Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroil Iordan daryosining G‘arbiy sohilida 19 ta yangi posyolkani ma’qulladi
Iordan daryosining G‘arbiy sohilida yahudiylar posyolkalarini kengaytirish Falastin davlatini tuzishning oldini olishi kerak, dedi Isroilning o‘ta o‘ng qarashli moliya vaziri Betsalel Smotrich.
Foto: Menahem Kahana/AFP/Getty Images
Isroil hukumati Iordan daryosining G‘arbiy sohilida yana 19 ta yahudiylar posyolkasini qurishni ma’qulladi. Bu haqda yakshanba kuni, 21 dekabrda, Isroil moliya vaziri, o‘ta o‘ng qarashli “Diniy sionizm” partiyasi rahbari Betsalel Smotrichning idorasi xabar berdi.
Mazkur tashabbus mualliflari — Smotrichning o‘zi va Isroil mudofaa vaziri Israel Kats. Shu tariqa, xalqaro huquq normalariga zid ravishda G‘arbiy sohilda barpo etilgan yahudiylar posyolkalari soni 69 taga yetishi kerak. AFP izohlashicha, ma’qullangan 19 posyolkaning 5 tasi allaqachon mavjud, ammo hozirgacha Isroil qonunlari bo‘yicha rasman tan olinmagan. Yana ikki posyolka esa ikki o‘n yil avval buzib tashlangan, endi esa qaytadan tiklangan.
Betsalel Smotrichning aytishicha, bunday qadam Falastin davlatini tuzishning oldini olishi kerak, chunki Isroil bunday istiqbolni o‘z xavfsizligiga tahdid deb baholaydi.
Falastin davlatchiligini tan olish tarafdori bo‘lgan mamlakatlar soni dunyoda oshib bormoqda. Germaniya kansleri Fridrix Mers dekabr boshida Isroilga tashrifi chog‘ida ham shunday rejani ma’qullashini aytgan. Biroq u Germaniya bugunning o‘zida bunday davlatni tan olishga tayyor emasligini qayd etgan.
Isroil 1967 yildagi Olti kunlik urush paytida Iordan daryosining G‘arbiy sohili ustidan nazorat o‘rnatgan. Xalqaro huquqqa ko‘ra, ushbu Falastin hududlarida yahudiylar posyolkalarini qurish noqonuniy hisoblanadi.
Jahon hamjamiyatining e’tirozlariga qaramay, Isroil so‘nggi o‘n yilliklarda G‘arbiy sohilda o‘nlab posyolkalar qurdi. U yerda taxminan 500 ming yahudiy istiqomat qiladi. Hududdagi Falastin aholisi soni esa qariyb 3 million nafarni tashkil etadi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvaridan dekabrigacha Isroil G‘arbiy sohilda 47 390 ta uy-joyni qurish bo‘yicha loyihalashtirgan, ma’qullagan yoki tender e’lon qilgan. Taqqoslash uchun: 2017–2022 yillar oralig‘ida bu hududda yahudiylar posyolkalari yiliga o‘rtacha 12 815 ta uy-joyga kengayib borgan.
Yaqin Sharqdagi vaziyat 2023 yil 7 oktyabrda keskinlashdi. Yevropa Ittifoqi va AQShda terroristik tashkilot deb tan olingan HAMAS harakati Isroilga keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Jangchilar Isroilga ommaviy raketa zarbalarini berdi, uning hududiga bostirib kirdi va taxminan 1200 kishini o‘ldirdi. Shuningdek, ular 250 dan ortiq garovga olinganlarni qo‘lga kiritib, G‘azo sektoriga olib ketdi. Garovdagilarning bir qismi almashtirilgan yoki ozod qilingan, bir qismi esa halok bo‘lgan.
Javob tariqasida Isroil HAMASga qarshi urush e’lon qildi. G‘azo sektoridagi quruqlik amaliyoti va bombardimonlar natijasida 60 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, yana 145 mingdan ziyodi yaralangan.
Mavzuga oid
15:41 / 20.12.2025
Isroil sulhga qaramay G‘azodagi boshpanaga hujum uyushtirdi: kamida 6 kishi halok bo‘ldi
10:17 / 15.12.2025
HAMAS o‘z rahbarlaridan biri halok bo‘lganini tasdiqladi
13:17 / 29.11.2025
Isroil kuchlari qurolsiz va taslim bo‘lgan ikki falastinlikni otib o‘ldirdi (video)
09:12 / 25.11.2025