«Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining asosiy vazifasi – yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash hisoblanadi. Shu sababdan, agar haydovchi qoidalarni buzsa, avvalo haydovchiga qoidalarni bajarish nima uchun zarurligini anglatishi hamda qoidabuzarlikning og‘ir oqibatidan ogohlantirishi kerak», - deyiladi murojaatda.
Agarda transport vositasida xavfsizlik kamari, o‘t o‘chirgich, tibbiyot qutichasi, nur qaytargichli nimcha yoki majburiy to‘xtaganlikni bildiruvchi yo‘l belgisi kabilar mavjud emasligi yoki amal qilish muddati o‘tganligi birinchi marta aniqlansa, darhol jarimaga tortmasdan kamchiliklar va uni bartaraf etish haqidagi ogohlantirish bayonnomasini haydovchiga taqdim etish tartibini joriy qilish maqsadga muvofiq.
«Chunki, haydovchi o‘sha jarimaga to‘laydigan pulini ogohlantirish bayonnomasida ko‘rsatilgan kamchiliklarni belgilangan muddat ichida bartaraf etishga sarflaydi. Bu YHXB xodimlariga va yo‘l qoidalariga bo‘lgan hurmatni va o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlaydi», - deyiladi matnda.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, birinchi marotaba yo‘l harakati qoidalari buzilsa, haydovchiga ma'muriy bayonnoma asosida jarima emas, aksincha qisqa muddatli ogohlantirish tarzidagi hujjatni berish tartibi joriy etilishi taklif qilingan.











