Xitoy tashqi ishlar vazirligi dushanba kuni Xitoy barcha possovet mamlakatlar suverenitetini hurmat qilishini ma’lum qildi. Bu bayonot xitoyliklarning Fransiyadagi elchisi fransuz telekanaliga bergan intervyusida sobiq SSSR davlatlari maqomini shubha ostiga olishi tufayli yuzaga kelgan mojaro fonida berildi.
Elchi Lu Shayning so‘zlariga Ukraina va Boltiqbo‘yi mamlakatlari keskin munosabat bildirdi. Latviya, Litva va Estoniya dushanba kuni Xitoy elchilarini tushuntirish berish uchun chaqirtirdi.
«Tegishli masala bo‘yicha Xitoyning pozitsiyasi o‘zgarmagan. Hududiy suverenitetga kelsak, Xitoyning pozitsiyasi doimo aniq bo‘lib kelgan. Xitoy barcha mamlakatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qiladi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti nizomining maqsad va tamoyillarini qo‘llab-quvvatlaydi», dedi dushanba kuni Xitoy TIV rasmiysi Mao Ning matbuot uchun brifing chog‘ida - undan Fransiyadagi elchining so‘zlari Xitoyning rasmiy pozitsiyasini qanchalik aks ettirishi haqida so‘ralgandi.
«Sovetlar ittifoqi parchalanganidan keyin Xitoy birinchilardan bo‘lib yangi tashkil topgan mamlakatlar bilan diplomatik aloqalar o‘rnatdi va shu paytdan boshlab ikki tomonlama munosabatlar, do‘stlik va hamkorlikni rivojlantirish uchun doimo o‘zaro hurmat va tenglik tamoyillariga amal qilib keladi», deya davom etgan u.
Shuningdek, Mao Ning ba’zi ommaviy axborot vositalari Xitoyning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasini «buzib ko‘rsatayotgani»ni qo‘shimcha qildi, lekin aniq nomlarni aytmadi.

Xitoyning Fransiyadagi elchixonasi ham xitoylik diplomatning so‘zlari faqat uning o‘ta shaxsiy fikri bo‘lgani, bu so‘zlar siyosiy bayonot hisoblanmasligi va ortiqcha talqin qilinmasligi kerakligini bildirgan.
Avvalroq Yevroittifoq diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel elchi Lu Shayning so‘zlarini yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan so‘zlar deb atagandi va bu so‘zlar Xitoy hukumatining rasmiy pozitsiyasini aks ettirmasligiga umid bildirgandi.
Litva tashqi ishlar vaziri Gabriyelyus Landsbergis dushanba kuni ma’lum qilishicha, Xitoyning Litva, Latviya va Estoniyadagi elchilaridan Lu Shayning so‘zlari nimani anglatishini tushuntirib berish so‘ralgan.
«[...] ularga eslatib o‘tish kerakki, biz possovet davlatlari emas, balki sovetlar ittifoqi tomonidan noqonuniy bosib olingan davlatlarmiz», degan Landsbergis.










