Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston Ukrainadagi fuqarolariga Kiyev–Toshkent reysi muntazam amalga oshirilayotganini eslatdi
O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi ushbu mamlakat chegaralaridagi keskin vaziyat fonida Ukrainadagi vatandoshlarga murojaat qildi.
Foto: "Dunyo" axborot agentligi
Murojaatda elchixona “tasdiqlanmagan, soxta ma’lumotlarni tarqatmaslikni va vahima qo‘zg‘amaslikni” so‘ragan.
“Elchixona Ukraina davlat organlari, diplomatik korpus va yurtdoshlarimiz bilan doimiy aloqada”, deyiladi murojaatda.
Diplomatik vakolatxona, shuningdek, Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasi Kiyevga muntazam reyslar amalga oshirayotgani va manfaatdor fuqarolar Kiyev–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonga qaytishlari mumkinligini ma’lum qilgan.
- Eslatib o‘tamiz, 11 fevral kuni kechqurun AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Rossiya Ukrainaga «istalgan» lahzada bostirib kirishi mumkinligini ma’lum qildi. AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bu hujum Pekindagi qishki Olimpiya o‘yinlari yakunlanmasdan boshlanishi ham mumkinligi, hujumning taxminiy sanasi sifatida 16 fevral kuni ko‘rilayotganini aytgan.
- AQSh Davlat departamenti amerikaliklarga Ukrainadan yaqin 24-48 soat ichida, tijoriy aviaqatnovlar bo‘lib turgan vaqtda chiqib ketishni tavsiya etgan, prezident maslahatchisi Jyeyk Sallivan Rossiya tomonidan bosqin ro‘y bersa, Ukrainada fuqarolik reyslari amalga oshirilishi to‘xtashi mumkinligini aytgan. AQShdan tashqari 30dan ortiq davlatlar o‘z fuqarolarini Ukrainaga bormay turish va u yerda bo‘lib turganlarni mamlakatni zudlik bilan tark etishga chaqirgan.
- G‘arb mamlakatlari o‘z diplomatlarining bir qismini Ukrainadan evakuatsiya qilmoqda yoki elchixonalarini Kiyevdan Lvovga ko‘chirmoqda.