Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Polsha yana bir Rossiya razvedka samolyotini to‘xtatib qoldi
Polsha tomoni ma’lumotiga ko‘ra, Boltiq dengizi ustida to‘xtatib qolingan Rossiyaning Il-20 samolyoti joriy yildagi to‘qqizinchi razvedka missiyasini bajarayotgan bo‘lgan. U Polsha havo hududini buzmagan.
Foto: X /DowOperSZ
Polsha qiruvchi samolyotlari Boltiq dengizi osmonida navbatdagi Rossiya razvedka samolyotini to‘xtatib qoldi. Bu haqda Polsha Qurolli kuchlari Operativ qo‘mondonligi 16 mart, dushanba kuni xabar qildi. Iddao qilinishicha, hodisa 13 mart kuni sodir bo‘lgan.
Qo‘mondonlikning X ijtimoiy tarmog‘idagi xabarida aytilishicha, Polsha Harbiy-havo kuchlarining ikki MiG-29 qiruvchi samolyoti Rossiyaning Il-20 samolyotini «to‘xtatib qolgan, vizual ravishda identifikatsiya qilgan va o‘z mas’uliyat zonasidan kuzatib chiqqan».
Polsha tomoni ma’lumotiga ko‘ra, ushbu samolyot «joriy yilda xalqaro havo hududida amalga oshirilgan to‘qqizinchi razvedka missiyasini» bajarayotgan bo‘lgan.
Qo‘mondonlik ta’kidlashicha, samolyot transponderini o‘chirgan holda harakatlangan va parvoz rejasini taqdim etmagan. Polsha havo hududi buzilgani qayd etilmagan.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi fonida NATO davlatlari bir necha bor dronlar va samolyotlar ularning havo hududiga kirib kelganini qayd etgan. Ayrim hodisalar Rossiya bilan bog‘lanadi.
2025 yil sentabrida kamida 19 ta Rossiya droni Polsha chegarasini kesib o‘tgan, ularning katta qismi Belarus hududidan uchib kelgan. Ularni to‘xtatish uchun Polsha va NATOning boshqa davlatlari qiruvchi samolyotlari jalb etilgan.
Varshava buni Rossiyaning ataylab uyushtirilgan hujumi deb baholagan va Shimoliy Atlantika shartnomasining 4-moddasiga muvofiq NATO ittifoqchilari bilan maslahatlashuv o‘tkazishni so‘ragan. Moskva esa bu ayblovlarni dalilsiz deb atagan.