Jahon | 19:08 / 17.11.2025
4060
8 daqiqa o‘qiladi

Bin Salmonning AQShga tashrifi: mudofaa, sun’iy intellekt va yadroviy masalalar kun tartibida

Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon – jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilganidan yetti yil o‘tib, ilk marta Oq uyga kelmoqda. Qirollikning de-fakto rahbari AQShdan Qatardagi kabi xavfsizlik kafolatlari va AI texnologiyalari bo‘yicha kelishuv izlayapti.

Donald Trampning Ar-Riyodga tashrifi. 13 may 2025 yil / Foto: Reuters

18-19 noyabr kunlari Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon AQShga tashrif bilan kelmoqda. U Oq uyda prezident Donald Tramp bilan neft va xavfsizlik bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirish masalasini gaplashadi. Reuters nashri Bin Salmonning tashrifi davomida ko‘rib chiqilishi kutilayotgan masalalarga to‘xtaldi.

Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi va Muhammad bin Salmon

Uning tashrifi AQSh OAVlarida yirik mavzuga aylangani bejiz emas. 2018 yil oktabr oyida Istanbuldagi Saudiya Arabistoni konsulxonasida qirollikning tanqidchisi bo‘lgan jurnalist Jamol Qoshiqchi o‘ldirilgan edi.

Saudiyalik taniqli jurnalist Jamol Qoshiqchi 2017 yildan AQShda yashagan va Washington Post gazetasida ishlagan. U Istanbuldagi Saudiya konsulxonasiga 2018 yil 2 oktyabrda hujjatlarni rasmiylashtirgani kelgach, izsiz yo‘qolgan. Shundan keyin uning o‘ldirilgani va buni Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon shaxsan buyurgani haqida taxminlar paydo bo‘lgan.

AQSh razvedkasi Bin Salmon Qoshiqchini qo‘lga olish yoki o‘ldirishga ruxsat bergan, degan xulosaga kelgan. Valiahd shahzoda esa ushbu operatsiyani buyurganini inkor etgan, biroq qirollikning de-fakto rahbari sifatida mas’uliyatni tan olgan. Uning o‘ldirilishida, saudiyalik agentlar aybdor, deb topilgan va uzoq muddatlarga qamalgan.

Jurnalist Jamol Qoshiqchi / Foto: AP

Lekin jurnalistning o‘ldirilishi unutilmadi. Inson huquqlari faollari va jurnalistlarda ikkala yetakchiga ham ko‘plab savollar bor.

«Qoshiqchi butunlay unutilmadi. Lekin ikki muhim davlat o‘rtasidagi munosabat faqat bitta hodisaga asoslanishi kerakmi? Yoki AQSh va Saudiyaning kelajakdagi katta manfaatlari ham hisobga olinishi lozimmi?» deydi Vashingtondagi Arab Ko‘rfazi Davlatlari Institutining prezidenti Duglas Silliman.

Oradan yetti yildan ko‘proq vaqt o‘tib, global noroziliklarning pasayishi va Yaqin Sharqda keskinliklar oshishi fonida shahzoda AQShga kelmoqda.

Endilikda Muhammad bin Salmon o‘zini tinchlik vositachisi sifatida ko‘rsatmoqda. Uning Eron bilan munosabatlarni tiklash, G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish uchun bosim o‘tkazish va Suriyaning arab dunyosiga qaytishini qo‘llashi – keskin burilish bo‘ldi.

«Ham islohotchi, ham avtoritar» bin Salmon qirollikni o‘zgartirayotgan va uning yangi kelajagini qurayotgan shaxs sifatida ko‘rilmoqda.

Asosiy e’tibor – mudofaa kelishuvlari bo‘ladi

Bu tashrifdan ikki tomonning maqsadi ham foyda olish. Xususan, Tramp may oyidagi qirollikka qilgan tashrifi chog‘ida berilgan 600 milliard dollarlik investitsiya va’dasidan foyda olmoqchi. Nashrning yozishicha, bu safar inson huquqlariga oid xavotirlar tilga olinmasligi kutilmoqda.

Qo‘shma Shtatlar va Saudiya Arabistoni uzoq yillar davomida kelishuvga ega bo‘lgan: unga ko‘ra, Qirollik neftni qulay narxlarda sotadi, AQSh esa buning evaziga uning xavfsizligini ta’minlaydi.

Lekin 2019 yilda Eron Saudiyadagi neft obektlariga zarba bergach, AQSh hech qanday javob qaytarmadi natijada bu «kelishuv» izdan chiqdi. Xavfsizlik bilan xavotirlar joriy yil sentabr oyida yana kuchaydi: Isroil Hamas yetakchilarini bahona qilib Qatar poytaxtini nishonga oldi.

Isroilning Dohaga zarbasi oqibati / Foto: Reuters

Shundan so‘ng Tramp Qatarga keng kafilliklar bergan mudofaa paktini imzoladi. Ko‘plab tahlilchilar va mintaqadagi rasmiylarning fikricha, saudlar ham shunga o‘xshash kafolat hujjati olishi mumkin.

Bundan tashqari, avvalroq AQSh prezidenti ma’muriyati Saudiya Arabistonining 48 tagacha F-35 qiruvchi samolyotlarini sotib olish bo‘yicha so‘rovini ko‘rib chiqayotgani xabar qilingandi. Milliardlab dollarlik ehtimoliy bitim bin Salmonning AQShga tashrifi arafasida Pentagon ichida muhim bosqichdan o‘tgan.

Saudiya Arabistoni so‘nggi muzokaralarda AQSh Kongressi tomonidan tasdiqlanadigan mudofaa pakti imzolanishini kutmoqda. Ammo Vashington bu kelishuvni – Saudiyaning Isroil bilan munosabatlarini normallashtirishiga bog‘lagan.

Ar-Riyod esa buni to‘laqonli Falastin davlati tuzilishiga doir majburiyat olish bilan bog‘lagan. G‘azoda ikki yillik urushdan so‘ng Tramp vositachiligida sulhga imzo chekkan Isroil hozircha Falastin davlatiga qarshi. Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu yakshanba kuni buni yana bir bor ta’kidladi.

Trampning Qatar bilan tuzilgan paktga o‘xshash mudofaa kelishuvi saudiylar izlayotgan to‘liq kelishuv darajasiga yetmaydi. Nayf Arab Xavfsizlik Fanlari Universitetidagi xalqaro munosabatlar bo‘yicha olim Aziz Alg‘oshianning aytishicha, bu kelishuv «jarayonning yakuni emas, bir bosqichi» bo‘ladi.

«Tramp normallashtirishni xohlaydi, Saudiya esa to‘liq mudofaa paktini. Lekin sharoit bunga yo‘l qo‘ymaydi. Oxir-oqibat, har ikki tomon ham xohlaganidan kamrog‘ini oladi. Diplomatiya shunday narsa», degan Ko‘rfazda faoliyat yuritadigan g‘arblik diplomat.

Vashingtondagi Yaqin Sharq Siyosati Institutida faoliyat yuritayotgan Dennis Rossning aytishicha, Saudiya kutayotgan har qanday farmon – AQShni qirollikni faol himoya qilishga majbur qilolmaydi. Shu bilan birga, bu kelishuv turli yordam shakllarini o‘z ichiga olishi mumkin. «Qurollarni almashtirishdan tortib, THAAD yoki Patriot kabi mudofaa raketa tizimlarini joylashtirish, dengiz kuchlarini safarbar etishgacha. Hattoki janglarda nafaqat mudofaa, balki hujumkor ishtirokigacha,» dedi u.

AI va yadroviy energiya

Saudiya Arabistoni iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va mintaqaviy raqiblarga nisbatan mavqeyini mustahkamlash uchun «Vision 2030» rejasini olg‘a surmoqda. Buning uchun yadroviy energiya va sun’iy intellekt bo‘yicha ham bitimlar izlamoqda.

AQShdan yuqori darajadagi kompyuter chiplariga ruxsat olish qirollikning global AI markaziga aylanish rejasining bir qismidir. Bundan tashqari, iyun oyida ko‘p milliard dollarlik ma’lumot markazi bo‘yicha bitim imzolagan BAA bilan raqobat uchun ham bu muhim.

Foto: Bloomberg

Muhammad bin Salmon shuningdek, AQSh bilan Saudiya fuqaroviy yadroviy dasturini rivojlantirish bo‘yicha kelishuv imzolashni xohlaydi. Bu uning neftga qaramlikni kamaytirish yo‘lidagi harakatlarining bir qismi.

Bunday kelishuv AQSh yadroviy texnologiyasiga kirish, xavfsizlik kafolatlari olish imkonini beradi. Shuningdek o‘z dasturiga ega bo‘lgan BAA va an’anaviy raqibi Eron bilan tenglashishi uchun ham imkoniyat.

Biroq AQSh bilan bitim bo‘yicha siljish qiyin bo‘ldi. Chunki saudiylar AQShning uranni boyitish yoki sarflangan yoqilg‘ini qayta ishlashni taqiqlovchi talabiga rozi bo‘lmagan. Bu ikkisi esa bomba yaratish yo‘lidagi potensial qadamdir.

Tahlilchi Dennis Rossga ko‘ra, shunga qaramay yadroviy energetika bo‘yicha kelishuv yoki bu yo‘ldagi dastlabki qadamlar e’lon qilinishini ham mumkin. 

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid