metr maydonni qamrab olgan. Kondratevning ma’lum qilishicha, voqea joyida «barcha hududiy va mintaqaviy yong‘in-qutqaruv garnizonlari» ishlamoqda. Lekin qutqaruvchilar hozircha olovni o‘chira olishmagan.

RF mudofaa vazirligiga ko‘ra, Su-34 samolyotida ikki dvigateldan birida yonib ketgan. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, samolyot o‘quv Janubiy harbiy okrug aerodromidan o‘quv-mashg‘ulot parvozi amalga oshirish uchun havoga ko‘tarilish vaqtida halokatga uchragan. «112» kanali yozishicha, uchuvchilarning ikkisi ham katapulta qilingan va tirik qolishgan. «Katapulta bo‘lgan uchuvchilar hisobotiga ko‘ra, halokat sababi parvoz vaqtida dvigatellardan biri yonib ketishi bo‘lgan», — deyiladi vazirlik xabarida. Idora bayonotida qo‘shimcha qilinishicha, Su-34 samolyoti halokatga uchragach turar joylardan birining hovlisida samolyot aviayonilg‘isi alanga olgan.

Harbiy muxbir Aleksandr Kotsning ma’lum qilishicha, hodisa sababi bo‘yicha asosiy versiyaga ko‘ra — parvoz vaqtida samolyot dvigateliga qushlar kirib qolgan. Uning tasdiqlashicha, Su-34 bortida artilleriya snaryadlari bo‘lgan, halokatdan keyin detonatsiya ro‘y bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yeyskda 277-bombardimonchi aviapolk samolyoti qulab tushgan.

Tergov qo‘mitasi jinoiy ish ochdi, aynan qanday modda bo‘yicha ekaniga aniqlik kiritilmagan. Ishni Tergov qo‘mitasi Bosh harbiy tergov boshqarmasi olib boradi. Prokuratura samolyot qulashi fakti bo‘yicha tekshiruv boshlagan.

Camolyot qulashidan bir soat o‘tib Rossiya prezidenti Vladimir Putin jabrlanuvchilarga barcha zarur yordamlarni ko‘rsatish bo‘yicha topshiriq berdi. Prezident vazirlar va region rahbarlarining hodisa bo‘yicha hisobotini tinglagan hamda gubernator, FVV rahbari va sog‘liqni saqlash vaziriga Yeyskka uchishga ko‘rsatma bergan. 17 oktyabr kuni kechqurun Yeyskda favqulodda holat rejimi joriy etildi.

«112» ma’lumotiga ko‘ra, ko‘p qavatli uyning 350 nafar atrofidagi yashovchisi yaqin mehmonxona va bolalar lageriga evakuatsiya qilingan. Gubernator ularga barcha zarur yordamlar ko‘rsatilishini va’da qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kvartirasidan ayrilganlar uchun, agar uyni tiklash imkoni bo‘lmasa, yangisi sotib olib beriladi. Yeyskda qurbon bo‘lganlarning oilalariga, hududiy rasmiylarga ko‘ra, bir million rubldan, jabrlanuvchilarga esa 400 ming rubldan tovon puli to‘lanadi.

Mavzuga oid