Iqtisodiyot | 12:27 / 09.09.2025
2997
1 daqiqa o‘qiladi

Georgiy Paresishvili Toshkent fond birjasi rahbari lavozimini tark etdi

2022 yil sentabridan buyon Toshkent fond birjasiga rahbarlik qilib kelayotgan Georgiy Paresishvili lavozimini tark etdi. Bu uning mehnat shartnomasi muddati tugagani bilan izohlanyapti. Birja boshqaruvi raisi vazifasi vaqtincha bajaruvchi etib Fayzulla Toshov tayinlandi.

Foto: Toshkent fond birjasi

Georgiy Paresishvili Toshkent fond birjasi rahbari lavozimini tark etdi, deya ma’lum qildi tashkilot matbuot xizmati.

Paresishvili ushbu lavozimda 2022 yil sentabridan buyon ishlab kelayotgan edi. Qaror uning mehnat shartnomasi muddati tugagani sababli qabul qilindi, deyiladi xabarda.

Kuzatuv kengashi qaroriga ko‘ra, birja boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib Toshov Fayzulla Muratovich tayinlandi.

U mehnat faoliyatini 2001 yilda «O‘zsanoatqurilishbank»da boshlagan, 2005 yildan buyon depozitar tizimda ishlab kelmoqda. Xususan, 2024 yildan Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysida Depozitar xizmatlar va hisob-kitob-to‘lov operatsiyalari boshqarmasi boshlig‘i lavozimini egallab kelgan.