O‘zbekistonning istalgan hududida yoritkichga o‘rnatilgan kameraga ko‘zingiz tushadi. Toshkent shahrida ham bundaylari juda ko‘p. Bu kameralar shunchaki kuzatuvni amalga oshirmaydi: ular yo‘l harakati qoidabuzarliklarini ham qayd etib, jarimalar belgilashga xizmat qilmoqda. Masalan, poytaxt ko‘chalaridagi yoritkichlar egasi bo‘lgan “Toshshaharnur” bundan bexabar, hatto qonunga zid deb hisoblaydi.

Simyog‘och yoki yoritkich ustunlariga o‘rnatilgan, jarimalarni qayd etuvchi radarlar mavzusiga to‘xtalmoqchimiz. Negaki, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimlarining o‘rnatilish talablari Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan aniq belgilab qo‘yilgan. Bunday moslamalar avtomobil yo‘lining qatnov qismiga xalaqit bermaydigan holda, o‘ng yoki chap yo‘nalishga “I”, “G”, “T” yoki “P” shakldagi metall ustunga o‘rnatilishi kerak.

Ammo qayerga qaramang, ayniqsa Toshkent shahrida son-sanoqsiz kuzatuv kameralari, oddiy aytganda radarlar ko‘chani yoritish ustunlariga o‘rnatib tashlangan.

Shu o‘rinda biroz moziyga qaytamiz: 2023 yilda Xorazmda tadbirkor tomonidan beton simyog‘ochga o‘rnatilgan radar bilan bog‘liq nizoli holat yuz bergandi: u tezlik oshirilganini qayd qilgan, viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi haydovchiga jarima qo‘llagan. Haydovchi esa tezlikni oshirmaganini, radar belgilangan talablarga zid ravishda o‘rnatilganini aytib, sudda yutib chiqqan. Alaloqibat o‘sha ma’muriy bayonnoma bekor bo‘lgandi.

Afsuski, Toshkent shahrida minglab yoritkichlar bor. Ularning ko‘pchiligiga kamera o‘rnatilgan. Bu qanchalik to‘g‘ri?

Toshshaharnur”: “yoritkich ustunlardagi kameralar qoidabuzarlik qayd qilmaydi”

Toshkent shahridagi yoritkich ustunlari “Toshshaharnur” davlat unitar korxonasi balansida, sodda aytganda egasi. Korxona bosh muhandisining aytishicha, yoritkichlarga o‘rnatilgan kuzatuv kameralari bo‘yicha Toshkent shahar yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bilan o‘zaro kelishuv bor. Ammo ruxsatnoma faqatgina videokuzatuv uchun berilgan, unda qoidabuzarliklarni qayd etish nazarda tutilmagan.

Toshshaharnur” davlat unitar korxonasi balansidagi yoritish ustunlariga o‘rnatilgan kameralar asosan Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi kameralari bo‘lib, ular asosan kuzatuv kameralari hisoblanadi. Ular radarga yoki tezlik oshirganlik uchun tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan o‘rnatilmagan. Tadbirkorlik sub’yektlari balansimizdagi yoritish ustunlariga kameralar o‘rnatishi mumkin emas. Tadbirkorlarga alohida metall ustun o‘rnatib, shu orqali o‘zlarining tadbirkorliklarini amalga oshirish tavsiya etildi. Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan, alohida ustun uchun ruxsat olinib, Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda tadbirkorlar tomonidan o‘rnatilishi kerak”,