O‘zbekiston | 16:43 / 20.02.2026
11914
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda hokim o‘rinbosari tezkor tadbirda qo‘lga olindi

Jarqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari hokimlik zaxirasidagi 9 ga yer maydonini poliz ekinlari ekish uchun 4 oy muddatga ijaraga berish evaziga 90 mln so‘m talab qilgan. U kelishilgan puldan 30 mln so‘mini avvalroq olgan. Qolgan 60 mln so‘mni olayotganda esa tezkor tadbirda ushlangan. Hokim o‘rinbosariga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Foto: Videodan kadr

Surxondaryoda hokim o‘rinbosari va Namanganda hokim yordamchisining noqonuniy harakatlari fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Jarqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan holda hokimlik zaxirasidagi 9 ga yerni ijaraga bermoqchi bo‘lgan. U ushbu yer maydonini Sherobod tumanida yashovchi fuqaroga poliz ekinlari ekish uchun 4 oy muddatga ijaraga berish evaziga 90 mln so‘m talab qilgan. “Zamhokim” joriy yil yanvar oyida kelishilgan pulning 30 mln so‘mini olgan.

U qolgan 60 mln so‘mni Termiz shahridagi umumiy ovqatlanish shoxobchasida olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlangan.

Holat yuzasidan ushbu mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Namangan viloyati Chust tumani mahallalaridan birida ishlovchi hokim yordamchisi 2022 yilda “Sadacha” kichik sanoat zonasi hududidan o‘zining qarindoshiga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish maqsadida ajratib berilgan 43 sotix yer maydonining 20 sotix qismini hokimiyatdagi tanishlari orqali boshqa fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 23 ming dollar talab qilgan. U oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid