Jahon | 22:06 / 06.03.2026
3730
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Eronga AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy obektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bermoqda – OAV

Karnegi fondining Rossiya qurolli kuchlari bo‘yicha eksperti Dara Massikotning aytishicha, Eron Amerika harbiy obektlariga «juda aniq zarba bermoqda» hamda qo‘mondonlik markazlari va nazorat tizimlarini yo‘q qilish uchun buni «juda maqsadli» amalga oshirmoqda.

Foto: Reuters

Rossiya Eronga AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy obektlariga zarba berishi uchun ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etmoqda, deb yozadi The Washington Post razvedka ma’lumotlari bilan tanish bo‘lgan uchun nafar manbasiga tayanib.

Nashr suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya taqdim etgan ma’lumotlar Amerika kemalari va samolyotlariga oid ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Rossiya yordamining bu bosqichdagi ko‘lami oxirigacha ma’lum emas, lekin manba ikki mamlakatning ushbu sohadagi hamkorligini «anchagina keng qamrovli» deb atadi.

Qayd etilishicha, Eronning razvedka ma’lumotlarini olish salohiyati urushning birinchi kunida berilgan zarbalardan so‘ng kamaygan, Rossiyada esa xususan, sun’iy yo‘ldoshlar bilan bunga imkoniyatlar yetarli.

Karnegi fondining Rossiya qurolli kuchlari bo‘yicha eksperti Dara Massikotning aytishicha, Eron Amerika harbiy obektlariga «juda aniq zarba bermoqda» hamda qo‘mondonlik markazlari va nazorat tizimlarini yo‘q qilish uchun buni «juda maqsadli» amalga oshirmoqda.

O‘z navbatida, Harvard xavfsizlik markazi xodimi Nikol Grayevski 2025 yilda Isroil bilan bo‘lgan 12 kunlik harbiy nizo bilan solishtirganda Eron zarbalari samaradorligi hatto oshganini qayd etdi.

AQSh mudofaa vazirligi ushbu xabar bo‘yicha izoh bermadi.

The Washington Post manbalari AQSh Ukrainaga Rossiyadagi nishonlarga zarba berish uchun ma’lumotlar taqdim etayotganini eslatib o‘tishdi.

«Ruslar ukrainlarga ko‘rsatayotgan yordamimizdan juda yaxshi xabardor, — dedi nashr suhbatdoshlaridan biri. — Menimcha, ular bunga qandaydir tarzda javob qaytarishdan juda xursand bo‘lishgan».

AQSh va Isroil 28 fevraldan buyon Eronga zarba bermoqda. Eron esa Isroilga va AQShning FOrs ko‘rfazidagi ittifoqchi mamlakatlariga raketa va dron zarbalari yo‘llamoqda. AQShning harbiy bazalari Eron nishoniga aylanmoqda.

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini tahlil qilgan CNN jurnalistlari Eron zarbalari natijasida AQShning Iordaniyada joylashgan THAAD raketaga qarshi mudofaa tizimining kamida bitta radari ishdan chiqqan degan xulosaga kelishdi. Shuningdek, BAAdagi THAAD tizimlari joylashgan ikkita harbiy obektga ham zarbalar berilgan.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid