21:40 / 18.12.2018
90660

«Abakus-dabra». Farg‘onalik vunderkindning siri nimada?

Joriy yilning 22 iyulida Moskva shahri Xalqaro Savdo Markazida «ALOHA (oliy arifmetikani abakus yordamida o‘rganish) mental arifmetika» xalqaro musobaqasi o‘tkazilgandi. Unda dunyoning 17 davlati — Yevropaning Rossiya, Shvetsiya, Ispaniya, Germaniya, Osiyoning Malayziya, Hindiston, Xitoy, shu jumladan, shuningdek O‘zbekistondan bo‘lgan jami 600 nafar o‘quvchi o‘zaro bellashdi.

32 nafar o‘zbekistonlik ishtirokchining 28 nafari ijobiy natijalar ko‘rsatishdi. 8 yoshli Muhammadaziz Sodirov 5-7 yosh toifasida Tony Tots bosqichi bo‘yicha mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

25 yildan beri an'anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan bu tanlov mental arifmetika bilan shug‘ullanuvchi bolalar uchun sinov va rag‘bat maydoni bo‘lib kelmoqda. 

Mental arifmetika nima? Bu tasavvurda yirik xonali sonlar bilan ham arifmetik amallarni tezkorlikda bajarishni o‘rgatuvchi fan. Unda bola hech qanday hisoblagichdan foydalanmaydi, balki abakus – chyotni ko‘z oldiga keltirib, uni barmoqlari bilan xayolan harakatlantiradi.   

Hali juda yosh bo‘lishiga qaramasdan bu sohada katta muvaffaqiyatga erishgan Muhammadaziz Sodirov Kun.uz mehmoni bo‘ldi.

Mover.uz'da ko‘rish

Youtube'da ko‘rish

Muhammadaziz Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi 27-maktabning 2-sinfida tahsil oladi. Ikki yildan beri Farg‘ona shahridagi Mental arifmetika markazida ham saboq olib kelmoqda. 
Chempionlar o‘ziga xos ratsionga ko‘ra ovqatlanishadi, deb o‘ylaydi ko‘pchilik. Yo‘q, ular shunchaki sog‘lom ovqatlanish tarziga rioya qilishadi. Sut va sut mahsulotlarini doimiy ravishda iste'mol qilish Muhammadazizga tetik va bardam bo‘lishga yordam bersa, nahordagi yong‘oq va mayiz miyaning yaxshi ishlashiga, xotira mustahkamligiga asos bo‘ladi.

«Men umuman choy ichmayman, faqatgina tabiiy meva sharbatlari, qaynoq suv bilan chanqog‘imni qondiraman», deydi uning o‘zi. 

Kun tartibiga qat'iy rioya qilish Muhammadazizga barchasiga o‘z vaqtida ulgurishga yordam beradi. U maktabdagi mashg‘ulotlardan so‘ng ingliz tili darslariga qatnaydi. Haftaning bir kuni esa to‘liq mental arifmetikaga bag‘ishlangan. Uning tengqurlariga o‘xshab ko‘chada koptok tepishga vaqti yo‘q, buning o‘rniga rasm chizish orqali dam oladi. Yakshanba kunlari onasiga ovqat tayyorlashda yordamlashish ham unga miyasini dam oldirishga yordam beradi, opasiga mental arifmetikani o‘rgatish orqali esa bu boradagi bilimlarini yana bir karra mustahkamlaydi. 

Muhammadaziz hali boshlang‘ich sinfda o‘qisa-da o‘z oldiga aniq va katta maqsadlarni qo‘ygan: u yulduzlarni o‘rganuvchi olim bo‘lmoqchi.

«Har gal tanlovga ketishdan oldin onajonimning oq fotihalarini olaman.  U kishining duolari, ishonchlari menga kuch bag‘ishlaydi, ilhomlantiradi. Onajonim uchun ham, albatta, g‘olib bo‘lishim kerakligini his qilaman», deydi kichik bilimdon.

 

Top