16:36 / 10.12.2020
21402

O‘zbekistonda tadbirkorlarga yo‘llarga kameralar o‘rnatish huquqining berilishi 5ta afzallikka ega ekani ma'lum qilindi

Tadbirkorlarga yo‘l harakati qoidalari buzilganligini qayd etuvchi foto-videokameralar va boshqa texnik uskunalarni o‘rnatishga ruxsat berilmoqda. 

Foto: KUN.UZ

Adliya vazirligi Huquqiy targ‘ibot va ma'rifat boshqarmasi boshlig‘i Shohida Yo‘ldoshevaning yozishicha, bugungi kunda respublikada mavjud 551ta kamera va radarlar orqali birgina 2019 yilning o‘zida 760 mingta qoidabuzarliklar aniqlangan. 2019 yilda 8 588ta yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan va shu davrda 2096 nafar inson YTH oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. 

«Hozir asosiy maqsad, mana shu qora statistika ko‘rsatkichlarini kamaytirish, yo‘llarni to‘liq nazoratga olish va buni zamonaviy axborot texnologiyalari orqali optimal, kamxarajat, yuqori samarali tarzda amalga oshirishdan iborat.

Biroq hamma yo‘llarni, chorrahalarni kamera va radarlar bilan qamrab olish katta mablag‘ni talab qiladi va budjet buncha yukni ko‘tara olmaydi. O‘zi dunyoda ushbu sohaning xususiy sektorga berilishi amaliyoti keng tarqalgan.

Uzoqqa bormaylik, qo‘shni Qozog‘istonning Olma-ota shahri yo‘llarida 2020 yil 1 yanvardan boshlab davlat-xususiy sheriklik asosida foto va video orqali qoidabuzarliklarni qayd etish va tahlil qilish “Sergek” loyihasi joriy etildi. Rossiyada esa ushbu turdagi xizmatlarni amalga oshiruvchi “MVS grupp” xususiy kompaniyasi tomonidan konsessiya shartnomasi asosida amalga oshirilgan ishlar natijasida avariya holatlari soni 15-30 foizgacha kamaygan», - deydi Adliya vazirligi xodimi.

Uning ta'kidlashicha, tadbirkorlarga yo‘l harakati qoidalari buzilganligini qayd etuvchi texnik uskunalarni o‘rnatish huquqi berilishi qator afzalliklarga ega.

Birinchidan, barcha sohalarning davlat tomonidan tartibga solinishi bozor iqtisodiyotiga asoslangan, rivojlangan jamiyatlarga xos emas. Boshqaruvda davlat ishtirokini minimallashtirish, ayrim davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish orqali davlatning ma'muriy ta'sirini qisqartirish va boshqaruvning bozor mexanizmlarini kengaytirish Ma'muriy islohotlar konsepsiyasida ham nazarda tutilgan.

Joriy etilayotgan tartib ushbu maqsadga muvofiq, uning mantiqiy taqozosi sifatida ko‘riladi. 

Foto va video dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish huquqi tadbirkorlarga berilsa-da, uning ustidan davlat nazorati saqlanib qoladi.

Texnika tadbirkorniki xolos, jarima solish tartibi, miqdori, to‘lash, undirish va hokazo mana shunday ma'muriy protseduralar davlat nazoratida saqlanib qoladi.

Ikkinchidan, budjet mablag‘lari tejaladi hamda budjetga qo‘shimcha manbalar yaratiladi.

Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash maqsadida barcha hududlarda foto va video dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatish davlat budjetidan ulkan mablag‘lar talab qiladi. Yo‘llarni nazorat qiluvchi YPX xodimlarining oylik maoshi, ijtimoiy ta'minoti ham budjetga arzonga tushmaydi. Bu esa o‘z-o‘zidan boshqa sohalarning rivojlanishiga salbiy ta'sir o‘tkazadi. 

Mazkur sohani xususiylashtirish natijasida esa davlat budjeti xarajatlari kamayib, daromadi ortadi. Kelgusida 190ta tuman va shaharlarda jami 3 356ta intellektual videokameralar hamda 763ta statsionar radarlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Mazkur vositalar yordamida aniqlangan huquqbuzarliklar natijasida to‘plangan jarimalarning bir qismi davlat budjetiga yo‘naltiriladi.

Uchinchidan, sohada korrupsiya holatlari kamayadi, chunki inson omili deyarli bo‘lmaydi. YPX xodimi hamda haydovchilarning o‘zaro muloqotda bo‘lmasligi oqibatida, ushbu sohadagi korrupsiyaga barham beriladi. Jarimalar bo‘yicha to‘plangan mablag‘lar ayrim xodimlarning emas, jamiyat manfaatlari yo‘lida sarflanadi.

To‘rtinchidan, har bir texnik qurilma dislokatsiyasi aniq belgilangan bo‘lib, tadbirkor istagan joyiga uni o‘rnatib ketolmaydi. Bu joylar shaffof tarzda elektron auksionda sotiladi. Texnik vosita qayd etgan ma'lumotlar, onlayn rejimida to‘g‘ridan-to‘g‘ri YPX markaziy axborot bazasiga kelib tushadi. Ma'lumotlarga inson aralashuvi bilan o‘zgartirish kiritish yoki jarayonga boshqa tarzda ta'sir o‘tkazish imkoni yo‘q.

Beshinchidan, yo‘llarda YTH kamayadi, harakat ishtirokchilarida yo‘lovchilik va haydovchilik madaniyati ortadi, o‘lim va jarohatlar ko‘rsatkichi tushadi.

«Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, ko‘zda tutilayotgan ushbu tartib bir tomondan zamon talabi va ehtiyoj bo‘lsa, boshqa tomondan insonlar hayoti va sog‘lig‘ini, haydovchilarning mulkini asrashni nazarda tutuvchi yechimdir. Qolaversa, ushbu tartib orqali tadbirkorlarga yangi imkoniyatlar yaratilishini ham e'tirof etish joiz», - deydi Shohida Yo‘ldosheva.

Top