17:10 / 06.06.2018
39497

O‘zbekistonda nafaqalar tayinlashni qayta ko‘rib chiqish taklif etildi

Foto: KUN.UZ

«Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portalida nafaqalar tayinlashni qayta ko‘rib chiqish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

«Qonunchiligimizda jamoa xo‘jaligi (eski kolxozlar)da ishlab, nafaqaga chiqqan shaxslarga davlat tomonidan nafaqalar tayinlashda noaniqliklar mavjud. Ya'ni mazkur toifadagi nafaqaxo‘rlarga nafaqa tayinlash vaqtida ish stajini hisoblashda biroz adolatsizlik bilan yondashilmoqda», - deyiladi murojaat matnida.

Qayd etilishicha, arxiv hujjatlariga asoslangan holda jamoa xo‘jaligida ishlagan shaxsning 365 kunlik mehnati bir yil hisobida ko‘rilmoqda. Natijada, agar jamoa xo‘jaligi a'zosi 25 yil ishlagan bo‘lsa – 11 yil, 37 yil bo‘lgan bo‘lsa – 23 yil, 40 yil ishlagan bo‘lsa – 25 yil hisoblab chiqarilmoqda. 

«Ajablanarlisi, ushbu muddatdan kelib chiqqan holda nafaqa miqdori tayinlanmoqda. Uzoq yillar umrini jamoa xo‘jaligi ishiga bag‘ishlagan oddiy odamlarga shu yo‘sinda pensiya tayinlanishi adolatdan bo‘larmikan», - deyilgan matnda.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, jamoa xo‘jaligi (eski kolxozlar)da ishlab, nafaqaga chiqqan shaxslarga davlat tomonidan to‘lanadigan nafaqalar tizimini qayta ko‘rib chiqish taklif qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ayrim qoidabuzarliklar uchun haydovchilarga jarimalar o‘rniga ogohlantirish berish taklif qilingandi. 

Top