21:50 / 06.02.2023
9415

Bu yil o‘tgan yilga qaraganda 2 barobar ko‘p xonadon qurib foydalanishga topshiriladi

Bundan tashqari, davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, 2023 yilda “Tashabbusli budjet” jarayoni orqali taqsimlanadigan mablag‘lar miqdori 8 trln so‘mdan 23 trln so‘mga (+15 trln so‘m) yetadi. Portalda ovoz berish jarayonlarini xolis va ma’muriy aralashuvlarsiz tashkillashtirish mexanizmlari joriy qilinadi.

Foto: Kun.uz

2023 yilda 53 ta “Yangi O‘zbekiston” massivi va 161 ta boshqa massivlarda, jumladan, xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan yangi uy-joylar qurishning yillik hajmlari 2 barobarga oshirilib, 90 mingga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu – 2023 yilgi davlat dasturi loyihasida ko‘zda tutilgan.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yilda 44 mingta xonadon qurilib, foydalanishga topshirilgan. 2023 yilda quriladigan xonadonlar soni esa o‘tgan yilga nisbatan kamida 100 foizga ko‘payadi.

Shuningdek, aholiga fond bozorida faol ishtirok etish uchun qulay sharoitlar yaratish va kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha choralar ishlab chiqiladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi bu boradagi takliflarni 2023 yil 1 sentabrgacha Prezident administratsiyasiga kiritishi nazarda tutilmoqda.

2023 yilda jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan 8 trillion so‘m, shundan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uchun 4 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

2023 yilda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar dasturlari doirasida amalga oshiriladigan tadbirlarni moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan 4 trillion so‘m ajratiladi.

Natijada, mazkur tadbirlarga ajratilayotgan mablag‘lar miqdori qariyb 2 baravar ko‘paytirilishiga erishiladi. Masalan, 2022 yilda ushbu tadbirlar uchun 4,3 trln so‘m mablag‘ ajratildi.

2024 yil uchun ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturidan boshlab, davlat organlari tomonidan taklif etilgan ijtimoiy hamda muhandislik infratuzilma obektlarini ushbu dasturga “Ochiq budjet” portalida ovoz berish jarayonida to‘plangan ovozlar soniga ko‘ra kiritishni amalga oshirish amaliyoti joriy etiladi.

Natijada, “Tashabbusli budjet” jarayoni orqali taqsimlanadigan mablag‘lar miqdori 8 trln so‘mdan 23 trln so‘mga (+15 trln so‘m) yetadi.

2023 yil 1 iyuldan boshlab, “Mahalla budjeti” tizimini barcha tumanlar va shaharlarda joriy etish orqali mahallalarga o‘z muammosini mustaqil hal etish hamda ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun 800 milliard so‘mgacha mablag‘ yo‘naltiriladi.

Joriy yildan eksperiment tariqasida 14 ta tumanlarda, 1 iyuldan esa barcha tuman (shahar)larda “Mahalla budjeti” tizimi joriy etiladi.

Loyihalarni jamoatchilik fikri va “Ochiq budjet” portalida to‘plangan ovozlar asosida moliyalashtirishning mutlaqo yangi tizimini amaliyotga kiritish taklif etilmoqda. Bunda, ovoz berish jarayonlarini xolis va ma’muriy aralashuvlarsiz tashkillashtirishning aniq mexanizmlarini joriy qilishga alohida e’tibor qaratiladi.

Mavzuga oid
Top