“Farzandlarimga kitob o‘qish hamda mehnatdan qochmaslikni o‘rgataman” – chempionning taksist otasi
Muhammadaziz Sodirov Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi 27-maktabda o‘qiydi. U Moskva shahrida o‘tkazilgan «ALOHA mental arifmetika» xalqaro musobaqasida 5–7 yosh toifasida Toni Tots bosqichi bo‘yicha chempion bo‘lgan. Chempionning otasi Akmaljon Oxunov oddiy taksichi. Shunday bo‘lsa-da u farzandlarining bilimli bo‘lishi uchun tinim bilmaydi.
Musobaqada yig‘laganman...
“Har kuni tongdan ishga otlanaman. Rishton-Qo‘qon yo‘nalishida taksichilik qilaman.
2018 yilda Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatiga o‘g‘lim Muhammadazizni olib borganman. Taassurotlar o‘zgacha bo‘lgan. Uchinchi o‘rindan boshlab sovrindorlarni e’lon qilishayotganda, familiyamiz chiqmayapti. Hayajon kuchli. Uchinchi o‘rinni e’lon qildi, familiyamiz chiqmadi, ikkinchi o‘rinda ham yo‘qmiz. Nihoyat Muhammadazizning chempion bo‘lganini e’lon qilishdi. Buni eshitib, to‘g‘risi, erkak kishi bo‘lsam ham, ko‘zimga yosh keldi, chunki qilgan mehnatlarim ilk bor samara bergandi.
To‘rt farzandim bor: kattasi qiz, keyin uch o‘g‘il. Bolalar hayotda qiynalmasliklari uchun qo‘ldan kelganicha harakat qilyapmiz. Nasihat qilamiz, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatamiz va halol mehnat qilishlarini o‘rgatamiz.
Mehnat o‘qishdan boshlanadi. Farzandlarimga kitob o‘qish hamda mehnatdan qochmaslikni o‘rgataman. Ishda yurarkanman bolalar kelajagi haqida ko‘p o‘ylayman — ular xalqimizga, vatanimizga xizmat qiladigan farzandlar bo‘lsin.
Taksichilikdan topgan pulimni farzandlarimning ta’limiga, tarbiyasiga sarflayman. Shunday qilib, asosan kelajakka sarmoya qilamiz. Bu mehnatlarimiz qadrli, chunki farzandlarim ham kun kelib bu mehnatimizni qadrlashadi.
Misol uchun kimdir topgan har haftalik daromadini xarajat qilib, boshqa narsalar uchun sarflayotgan bo‘lsa, biz farzandlarimiz uchun kitob, ruchka, qalam olib kiramiz. Shunda bolalar qandaydir yutuqqa erishadi deb o‘ylayman. Maqsadimiz mablag‘ni ko‘proq farzandlarimizning bilim olishi uchun sarflashdir”, deydi Muhammadazizning otasi Akmaljon Oxunov
Nevaram ishonchimizni oqlayapti...
“O‘g‘lim oddiy taksichi, men esa pensiyaga chiqqan o‘qituvchiman. Farg‘onada ochilgan mental matematikaga oid maktabni eshitib, nevaram Muhammadazizni o‘sha yerga olib bordim. U paytda oilaviy qiyinchiliklar qarshisida edik. Muhammadaziz matematikadan o‘zini ko‘rsata oldi va bizga Toshkentga borishni taklif qilishdi.
Toshkentga qatnay boshladik. Haftada bir marta Farg‘onaga, ikki marta Toshkentga borib, mental arifmetikadan dars olardik. Gohida taksiga pul topa olmay qolgan kunlar ham bo‘ldi.
Muhammadaziz birinchi yiliyoq Toshkentda bo‘lgan olimpiadada yaxshi o‘rin oldi. Chet ellarda super grant o‘rinlarni egalladi, bunday baxt bizga ham nasib etdi.
Pensiyaga chiqqan o‘qituvchi bo‘lsam ham Xudoga shukur, Alloh rizqimizni berib turgani uchun nevaralarimning bilim olishiga imkon qadar ko‘proq mablag‘ sarflayapmiz. Muhammadaziz mental matematikadan tashqari maktabda ham a’lo baholarga o‘qiydi.
Eng avval nevaram Toshkentda chempionlikni qo‘lga kiritgan edi, yana qayta chempion bo‘lib, Moskva yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Moskvaga ketish uchun mablag‘ yig‘ishni boshladik. Bir oy davomida mablag‘ni yig‘dik. Muhammadaziz ellik to‘rtta davlat ichida birinchi o‘rinni egalladi. Bu biz uchun juda katta yutuq bo‘ldi”, deydi chempionning buvisi Madina Zufarova.
Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov.
Mavzuga oid
18:47 / 05.07.2024
“Fuqaroga jarohat yetkazilgani aniqlanmadi” – Rishtonda IIB xonasida hushini yo‘qotgan fuqaro bo‘yicha ma’lumot berildi
14:42 / 05.07.2024
Rishtonda IIB xonasiga olib kirilgan fuqaro hushini yo‘qotib, reanimatsiyaga yotqizildi
17:13 / 27.06.2024
Farg‘onada “Lasetti”ning gazballoni portlashi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi
13:48 / 09.09.2023