Jamiyat | 10:00 / 01.01.2026
77215
3 daqiqa o‘qiladi

“70 yoshda farzandli bo‘lishning gashti boshqacha ekan” – 7 qizdan keyin o‘g‘il ko‘rgan ota

Oramizda “Yetmishvoylar” hali ham bor ekan. 70 yoshni qoralagan Ma’mur ota O‘rinboyev 7 qizdan keyin o‘g‘il farzandli bo‘ldi. Qahramonimiz odamlarning uyida o‘choq, tandir yasaydi, ustachilik bilan shug‘ullanadi. “Bir etak qizdan keyin Alloh meni ham o‘g‘il farzand bilan siyladi. Shu yoshda buning gashti boshqacha bo‘lar ekan. Yosharib ketgandekman. Ishdan qaytishda har kuni o‘g‘ilchamga do‘kondan “paspers” sotib olaman. O‘g‘limning kulganini ko‘rib charchoqlarim chiqib ketadi”, deydi u sevinib.

Avvallari 70 yoshida farzand ko‘ribdi, deyishsa hech kim ajablanmagan. Hozirga kelib bu yoshda farzandli bo‘lish haqiqatan ham “noyob” holat. Farg‘onaning Qo‘shtepa tumanida yashovchi Ma’mir ota O‘rinboyev 7 qizdan keyin shu yili o‘g‘il farzand ko‘rdi.

“1980 yilda uylandim. Farzand kuta boshladik. Yaxshi niyatda agar o‘g‘il bo‘lsa ismini Ma’rifjon qo‘yamiz, deya ahd qilgandik. Yaratgan bizga qiz farzand berdi. 6 nafar qizni voyaga yetkazdim. Barchasini turmushga uzatdim, uyli-joyli qildim. Qizlarim ko‘pligidan nolimaganman.

Turmush o‘rtog‘imning umri qisqa ekan. 53 yoshida vafot etdi. Bandasi yolg‘izlikni ko‘tara olmas ekan. Ikkinchi marta uylandim. Ikkinchi ayolimdan o‘g‘il farzand ko‘rdim. Birinchi ayolimning vasiyatiga ko‘ra uning ismini Ma’rufjon deb qo‘ydik. Uylanganimdan keyin 45 yilda o‘g‘il farzand nasib qildi. Ana shu o‘g‘lim uchun ham Yaratgandan tan-u jonimiz sog‘ bo‘lishini so‘rayapman. O‘g‘lim yo‘q deb o‘ksib yurardim. Niyatimga yetdim. Xudoga beadad shukur. Alloh umrimizni ziyoda qilib kelinlar olaylik, kelinlarning qo‘lidan choy ichaylik.

Ro‘zg‘or uchun yetkaza olmay qolamanmi, degan o‘y xayolimdan o‘tmaydi. Faqat harakat qilaman, yaratgandan kuch-quvvat tilayman. Boriga shukur qilamiz, yo‘g‘iga sabr. Odamlarning uyida ustachilik qilaman. Tandir-o‘choq yasayman. Pul ishlab kelib do‘kondan chaqaloq uchun pampers sotib olaman. Uy sovib ketmasligi uchun o‘tin tayyorlayman. Xullas, shu yoshimda ham tetikman. Farzandim uchun ham yashashim kerak.

Yaqinda qizlarim Umraga jo‘natishdi. Safarda ham Ma’rufjonimni juda sog‘indim. 70 yoshda o‘g‘il farzandli bo‘lishning gashti boshqacha ekan”, deydi qahramonimiz.

Sarvar Ziyoyev,
Sardor Mamirov,
Kun.uz

Сарвар Зияев
Muallif Сарвар Зияев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid