Jahon | 13:20 / 29.09.2025
3107
2 daqiqa o‘qiladi

Eron sanksiyalar tiklanishiga «qat’iy javob» qaytarishini bildirdi

Eron yadroviy dasturiga qarshi BMT sanksiyalari qayta tiklanganidan keyin Tehron «hal qiluvchi javob» haqida va’da berdi. Eron cheklov choralarini qayta tiklashni «qonuniy asossiz va qabul qilib bo‘lmaydigan holat» deb hisoblaydi.

Foto: Majid Asgaripour / WANA / Reuters

Tehron BMTning Eron va uning yadroviy dasturiga qarshi sanksiyalari qayta tiklanishiga «qat’iy javob berishga» tayyorligini ma’lum qildi. «Eron Islom Respublikasi o‘z huquqlari va milliy manfaatlarini qat’iy himoya qiladi, o‘z xalqi manfaatlari va huquqlariga qarshi qaratilgan har qanday harakatlarga qat’iy va adekvat javob beradi», — deya ma’lum qildi Eron Tashqi ishlar vazirligi 28 sentabr, yakshanba kuni.

Vazirlik bayonotida, shuningdek, xalqaro hamjamiyat BMT sanksiyalariga qarshi turishga chaqirilgan. Tehron ularning tiklanishini «qonuniy asossiz va qabul qilib bo‘lmas holat» deb hisoblaydi.

BMT Xavfsizlik kengashining Eronga qarshi sanksiyalari 28 sentabrga o‘tar kechasi tiklandi. Bu cheklovlar 2015 yilda Tehron yadroviy dasturi bo‘yicha Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi (QQHR) qabul qilinganidan keyin to‘xtatilgan cheklovlardir. Eron va 5+1 davlatlari (Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Rossiya, AQSh va Fransiya) o‘rtasida imzolangan kelishuv qoidalaridan biri, Tehronda jiddiy qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda BMTning rasmiy sanksiyalarini tiklashni nazarda tutgan.

2018 yilda, Donald Trampning birinchi prezidentlik muddati davomida Qo‘shma Shtatlar Eron o‘z majburiyatlarini buzganini iddao qilib, yangi sanksiyalar joriy etgan hamda kelishuvdan bir tomonlama chiqqan edi.

Shu fonda Tehron asta-sekin o‘z majburiyatlaridan voz kechib, yadroviy inshootlarida uranni boyitish ishlarini qayta boshladi. AQSh rasmiylariga ko‘ra, Eronda u kelishuvda belgilangan darajadan to‘rt barobar oshib ketgan.

Mavzuga oid