O‘zbekiston | 08:01 / 27.01.2021
5703
3 daqiqa o‘qiladi

«Zakovat» intellektual klubi nodavlat notijorat tashkiloti tuziladi

«Zakovat» intellektual klubi nodavlat notijorat tashkiloti tuziladi. Bu haqda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ma'lum qildi.

«Bugun fond Vasiylik kengashi yig‘ilishida «Zakovat» intellektual klubi nodavlat notijorat tashkiloti tuzish haqida qaror qabul qildik», - deb yozadi u Telegram’dagi kanalida.

Komil Allamjonovning qayd etishicha, yaqin kunlarda ushbu klubning sayti taqdim etiladi va unda «Zakovat»ga a'zo bo‘lish tartibi, o‘yin qoidalari, tadbirlar jadvali e'lon qilinadi.

«Barcha bilimli yoshlarni klubga taklif qilamiz!» - deydi Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi.

Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Gender tengligini ta'minlash bo‘yicha komissiyasi a'zosi Saida Mirziyoyeva ham bu haqdagi yangilikni e'lon qildi.

«Mass-media fondi Vasiylik kengashi «Zakovat» loyihasini yangi pog‘onaga ko‘tarish maqsadida  «Zakovat» intellektual klubi NNT ta'sis etish haqida qaror qabul qildi.

Xotin-qizlarni bu ajoyib intellektual o‘yinda faol qatnashib, o‘z potensiallarini namoyish etishga chaqiramiz», - deb yozadi u.

Avvalroq, Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyeva «Zakovat» loyihasini o‘z otalig‘iga olgani xabar berilgandi.

Undan avval esa, «Milliy» telekanali «Zakovat» namoyishini to‘xtatgani ma'lum bo‘lgandi.

Dastur muallifi Abdurasul Abdullayev «Milliy» telekanali muassisi Komil Allamjonov bilan bu masala bo‘yicha uchrashganini bildirdi.

«U «Zakovat» efirdan olinganligidan bexabar bo‘lganini, bu haqda ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar topganini, bilimga chanqoq yoshlar talabi albatta inobatga olinishi zarurligini bildirdi. O‘zi hozirgi kunda faoliyat olib borayotgan «Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi» homiyligi ostida «Zakovat»ni qayta tiklash, yanada boyitish, sovrin uchun hatto avtomobil qo‘yish taklifini aytdi», - degandi Abdurasul Abdullayev.

Mavzuga oid