Texnologiya | 07:17 / 19.02.2026
11304
5 daqiqa o‘qiladi

Yashirinishga joy yo‘q: harbiylarga real vaqtda ma’lumot beradigan qudratli sun’iy yo‘ldoshlar 

Zamonaviy optik va radiolokatsion sun’iy yo‘ldoshlar orbitadan turib harbiylarga qarshi tomon pozitsiyalarini deyarli real vaqtda aniqlash, kuzatish va tahlil qilish imkonini beradi.

NISAR Foto: Wikimedia Commons

Sovuq urush yillarida ham kosmik razvedka kuchli vosita bo‘lgan — ammo uning imkoniyatlari cheklangan edi. Yuqori aniqlikdagi tasvirlar kam-kamdan paydo bo‘lar, qo‘mondonlik esa ko‘pincha tahlil vaqtiga kelib bir necha kun oldin olingan fotosuratlar bilan ishlashga majbur bo‘lardi. Bunday kechikish, ayniqsa tez o‘zgarayotgan vaziyat sharoitida, jiddiy “zaif nuqtalar”ni yuzaga keltirardi.

Bugun kosmik kuzatuv yarim asr avvalgi darajaga nisbatan ancha ilgarilab ketdi. Zamonaviy sun’iy yo‘ldosh arxitekturalari bir xil hududlar ustida tez-tez uchib o‘tish yoki deyarli uzluksiz qamrovni ta’minlashni ko‘zlab loyihalanadi, bu esa tahlilchilarga bir nuqtani soatiga bir necha marta kuzatish imkonini beradi.

Bu transformatsiya sensor texnologiyalarining jadal rivojlanishi, past Yer orbitasiga uchirishlar narxining arzonlashishi va zamonaviy orbital guruhlar hosil qiladigan ulkan tasvirlar oqimini qayta ishlay oladigan sun’iy intellekt tizimlarining joriy etilishi hisobiga ro‘y berdi. Quyida harbiylarga deyarli real vaqt rejimida ma’lumot yetkazib beradigan eng samarali sun’iy yo‘ldosh tizimlaridan ayrimlari keltirilgan.

1. KH-11/CRYSTAL

AQShning optik razvedkasida asosiy ustunlikni hali ham KH-11/CRYSTAL seriyasi saqlab turibdi, uni ko‘pincha “Yerga qaratilgan «Habbl» teleskopi” deb atashadi. Ochiq manbalar baholariga ko‘ra, apparat diametri 2,4 metr bo‘lgan oyna bilan jihozlangan. Taxmin qilinishicha, uning imkoniyati Yer yuzasida texnika, artilleriya tizimlari va obektlar konfiguratsiyasini farqlashga yetarli, ammo haqiqiy xarakteristikalar maxfiy saqlanadi.

Avvalgi razvedka sun’iy yo‘ldoshlaridan farqli ravishda, KH-11 raqamli elektro-optik suratga olishni ma’lumotlarni retranslatsiya qiluvchi sun’iy yo‘ldoshlar bilan uyg‘unlashtirib ishlaydi. Bu tasvirlarni deyarli real vaqtda uzatish imkonini beradi va ma’lumot yig‘ishdan tortib operativ qaror qabul qilishgacha bo‘lgan yo‘lni keskin qisqartiradi.

2. Starshield

SpaceX kompaniyasining Starshield dasturi Starlink’ning tijoriy modelini milliy xavfsizlik vazifalariga moslaydi, unda Yerni kuzatish, himoyalangan aloqa va maxsus foydali yuklarni joylashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.

AQSh Milliy harbiy-kosmik razvedka boshqarmasi (NRO) bilan katta shartnoma yuzlab sun’iy yo‘ldoshlarni tarqoq orbital guruh shaklida suratga olish imkoniyatlari bilan joylashtirishni ko‘zda tutadi. Sun’iy yo‘ldoshlar orasidagi lazerli aloqa kanallari va kuchaytirilgan shifrlashdan foydalanish sezgir ma’lumotlarni doimiy ravishda yerusti stansiyalariga tayanmagan holda uzatishga imkon beradi.

3. Yaogan

Xitoyning Yaogan seriyasi ikki maqsadli (harbiy-fuqarolik) yirik guruh bo‘lib, unda optik sun’iy yo‘ldoshlar va radioelektron razvedka apparatlari birlashtirilgan. Bunday yondashuv yuqori qiymatli maqsadlarni, jumladan aviatashuvchi zarba guruhlari va muhim infratuzilmani muntazam kuzatish va joylashuvini aniqlashni ta’minlaydi.

Yaogan missiyalarining ko‘pchiligi rasman fuqarolik yerni masofadan zondlash loyihalari sifatida e’lon qilinsa-da, so‘nggi uchirishlar tizimning kartografiya, dengiz hududlarini nazorat qilish va o‘zgarishlarni monitoring qilish sohasidagi imkoniyatlarini sezilarli kengaytirdi.

4. NISAR

NISAR — NASA va Hindistonning Kosmik tadqiqotlar tashkiloti (ISRO) qo‘shma loyihasi. 2025 yilda uchirilgan apparat 240 kilometr kenglikdagi suratga olish polosasini ta’minlaydi va radarning to‘liq polyarimetrik hamda interferometrik rejimlaridan foydalangan holda Yer yuzasining katta qismini taxminan har 12 kunda qayta qamrab oladi.

Missiyaning asosiy maqsadi ilmiy tadqiqotlar bo‘lsa-da, uning har qanday ob-havoda ishlay oladigan relef, muzliklar va o‘rmonlarni xaritalash imkoniyatlari aniq ikkilamchi ahamiyatga ega: chegaralarni monitoring qilish, infratuzilmani boshqarish va favqulodda holatlarga javob berishni rejalashtirish uchun.

5. Topaz (FIA-Radar)

AQSh Milliy harbiy-kosmik razvedka boshqarmasi (NRO) Topaz seriyasidagi radiolokatsion sun’iy yo‘ldoshlarni o‘zining keng orbital suratga olish tizimining bir qismi sifatida ishlatadi.

Topaz bulutlilik, tutun va qorong‘i vaqtda ham tasvir olishni ta’minlaydigan SAR (sintetik aperturali radar) texnologiyasidan foydalanadi. Bu qiyin ob-havo sharoitida ham o‘zgarishlarni keng miqyosda monitoring qilish, harbiy tuzilmalarni kuzatish va dengiz vaziyatini nazorat qilish imkonini beradi.

Umuman olganda, bu kosmik tizimlar harbiy kuzatuv qanday qilib kam-kam uchraydigan “kadrlar”dan deyarli uzluksiz monitoringga aylanganini ko‘rsatadi. Optik, radiolokatsion va signal-razvedka sun’iy yo‘ldoshlari ko‘p qavatli orbital guruhlarda ishlab, tahlilchilarni doimiy ma’lumot oqimi bilan ta’minlaydi, bu esa ko‘chishlar, qurilish ishlari va operativ faollikni deyarli yuzaga kelishi bilanoq qayd etish imkonini beradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid