Jahon | 11:23 / 31.10.2025
3028
8 daqiqa o‘qiladi

Ilon Maskning Grokipedia’si «Vikipediya»dan yaxshiroqmi? U qay darajada xolis?

Ilon Mask sun’iy intellekt tahrirlaydigan Grokipedia onlayn-ensiklopediyasini ishga tushirdi. Uning aytishicha, loyiha «Vikipediya»ning so‘lga moyil qarashlariga muqobil sifatida yaratilgan. Konservativ qarashlarga ega biznesmenning yangi platformasiga qay darajada ishonish mumkin?

Foto: AP

SpaceX orqali kosmik parvozlar, Tesla orqali elektromobillar va X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ini boshqarish bilan cheklanishni istamagan Ilon Mask endilikda Grokipedia («Grokipediya») deb nomlangan yangi onlayn-ensiklopediyani boshqarmoqda — u «Vikipediya»ni almashtirmoqchi.

Nomdagi “Grok” atamasi Maskning xAI startapi tomonidan ishlab chiqilgan va X bilan bog‘langan shu nomli til modeliga (LLM) ishora qiladi. Aynan Grok Grokipedia’da e’lon qilinadigan faktlarni tekshirishga mas’ul etib qo‘yilgan. Biroq boshqa LLM singari Grok ham dezinformatsiya tarqatishdan sug‘urtalanmagan: masalan, 2025 yilda u foydalanuvchilarga Xolokost haqidagi uydirma nazariyalarini ulashgan va Adolf Hitler haqida ijobiy fikr bildirgan holatlar kuzatilgan.

Maqola yozilayotgan paytda Grokipedia v0.1'da taxminan 900 mingtadan ozroq maqola bor edi, buning muqobili sifatida 2001 yilda yaratilgan va dunyoning eng ko‘p tashrif buyuriladigan saytlaridan biri bo‘lib qolayotgan «Vikipediya»ning faqat inglizcha talqinining o‘zida taxminan 7 million maqola mavjud. Maskning fikricha, uning ensiklopediyasi hozirning o‘zida «Vikipediya»dan yaxshiroq, «1.0» yangi versiyasi esa hozirgi v0.1'dan «o‘n barobar yaxshiroq» bo‘ladi.

«Men “Vikipediya”ni yaxshi ko‘raman. Vaqt o‘tishi bilan u faqat yaxshilanyapti», — deb yozgandi Ilon Mask 2017 yilda hali Twitter deb atalgan X tarmog‘ida. Ammo so‘nggi paytlarda u onlayn-ensiklopediyaga munosabatini keskin o‘zgartirdi: 2025 yil sentabr oxirida u «Vikipediya»ni Wokepedia deb atadi («Vouk» — ijtimoiy, irqiy va gender diskriminatsiyasi muammolariga alohida e’tibor qaratuvchi, ko‘proq so‘l va so‘l-liberal qarashlar tarafdorlari uchun ishlatiladigan atama). 2024 yil dekabrida esa u «Vikipediya» «rostgo‘yroq bo‘lmaguncha» unga xayriya qilmaslikka chaqirdi. Konservator Maskning fikricha, «Vikipediya» ma’lumot taqdim etishda liberal g‘oyalar va spikerlarga imtiyoz beradi.

Vashingtondagi Amerika universiteti Jamoat kommunikatsiyasi kafedrasi dotsenti Filippo Trevizanga ko‘ra, Grokipedia yaratilishida muayyan tijoriy sabablar bo‘lishi mumkin bo‘lsa-da, Maskning asosiy motivlari — ideologik. «Aslida bu yerda pul bosh maqsad emas. Loyiha “Vikipediya”ni AQShdagi ko‘plab konservativ va o‘ng oqim vakillari tanqidlariga javob sifatida paydo bo‘ldi», — deydi u DW bilan suhbatda.

«Bu — an’anaviy manbaga (bizning holda “Vikipediya”) muqobil taklif etishga urinish, sun’iy intellektga asoslangan ushbu resursni muqobil nuqtayi nazarlar uchun yangi manbaga aylantirish harakati», — deya qo‘shimcha qildi ekspert.

Oddiy foydalanuvchiga ilk qarashda Maskning Grokipedia’sini «Vikipediya»dan farqlash qiyin bo‘lishi mumkin. Birinchi platforma ko‘p jihatdan ikkinchisining maqolalariga tayanadi — ayrim sahifalar pastki qismida bu haqda qaydlar bor. Grokipedia’dagi maqolalarning bir qismi «Vikipediya»dagi matnlarning to‘liq nusxasi, dizayn ham o‘xshash. Mask bu amaliyotni 2026 yilgacha tugatishni xohlashini aytgan.

Eng asosiy farq esa ma’lumotning tekshirilishi va ishlanishida. «Vikipediya»da matnlar jamoa tomonidan hamkorlikda tahrirlanadi va har qanday xato yoki bahsli nuqtalarni belgilashga xizmat qiladigan jarayonlar mavjud. Grokipedia esa, muharrirlik aralashuvisiz, shunday nazorat mexanizmlariga ega emasga o‘xshaydi, deydi Oksford universiteti Raqamli texnologiyalar va davlat siyosati kafedrasi dotsenti Roksana Radu. Unga ko‘ra, «Grokipedia ma’lumot yig‘ish va qidirishning noaniq modeli bo‘yicha ishlaydi, kontentni chiqarish oldidan qabul qilinadigan qarorlar shaffof emas».

Ilon Mask Grokipedia «ensiklopediya hajmi, chuqurligi va aniqligi bo‘yicha “Vikipediya”dan bir necha barobar ustun bo‘lishini» aytgan edi. Biroq Raduda bu da’volar shubha uyg‘otdi: «Grokipedia qasddan avvaldan tekshirib o‘tilmaydigan manbalardan ham foydalanadi va ba’zan kontent “Grok tekshirdi” tamg‘asi bilan keladi — bu esa bahslarga sabab bo‘lmoqda». Unga ko‘ra, yangi ensiklopediya ba’zan «Vikipediya»dan farq qilgan holda mavzularni yaxlit tasvirlay olmasdan, «alohida g‘oya, hodisa va konsepsiyalar kollaji» ko‘rinishida berishga moyil.

Raduning fikricha, Grokipedia o‘quvchilarni «an’anaviy ensiklopediyadan kutilgan keng va yaxlit manzara»dan mahrum qilishi, shu bilan birga, klassik ommaviy axborot vositalariga nisbatan Reddit’dagi postlar va blog yozuvlariga ortiqcha ahamiyat berishi mumkin.

Ko‘plab amerikalik konservatorlar singari Mask ham an’anaviy OAV’ni ishonchsiz deb hisoblaydi. Filippo Trevizanga ko‘ra, platformaning muvaffaqiyati odamlar SI insonga nisbatan ko‘proq xolis, degan g‘oyani qabul qilishi yoki qilmasligiga bog‘liq bo‘ladi, Mask esa «partiyaviy qarashlar muammosiga yechim sifatida SIni ko‘rsatishga» va «inson omilini qisqartirish obektivlikni oshiradi» degan fikrni isbotlashga urinmoqda.

Radu kabi ekspertlar shaffoflik yetishmasligini ta’kidlaydi: «Bu qora qutida aniq nima kechayotganini bilmaymiz, shu bois axborot iste’molchilari sifatida ensiklopediya maqolasining ko‘proq e’tibor qaratiladigan qisqa havolasida ayni qaysi ma’lumotlar nega paydo bo‘lganini sinovdan o‘tkazish imkonimiz yo‘q».

«Vikipediya» ham — faqat Mask tomonidan emas — tarafkashlikda ayblanadi. Harvard universiteti va konservativ Manhattan Institute markazi tadqiqotlari saytda ma’lum darajada so‘llarga moyillik belgilarini ko‘rsatgan: masalan, «Vikipediya»dagi ba’zi maqolalarda o‘ng siyosiy yo‘nalishni ifoda etuvchi atamalarga nisbatan salbiy ton ko‘proq uchraydi, degan xulosa bildirilgan (Manhattan Institute tadqiqotchisi Devid Rozado hisoboti).

Radu ham, Trevizan ham axborotni taqdim etishda to‘liq betaraflikka erishish mumkin emasligini tan oldi. Biroq ularning fikricha, shaffoflik va xatoni tan olish — Grokipedia’da hozircha balki yetishmayotgan jihatlar — tiyib turish va muvozanat mexanizmlarini ta’minlaydi. «Intilish kerak bo‘lgan narsa — har doim inson talqinini talab etuvchi muvozanatli taqdimot», — deya xulosa qildi Roksana Radu.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid