Jahon | 10:49 / 24.08.2016
7496
2 daqiqa o‘qiladi

Italiyadagi zilzila oqibatida qurbon bo‘lganlar soni ma'lum qilindi

14 kishi Italiyadagi kuchli zilzila va qaytalanish vaqtida halok bo‘lgan. Bu haqda mamlakat hukumati vakili RAI telekanali orqali xabar bergan.

Amatriche shahrida zilzila tufayli 8 kishi halok bo‘lgani tasdiqlandi. Akkumoli shahridagi qurbonlar soni esa 4 nafar.

"4 kishi xarobalar ostida qolib ketgan. Ularni qutqarib qolishning iloji bo‘lmadi. Ota va ona hamda ularning ikki farzandi", degan Akkumoli shahri meri Stefano Petruchchi.

Shuningdek, Arkuata-del-Tronto shahrida ikki kishi halok bo‘lgan.

Zilziladan eng ko‘p jabr ko‘rgan shahar bo‘lmish Amatriche shahri meri Serdjio Pirotstsi ham shaharning deyarli yarmi vayron bo‘lgani, xarobalar ostida odamlar qolib ketgani haqida ma'lum qilgandi.

24 avgustga o‘tar kechasi, mahalliy vaqt bilan soat 01:36da (Toshkent vaqti bilan soat 6:36da) Italiyaning markaziy qismida 6,1 balli zilzila qayd etildi. Zilzila kuchini mamlakat poytaxti Rim shahrida ham sezishgan.

Mavzuga oid