17:40 / 12.03.2019
26756

Muazzam va sirli. Zidanning «Real»i haqida 15 tezis

Fransiyalik murabbiy yana «Real»ga qaytdi. Aytish mumkinki, u o‘zi uchun eng qulay vaqtni tanladi – zero endi jamoaga bosim qilib turgan birorta turnir qolmadi. Endi yozgacha Zidan bemalol jamoani kelasi mavsumga tayyorlashi, ba'zi futbolchilar borasida yakuniy qarorlarga kelishi mumkin.

Lekin yana aytish mumkinki, bu davr ham Zidanning Madridda qanday jamoa qurmoqchi ekani haqida aniq ma'lumot berishi qiyin. Chunki, uning ushbu jamoadagi ikki yarim yillik faoliyati ham ba'zi savollar qoldirgan, kimdir Zidanning muvaffaqiyatlarini omad yoki futbolchilarning mahoratiga bog‘laydi, hatto. Spors.ru portalining taniqli blogerlaridan biri Vadim Lukomskiy esa, o‘sha o‘tgan davrdan ham Zidan haqida bir qator tezislar topibdi. E'tiboringizga havola qilamiz.

1. Zidan va Kazemiro

Zidanning eng ahamiyatli qarorlaridan biri Kazemironing asosiy tarkibdagi almashtirib bo‘lmas o‘rni bo‘lgandi. Xavining aytishicha, aynan Kazemiro «Real»ni muvozanatli jamoaga aylantirgandi:

«O‘yin xaotik tarzga o‘tganda, Kazemiro juda katta zonaga javobgar bo‘ladi. «Real» maydon markazisiz o‘ynay boshlaydi, yetti futbolchi hujumchiga aylanadi, ana o‘shanda, Kazemironing bir o‘zi tayanch zonasini nazorat qiladi. Xaotik deganda shuni nazarda tutyapman, Buskets hech qachon unday vazifani bajara olmasdi, chunki hatto men undan tezroq yuguraman. Kazemiro esa, aksincha, juda tezkor».  

2. Zidan va rotatsiya

Natijalar nuqtai nazaridan, Zidan uchun eng muvaffaqiyatli davr - 2016/17 yilgi mavsumdir. Shu davrda murabbiy o‘zini rotatsiya qiroli sifatida namoyon qilgandi. Alvaro Morata asosiy tarkibda joyi bo‘lmay turib, La Ligada 15 gol urdi. Lukas Vaskes va Xames Rodriges haqida ham shunday deyish mumkin. Tarkibdagi boshqa futbolchilar ham yuqori saviyani ushlab turishdi va bularning hammasi Zidanning tarkib tanlash borasidagi muhim va foydali qarorlari tufaylidir.

«Madrid» o‘sha mavsumda chempion bo‘ldi va ispan matbuotida «Real»ning ikkinchi yoki uchinchi tarkibi shunchalik kuchliki, bemalol ligada kuchli uchlikka kirishi mumkin» deb hazillashishardi.

3. Zidan va sxema

2016/17 yilgi mavsumda «Real»ning «pikka chiqishi»ga sabablardan biri sifatida Garet Beylning jarohatini keltirish mumkin. Natijada, Zidan 4-4-2 sxemasining romb variantini qo‘llay boshladi – Benzema va Ronaldu hujumda, ularning ortida esa Isko joylashdi.

Bu sxema «Real» o‘yiniga barqarorlik olib keldi va bir pog‘ona yuqori bosqichga ko‘tardi. Xuddi shu sxema va tarkibda «Real» ikki marta Chempionlar Ligasini va bir marta La Ligani yutdi.

4. Zidan va realizatsiya

Zidanning «Real»dagi oxirgi mavsumini u qadar yuqoriga qo‘ymaydilar. To‘g‘ri, jamoa o‘sha yili «Barselona»ga chempionatda qarshilik qila olmadi, ammo buning sababi, yomon o‘yin emas, asosan vaziyatlardan foydalanish borasidagi oqsash bo‘lgandi. Ayniqsa, mavsumning birinchi yarmida Krishtianu Ronaldu bu borada juda yomon natija qayd etgandi. Ikkinchi davrada «Real» avvalgi saviyasiga qaytdi, ammo «Barselona» ancha ilgarilab ketib bo‘lgandi.

Yaratilgan xavfli vaziyatlar va zarbalar borasida hatto «Real» kataloniyaliklardan yaxshiroq ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgandi, o‘shanda. To‘g‘ri, bu bilan madridliklarni chempionga aylantirish xato, ammo kamida chempionlik uchun munosib kurashish lozim bo‘lgan bu o‘yin bilan.

5. Zidan va Modrich

Aytish mumkinki, Zidanning eng e'tiborga molik ustunliklaridan biri raqibning kuchli va kuchsiz tomonlarini o‘rganib, ularning o‘yiniga jamoasini moslay olishidir. Bu borada u dunyoda eng yaxshilardan biridir.

Masalan, Zidanni «Real»da hujumni tashkil qilish borasidagi no‘noqliklari haqida ko‘p ayblashadi. Futbolchilarning maydonda joylashuvi, bir-birlariga bo‘lgan masofalar pozitsion hujumni tashkil qilishda muammo tug‘diradigandek tuyulardi. Ammo aslida murabbiy Luka Modrich va Toni Kroosga maydonda shunday rol bergan ediki, bu yarimhimoyachilar kutilmagan qarorlar va paslarni ijro etish erkinligiga ega edi. Natijada, juda ko‘p hollarda «Real» ko‘rinishidan yo‘q joydan vaziyatlar yarata olardi.

6. Zidan va to‘psiz faollik

Ammo shu bilan birga, Zidan nafaqat futbolchilarning individual mahoratiga tayanardi, balki bu borada yordam ham berardi. Masalan, Modrich va Kroosga yanada kengroq imkoniyat taqdim etish maqsadida, Kazemiro hujumning dastlabki fazasida juda yuqori joylashar, deyarli hujumkor futbolchining o‘rnini egallardi. Ammo bu harakatlar pas uchun ochilish emas, raqibning ba'zi futbolchilarini diqqatini jalb qilib, Modrich va Kroosga kerakli zonalarni ochish uchun amalga oshirilardi.

Bu kabi mayda detallar futbolchilarning individual mahorati va taktik vazifalari o‘rtasidagi muhim balansni saqlashga yordam berardi.

7. Zidan va qarshi hujumlar

Ammo shu bilan birga, «Real» o‘yinida ba'zi muammolar hal qilinmagandi. Qo‘yidagi suratga e'tibor bersangiz, ko‘pincha, madridliklar pozitsion hujum uyushtirishganda U harfiga o‘xshash joylashuvda bo‘lib qoladi. Raqibning tayanch zonasiga kirmay turib, bu tariqa to‘pni nazorat qilish u qadar xavf solmaydi.

Yuqorida bu kamchiliklar Modrich va Kroosning mahorati evaziga hal qilinganini aytdik, lekin raqib to‘pni egallab, qarshi hujumga tashlanganida, bu joylashuv ancha xavflidir. Chunki, tezkor qarshi pressingni amalga oshirish imkoniyati bo‘lmaydi.

«Real» katta o‘yinlarda ancha ehtiyotkor harakat qilgan, ammo La Ligada juda ko‘p jamoalar bunday holatlarda jazolab ketishgan. La Ligadagi beqarorlik va Chempionlar Ligasida jamoa kuchliroq bo‘lganining izohlaridan biri shu.

8. Zidan va standart vaziyatlar

Aksariyat hollarda esa, Zidanga standart vaziyatlar yordamga kelardi. Zidan murabbiy bo‘lgan har mavsumda standart vaziyatlardan gol urish bo‘yicha «Real» yetakchi bo‘lgan. Chempionlik mavsumida esa, bunday holatlardan o‘tkazib yuborilgan gollar bo‘yicha ham, «Real»ning ko‘rsatkichlari eng yaxshi edi.

Albatta, standart vaziyatlardan to‘p oshirish qiroli bo‘lgan Toni Kroos, shuningdek, jamoa futbolchilarining jismoniy ko‘rsatkichlariga ham e'tibor berish kerak, ammo baribir, «Real» Zidan paytida aynan shu vaziyatlar borasida juda ko‘p ishlovlar, tayyorgarliklarni namoyish qilganini ta'kidlash kerak.

9. Zidan va Marselo

Dunyoning eng yaxshi qanot futbolchilaridan biri Marselo aynan Zidan qo‘l ostida cho‘qqiga chiqqandi.

Ayniqsa, Solari davrida Marselo Regilonga raqobatda yutqazganini e'tiborga olsak, futbolchining faoliyatida Zidanning o‘rni beqiyosligini ko‘ramiz. Chempionlik yilida Marselo 10 marta golli pas amalga oshirdi, o‘tgan yili esa, Chempionlar Ligasining har bosqichida yo gol urdi yoki golli pas bilan jamoasiga yordam berdi.

Marselo himoyalanishi kerak bo‘lgan zona xuddi Gvardiola davrida Dani Alveshda bo‘lgani kabi, nomiga tilga olinardi, xolos. Raqiblar Marseloning hujumidan shu qadar qo‘rqishardiki, uning qanotidagi bo‘shliqdan foydalanib, hujum tashkil qilish xayollariga ham kelmasdi. Zidan ketganidan keyin, Marseloning sehri ham yo‘qoldi.

10. Zidan va Klopp

Ko‘pchilik Zidanning ajoyib taktik qarorlarini va kutilmagan yechimlarini e'tiborga olishmasdi. Ayniqsa, Mateo Kovachichning El Klasikoda Messiga personal bog‘lanishini eslash mumkin.

Yoki aytaylik, o‘tgan mavsumda qo‘rqmasdan ikki futbolchini almashtirish orqali, Zidan «PSJ»ga qarshi o‘yinda burilish yasagandi. Bu birinchi o‘yinda ro‘y bergan, Toni Kroos o‘yindan keyin tan olishicha, ba'zi murabbiylarning xayoliga bu kelishi mumkin, ammo amalda qo‘llashga qo‘rqqan bo‘lishardi.

Va albatta, «Yuventus»ga qarshi kechgan final o‘yini tanaffusidagi Zidanning ta'sirli so‘zlarini eshitgan bo‘lsangiz kerak.

Umuman, Zidanni faqat buyuk motivator sifatida biladiganlar ham talaygina. Bu haqida Yurgen Klopp ajoyib fikr bildirgandi:

«Men haqimda ham odamlar taktik bilimlari yetarli bo‘lmagan motivator, deyishadi. Xo‘p, buni rost deb qabul qilganimizda ham, demak, eng katta turnir finalida ikki shunday murabbiy jamoasi to‘p surar ekan-da? Qizig‘-a».

11. Zidan va pressing

Yuqori pressing – Zidan tez-tez amalga oshirmoqchi bo‘lgan, lekin muhim pallalarda o‘zini tayyor deb bilmay, voz kechgan uslublaridan biri. Balki, buning asosiy sabablaridan biri Krishtianu Ronalduning doimiy erkin bo‘lishini ta'minlash bo‘lgandir. Ya'ni, yuqori pressingda o‘ynash uchun maydondagi har bir futbolchi bu jarayonda faol bo‘lishi talab etiladi.

2014 yilda Zidan «Marsel»da Belsa qo‘l ostida amaliyot o‘tagan va murabbiyning aytishicha, Zidan undan aynan yuqori pressingni muvaffaqiyatli amalga oshirish borasida juda ko‘p savol so‘ragan. 

12. Zidan va Ronaldu

Yuqori pressingdan voz kechish Zidanning Krishtianuga yagona yon bosishi emas. Quyidagi qaror ham «Real»ga ancha yordam bergan.

«Real» Zidan qo‘l ostida doimo yuqorilatib jarima maydoniga to‘p oshirish bo‘yicha kuchli uchlikka kirardi. Modrich va Kroos raqibning tayanch zonasida kombinatsiyalar qilishga urinishmasdi, ularning asosiy vazifasi to‘pni oldinga harakatlantirish bo‘lgan. Kazemiro qanot himoyachilarining faolligi, hujum va himoya o‘rtasidagi balansni saqlagan, Benzema aldamchi harakatlar orqali raqib himoyasida bo‘sh zonalar hosil qilar – bularning hammasi Krishtianu Ronalduni xavfli hujumchiga aylantirish uchun amalga oshirilgan.

So‘nggi mavsumda Ronaldu haqiqiy jarima maydoni futbolchisiga aylandi. Bunga javoban portugaliyalik hujumchi futbol tarixida o‘rtacha har o‘yinda jarima maydoni ichidan darvozaga eng ko‘p zarba beradigan futbolchiga aylandi – 5.2. Hech kim hatto bu borada 4.5 natijasiga ham ko‘tarila olmagandi. Hozir Ronaldu Turinda 3.7 ko‘rsatkichga ega, bu ham yaxshi, ammo Zidan davrida umuman fantastik daraja edi.

13. Zidan va hujumkorlik

Zidan strateg sifatida ham o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatgandi. La Ligadagi beqaror natijalarga qaramasdan, agar vaziyatga chuqurroq qarasak, so‘nggi mavsumda «Real» o‘yin uslubi borasida eng jasur jamoalardan biriga aylangandi.

«Madrid» to‘p nazorati bo‘yicha 58 foizni ko‘rsatdi, 32 foiz esa, «Real» o‘yini raqibning 1/3 maydonida o‘tdi. Bu borada u hatto chempion – «Barselona»ni ham ortda qoldirgandi.

14. Zidan va Peres

«Real»ning sobiq prezidenti Ramon Kalderonning aytishicha, Zidan jamoadan charchoq yoki jamoaga ishonchsizligi uchun emas, Peres bilan taktik tomondan ziddiyatlar tufayli ketgandi.

O‘tgan yilgi finaldan so‘ng, har jamoaning asosiy ikki futbolchisi – Krishtianu Ronaldu va Garet Beyl Madriddan ketishini aytgandi. Zidan Ronalduni olib qolish va Beylga ruxsat berishni istagan bo‘lsa, Peres buning aksini xohlagan. Ya'ni, prezident Beylni foydaliroq deb bilgandi.

15. Zidan va «Real»

Baribir ham, Zidan fenomeni ancha murakkab. U dunyoning eng top-klubida uch yilga yaqin faoliyat olib bordi, juda ko‘p sovrin yutdi. Ammo shu bilan birga, uning aniq uslubi, darajasi va «Real»ning muvaffaqiyatlaridagi ulushi haqida aniq xulosa aytish hali ham qiyin bo‘lib qolaveradi.

Balki ana endi aniqroq fikrlar yangrar... Zero, endi uni Benites yoki avval ishlagan boshqa murabbiylar bilan emas, uning o‘zi bilan solishtirishadi. Uch yilda uch marta Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan «Real» murabbiyi bilan...

Top