12:21 / 18.08.2021
15092

Uysizlikning uch yili – Yunusobodda hovlisi buzilgan oila 3,5 yildan beri va'dadan boshqa narsa olmayapti

O‘zbekistonda “snos” uchun kompensatsiya berilmasligi mavzusi nihoyatda og‘riqli masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Qator qonunlar, davlat rahbarining bevosita ko‘rsatmalaridan keyin ham quyi bo‘g‘inda muammolar barham topgani yo‘q. Kun.uz’ga murojaat qilgan fuqaroning aytib berishicha, u hokimiyatning kafolat xatiga ishonib, uy-joyini buzdirgan. Lekin oradan 3,5 yildan ko‘proq vaqt o‘tdiki, unga na yer, na uy-joy va na kompensatsiya berildi. Hokimiyat fuqaro foydasiga chiqqan sud qarorini ham bajarmayapti.

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida yashovchi Saidabuvi Jo‘rayevadan kelib tushgan murojaatning qisqacha mazmuni quyidagicha:

“Toshkent shahar hokimining 2018 yil 29 yanvardagi “Yer maydonida obodonlashtirish va buzish ishlarini olib borish haqida”gi 146-sonli va Yunusobod tumani hokimining 2018 yil 31 yanvardagi 235-sonli qarorlariga asosan, menga tegishli bo‘lgan Yunusobod tumani Yangi shahar va Chinobod ko‘chasida joylashgan 264-sonli uy-joyim buzilish hududiga tushib, 790 kv.m.li hovlimda 7 xonali uy-joyim buzildi. Buzish uchun tuman hokimi va tayinlangan komissiya kelib, uy-joyim o‘rniga Yunusobod tumani, 8-mavze, Farog‘at 1-tor ko‘chasi bo‘ylab, maydoni 400 kv.m. bo‘lgan 2-sonli yer uchastkasi ajratilishini bildirdi va qo‘shimcha kvartira ajratish masalasida Toshkent shahar hokimidan ruxsat olib berish va'da qilindi.

Yuqorida aytilgan 2-sonli yer uchastkasini tuman yer tuzish va kadastr xodimlari olib chiqib ko‘rsatishganda u joy menga ma'qul bo‘ldi. Shundan so‘ng o‘g‘lim, kelinim va uch nafar nevaramning hozirda uy-joyi yo‘qligi sababli qo‘shimcha ravishda kvartira ajratish sharti bilan yuqoridagi yer uchastkasini olishga rozilik arizasi berdim. “Ertaga, indinga, shu hafta” degan va'dalar bilan oradan 7 oy o‘tib tumanga yangi hokim tayinlangandan so‘nggina qaror chiqdi.

Lekin bizga tuman yer tuzish va kadastr xodimlari olib borib ko‘rsatgan joy emas, umuman boshqa joy ajratilgan ekan. Bu ajratilgan yer uchastkasi faqatgina tomorqa qilib, bog‘ sifatida foydalanishga yaraydi, chunki u yer uchastkasi ko‘p qavatli uyning shundoqqina tagida joylashgan, bir tomoni pastlikka to‘g‘ri kelib qolgan. Tabiiyki biz bu yerni olishni rad qildik. O‘g‘lim 3 nafar voyaga yetmagan farzandlari bilan 1 yil davomida ijarada yashadi, shundan so‘ng tumanimiz hokimi yerga chiqarilgan qarorni bekor qilib, bitta 3 xonali va bitta 2 xonali kvartira ajratish bo‘yicha tuman mutasaddilariga topshiriq berdi.

Kvartira ajratish masalasi 2021 yilning 1-choragiga qadar ham hal bo‘lmadi. Uch yildan ortiq davr ichida biz murojaat qilmagan idora qolmadi, desak bo‘ladi. 2018 yil qaror kutish bilan, 2019 yil idora tashkilotlarga shikoyat arizalari yozib, rasmiy javoblar olish va tuman hokimiyatida tortishuvlar bilan o‘tib ketdi. 2020 yil pandemiya va karantin bo‘lganini vaj qilib, ishlarimiz yechim topmadi. Bizning xatomiz tuman hokimligining va'dalariga ishonib, uy-joyimizni buzishlariga rozi bo‘lganimiz bo‘ldi, “Oldin bizga bering, keyin biz beramiz” qabilida ish tutganimizda, uch yildan ortiq sarson-sargardonlikda yurmagan bo‘lar ekanmiz.

Shu davr ichida Yunusobod tumanida uch marta hokim o‘zgardi, hokimlikning hozirgi xodimlarining ham aksariyati yangi kelgan. Tumandagi mutasaddi tashkilot rahbarlari ham almashib ketganligi sababli mening uyim buzilishi jarayonida qatnashgan rahbar va ishchi xodimlar, menga va'da bergan insonlar hozir umuman boshqa ishga o‘tib ketgan yoki boshqa joylarda. Bugungi kundagi rahbar va ishchi xodimlar bu narsalardan bexabarligi ishimizni ortga suryapti, kerak bo‘lganda zarur hujjatlarni topish, nusxa olish ham qiyin bo‘lyapti.

2021 yilning mart oylarida fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudiga buzilgan uy-joyimiz evaziga pul ko‘rinishida kompensatsiya ajratilishi bo‘yicha shikoyat arizasi topshirdik. 2021 yilning 17 iyun kuni Javobgar Toshkent shahar hokimligidan mening foydamga pul ko‘rinishida kompensatsiya undirilishi to‘g‘risida 2-1001-2109/5901-sonli hal qiluv qarori qabul qilindi va 18 iyulda qaror qonuniy kuchga kirdi.

2021 yil 23 iyulda sud ijro varag‘i Chilonzor tumani majburiy ijro byurosiga ijro etish uchun topshirildi. Chilonzor MIB tomonidan 2021 yil 26 iyulda ijro ishi yuritish to‘g‘risida qaror chiqarilib, 28 iyulda Toshkent shahar hokimiyatiga topshirildi.

Bugungi kunda ijro hujjatlari Toshkent shahar Moliya bo‘limida ijro etilish jarayonida ekanligi ma'lum bo‘ldi.

3 (uch) yildan ortiqroq vaqt sarson-sargardonlikda yurib murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Mening yerimni hokimiyat zaxirasiga olib, investorlarga berib yuborgan va hozir investorlar yerim o‘rnida ko‘p qavatli uy-joylar qurib bitirish jarayonida. Lekin menga shu kunga qadar birorta mulk berilmadi”.

Fuqaroga hokimlik tomonidan berilgan kafolat xati

Endi murojaatning qisqacha mazmunini tushunib olamiz. Ancha yumshoqlik bilan yozilgan dard shundaki, fuqaroning uy-joyi kafolat xati bilan buzib tashlanyapti, oradan 3,5 yil vaqt o‘tyaptiki, o‘rniga na yer, na boshqa ko‘chmas mulk va na kompensatsiya puli berilgan. Fuqaroning huquqlari shunchalar toptalmoqdaki, hokimiyat hatto sud qarorini ham bajarmayapti. Qizig‘i, kafolat xati bilan fuqarolar uyini buzdirgan hokimlik allaqachon bu joylarni investorlarga berib yuborgan. Hokimlik bu yerlarni qanday asosda bergani alohida masala, fuqaro investor yoniga borsa, u bu ishlarga umuman aloqasi yo‘qligi, qurib bitkazish arafasida bo‘lgan uylari tabiiyki bozor narxida pullanishini aytadi.

Buzilgan uy-joy

Mazkur masala yuzasidan Yunusobod tumani hokimi o‘rinbosari Sh.Qo‘chqorov nomidan yo‘llangan javob xati taajjublarni yanada oshirmay qolmaydi (mazmunan):  

“Toshkent shahar va Yunusobod tumani hokimining 2018 yil 26 oktyabrdagi tegishli qarorlariga asosan sizga va oila a'zolaringizga Yunusobod tumani, 8-mavze, Farog‘at 1-tor ko‘chasi bo‘ylab, maydoni 400 kv.m. 2-sonli yer uchastkasi ajratib berilgan. Ushbu yer uchastkasi sizga va oila a'zolaringizga ma'qul bo‘lmaganligi sababli, 2019 yil 22 yanvarda Yunusobod tumani hokimligiga ariza bilan murojaat qilib rad qilgansiz.

Sizga va oila a'zolaringizga ajratilgan yer uchastkasi bekor qilinganligi munosabati bilan, o‘rniga o‘rin 1ta 3 xonali va 1ta 2 xonali kvartira ajratilishi to‘g‘risida murojaat qilganligingizni inobatga olib, 2019 yil 17 iyulda sizga va oila a'zolaringizga Yunusobod tumani, 13 mavze, 164 uyning (3 xonali) 19-xonadoni ajratilgan.

Bugungi kunga mazkur turar joy quruvchi investor tomonidan tuman hokimiyatiga to‘liq topshirilmaganligi sababli, mazkur xonadonni sizning nomingizga rasmiylashtirib berishning imkoni bo‘lmagan. Siz 2021 yil 10 avgust kuni Yunusobod tumani hokimligiga ariza bilan murojaat qilib, ushbu ajratilgan xonadonni tuman hokimligiga qaytarib topshirishni bildirgansiz.

Yuqoridagilarni inobatga olib, 2021 yil 11 avgust holatiga, sizga buzilgan uy-joyingiz evaziga mol-mulk ko‘rinishida yoki boshqa turdagi kompensatsiya to‘lovlari amalga oshirilmaganligini ma'lum qilamiz”.

Yer masalasi yuqorida tushuntirildi – fuqaro bir yerni ko‘rsatib, keyinchalik boshqasi taklif qilingani uchun rad etgan. O‘rniga berilishi kerak bo‘lgan ikkita kvartira bo‘yicha javobga e'tibor bering – “uy tayyor emasligi uchun biz sizga bermadik, siz biz bermagan (!) uyni rad qildingiz va xonadonlarni qaytarib (!) topshirdingiz. Shuning uchun bugungi kunda sizga na uy, na pul berildi.

Qalay, bunga ham qoyilmisiz?

Yunusobod tumani hokimligi yo‘llagan javob xati

Masalaga uzil-kesil yechim bo‘lishi lozim bo‘lgan sud qaroriga asosan undiruv taqdiri bilan qiziqdik. Sababi, mazkur ishda ham uy buzilganiga va fuqaro huquqlari poymol bo‘lganiga 3,5 yil, sud qarori chiqqaniga 2 oy, qonuniy kuchga kirganiga 40 kun bo‘lgan.

Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining qarori

Bosh prokuratura Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarmasi bilan bog‘landik va quyidagi javobni oldik.

“17.08.2021 yil holatiga ma'lumotnoma:

Majburiy ijro byurosi Chilonzor tumani bo‘limi ish yurituvida fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining 17.06.2021 yildagi 2-1001-2109/5901-sonli ijro varaqasiga asosan qarzdor Toshkent shahar hokimligidan solidar tartibda undiruvchi Jo‘rayeva Saidabuvi foydasiga kompensatsiya tariqasida 1 mlrd 687 mln so‘m undirish haqidagi ijro hujjati 26.07.2021 yil kuni kelib tushib, ijro ishi yuritish qo‘zg‘atilgan va ijro hujjatini ijrosini ixtiyoriy ravishda bajarish uchun 10 kunlik muddat berilib, Toshkent shahar hokimiyatiga topshirilgan. Hozirda ijro harakatlari davom etmoqda”, – deyiladi MIB Chilonzor tuman bo‘limi ma'lumotnomasida.

Shu bilan birga, boshqarma bergan ma'lumotlarda “Ish yurituvida Toshkent shahar hokimiyatidan undiruv bilan bilan bog‘liq 107 mlrd so‘mlik 200dan ortiq ijro hujjatlari mavjud bo‘lib, hozir ushbu ijro hujjatlari bo‘yicha ishchi guruh tashkil qilinib, kompensatsiya puli va qarz summasi undirish choralari ko‘rilayotgani” aytilgan.

“Hokimiyatga boshqalar kabi MIB portal dasturi orqali inkasso qo‘yib bo‘lmaydi. Sababi Toshkent shahar hokimiyati budjet tashkiloti hisoblanadi”, deyiladi unda.

Toshkent shahar hokimligi zimmasida buncha qarz to‘planib qolgani ham bejizga emas. Ko‘rinib turibdiki, fuqaro davlat idoralaridan qarzdor bo‘lib qolsa, darhol “dumini tugib qo‘yadigan” MIB davlat idorasi fuqarodan qarz bo‘lsa “popugi pasayib qoladi”.

Bu masala bo‘yicha Toshkent shahar hokimligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bilan ham bog‘landik va qisqa muddatlarda izoh berilishi haqida javob oldik.

Qissadan hissa shuki, davlat organlari tomonidan fuqaro huquqlari va qonunni buzish, berilgan kafolatni bajarmaslik, masxaraomuz javoblar qaytarish va eng muhimi – sud qarorini ham pisand qilmaslik bugungi holatning yakuniy xulosasi bo‘la oladi. Yuqoridagi ma'lumotlardan ko‘rinib turibdiki, hokimiyat zimmasida kattagina qarz to‘planib ulgurgan. MIBning esa qo‘li bog‘liq. Bu illatli doirada zarar ko‘rgan yana o‘sha oddiy odamlar.

Qiziq, hokimiyat vakillari uyi buzilganida ham shunday bo‘larmikan?

Abror Zohidov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top