19:24 / 25.12.2020
14948

IELTS va boshqa xalqaro baholash dasturlarida yuqori ball to‘plaganlarga imtihon xarajatlari qoplab beriladi

ELTS, TOEFL, GMAT va SAT imtihonlarida maksimal ballning kamida 75 foizini to‘plagan yoshlarning imtihon xarajatlari to‘liq qoplab beriladi. Bu haqda Toshkentdagi yoshlar forumida prezident Shavkat Mirziyoyev ma'lum qildi.

«O‘z tajribamdan kelib chiqib, sizlarga aytadigan maslahatim shu: ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya vaqtingiz ham bekor o‘tmasin! Yoshlik – umrning eng bebaho davri. Ilm o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang! Sizlar mustaqillik farzandlarisiz. Ota-bobolaringiz ko‘rgan to‘siq va qiyinchiliklarni ko‘rmay, ozod Vatanda erkin nafas olib, voyaga yetyapsizlar. Yuksak maqsadlar yo‘lida siz – yoshlar hal qiluvchi kuch bo‘lishingiz kerak. Men sizlarning zimmangizga yuklangan ana shunday ulkan mas'uliyatni, tom ma'nodagi tarixiy vazifani sharaf bilan ado etishingizga qat'iy ishonaman», degan prezident.

Davlat rahbari yoshlar zamonaviy ilm-fan va yuqori texnologiyalarni mukammal egallashi zarurligi, buning uchun barcha kuch va imkoniyatlar ishga solinishini aytib o‘tdi.

«Shu maqsadda ta'lim tizimida tub islohotlarni amalga oshiryapmiz. Sohada mutlaqo yangi tizim – Prezident va ijod maktablari, matematika, ximiya, biologiya fanlari bo‘yicha maxsus maktablarni tashkil etyapmiz. Yoshlarimizga IT texnologiyalarni chuqur o‘rgatadigan ta'lim maskanlarining soni tobora ko‘payib bormoqda.

Bu ishlarimizning ilk mevalarini ko‘ra boshladik. So‘nggi uch yilda mamlakatimiz yoshlari nufuzli xalqaro tanlov va musobaqalarda besh yarim mingtaga yaqin sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

Toshkent shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Firdavs Abduqayumov IELTS dasturi bo‘yicha yuqori ball to‘plab, AQShning Jon Karroll universitetida tahsil olish uchun 96 ming dollarlik grant sohibiga aylandi. Firdavs o‘g‘limni, uning ota-onasi va o‘qituvchilarini chin dildan tabriklab, ularga sihat-salomatlik, yangi yutuqlar tilayman», degan prezident.

Shu sababli yoshlarning nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishi uchun ko‘maklashishga alohida e'tibor qaratilishi, jumladan, xalqaro ta'lim dasturlari bo‘yicha eng yuqori ballarni to‘plagan iqtidorli yoshlarga imtihon topshirish xarajatlari to‘liq qoplab berilishi ma'lum qilindi.

Top