Suhbatimiz ayol tadbirkor bo‘lishning o‘ziga xos tomonlari, oila va karerada birdek muvaffaqiyatli bo‘la olish va albatta mental arifmetika mavzularida kechdi.
«O‘z farzandlarim uchun eng foydali to‘garakni izlab, mental arifmetikani tanlaganman»
— To‘rt farzandning onasi sifatida, bolalarimga har tomonlama foydasi tegadigan dastur haqida ko‘p bosh qotirganman. Ularni ko‘pgina to‘garaklarga olib borardim, lekin bu to‘garaklardan ko‘nglim to‘lmasdi.
Internetda xalqaro dasturlar haqida ma'lumotlar qidira boshlaganman va tasodifan, dunyoga mashhur dasturga ko‘zim tushib qolgan. Bu – Aloha mental arifmetikasi edi.
Aloha – mental arifmetika bo‘yicha dunyodagi eng mashhur dasturlardan biri. Uni avvalo o‘zim o‘rganib chiqqanman. Shundan so‘ng bu dasturdan nafaqat farzandlarim, balki butun o‘zbekistonlik bolalar o‘rganishi kerak, degan xulosaga kelganman va shu maktabga asos solishga qaror qilganman.
«Hisob-kitob – aslida aysbergning uchi bo‘lib ko‘rinadigan qobiliyat xolos»
— Bu dastur bolaning aqliy o‘sishiga katta ta'sir qiladi. Mental arifmetika bola miyasining ikkala tomoni bir vaqtning o‘zida faol bo‘lishini rag‘batlantiradi.
Bola avvaliga abakus (qadimgi cho‘t)da ishlashni o‘rganadi. Undagi suyakchalarni qimirlatib, o‘rganib oladi va shundan keyin shu suyakchalarni ko‘z oldida tasavvur qilishga harakat qiladi. Demak, bolaning tasavvur, vizualizatsiya qobiliyati anchagina o‘sadi.

Shu tasavvur qilgan suyakchalarni tasavvurida qimirlatib, maxsus formulalarni ishlatgan holda, natijani hisoblab aytadi.
Natijada mental arifmetika bilan shug‘ullangan bola juda tez hisob-kitob qila oladi. U maktabdagi tengdoshlaridan farqli ravishda, kalkulyator yoki hisoblash uchun boshqa gadjetlardan foydalanib o‘tirmaydi.
Tezkor hisob-kitob – mental arifmetikani o‘rgangan bolaning faqatgina sizga ko‘rinadigan qobiliyati. Aysbergni tasavvur qilsak, bir necha xonali sonlarni qo‘shish-ayirish, ko‘paytirish-bo‘lish kabi amallarni juda tez bajara olish – bu shunchaki aysbergning bizga ko‘rinadigan qismi.













