10:21 / 10.01.2019
55268

O‘zbekiston fuqaroligi qanday tartibda olinadi?

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston ichki ishlar idoralari Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlarida «fuqaroligi yo‘q shaxs» tushunchasi keng muomalada. Bunday shaxslar, O‘zbekistonda ovoz berishdan tashqari boshqa barcha huquq va erkinliklardan teng foydalanadi. Ular tadbirkorlik qilishlari, xususiy mulkka ega bo‘lishlari, o‘rta va oliy ta'lim olishlari mumkin. 

Ularga O‘zbekiston fuqaroligini berish esa, ma'lum bir ma'muriy jarayonlarni o‘z ichiga oladi. Ayrimlarning O‘zbekiston fuqaroligini so‘rab yozgan arizasi rad etilsa, boshqalarga qanoatlantiriladi. Qayd etish o‘rinliki, 2016 yilning so‘nggi oylaridan boshlab, fuqaroligi yo‘q shaxslarga fuqarolik taqdim etish bo‘yicha ijobiy qarorlar qabul qilina boshlandi va ko‘plab kishilarning bir necha yillik orzulari ushaldi. 

Ammo, oramizda shunday kishilar ham borki, ular O‘zbekistonda tavallud topib, shu yerda tahsil olib, oliy ta'limni davom ettirayotgan yoki boshqa ish bilan shug‘ullanayotganlariga qaramay, fuqaroligi yo‘q shaxs hisoblanadi. 

Yaqinda Kun.uz tahririyatiga Surxondaryo viloyati, Sho‘rchi tumanida tug‘ilib, bugungi kunda Termiz Davlat universiteti tarix fakulteti 2-bosqich talabasi Abdulmajid Yaxshiboyevdan murojaat kelib tushdi. U garchi O‘zbekistonda dunyoga kelib, 16 yoshga to‘lganida O‘zbekiston fuqaro pasportini olganiga qaramay, keyinchalik ota-onasi fuqarolikdan mahrum etilgani bois, undan ham fuqarolik olib qo‘yilganini ta'kidlagan. Shu munosabat bilan tahririyat tasvirga olish guruhi Surxondaryo viloyatiga safar qilib, Abdulmajid Yaxshiboyev tug‘ilib o‘sgan xonadonda mehmon bo‘ldi. Biz Abdulmajidning otasi Turdi aka bilan fuqaroligi yo‘q shaxs bo‘lish haqida suhbatlashamiz.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«Fuqarolik pasportiga ega bo‘lmaslikning, fuqaroligi yo‘q shaxs sifatida yashashning ham qiyinchiliklari ko‘p. Endi uni boshidan o‘tkazganlar biladi. Biror jinoyat bo‘lsa, birinchi bo‘lib sizni tergov qilishadi. Hatto soatlab ushlab turishardi. Yashab turgan joyingizdan uzoqqa chiqa olmaysiz, ba'zida. To‘g‘risini aytish kerak, oxirgi ikki yilda chaqir-chaqirlar, qayerda bo‘lganingiz haqida hisob berishlar kamaydi», - deydi Turdi aka. 

Bundan tashqari, bevosita murojaatchi, bolalikdan nogiron Abdulmajid O‘zbekiston fuqarolik pasportini O‘zbekistonda tug‘ilgan shaxs sifatida olishga haqli, deb hisoblashi, tegishli idoralar ham uni fuqarolikka mansub deb topishlari kerakligiga doir o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Abdulmajid biz bilan suhbatni ota-onasining O‘zbekistonga kelib qolishlari, ularning O‘zbekiston fuqarolik pasportidan mahrum qilinganiga doir tarixiy lahzalarni yodga olishdan boshladi. 

Abdulmajid Yaxshiboyev

«Mening ota-bobom asli o‘zbekistonlik, Surxondaryoning Sho‘rchisidan. Bobom otamga vatanga qaytishni maslahat qilganlaridan keyin Sho‘rchiga 1992 yilda ko‘chib kelgan. Ozod mahallada qarindoshimiznikida propiskada turgan. Onam ham shu yili kelgan. Keyinchalik, alohida xo‘jalik bo‘lib chiqishgan. Men 1993 yili Sho‘rchi tumani Ozod mahallasida tug‘ilganman. Menga ichki ishlar idoralari ota-onang doimiy ro‘yxatda bo‘lmagan, deyishmoqda. Ota-onamning menga nima dahli bor, men shu yerda tug‘ilganman-ku, o‘zim o‘zbekman. Men faqat adolat tiklanishini istayman», - dedi Abdulmajid biz bilan suhbatda.

Abdulmajidning so‘zlariga ko‘ra, bu masalada, uning fuqarolik huquqlari poymol bo‘lmoqda. Chunki, O‘zbekistonda tug‘ilib, millati o‘zbek bo‘lishiga qaramay, unga O‘zbekiston fuqarosi pasporti o‘zbekistonliklarga berilganidek tartibda emas, balki xorijiy yoki fuqaroligi yo‘q shaxslarga taqdim etilishi mumkin bo‘lgan tartibda berilishi aytilmoqda. 

Ayni masalaga huquqiy jihatdan izoh olish va fuqaroligi yo‘q shaxslar O‘zbekiston fuqaroligini olish uchun nimalar qilishi kerakligiga oydinlik kiritish maqsadida Surxondaryo viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi rahbari Sanjar Qobilovga murojaat qildik. 

Surxondaryo viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi rahbari
Sanjar Qobilov

Sanjar Qobilovning bildirishicha, Abdulmajid Yaxshiboyev bir necha bor murojaat qilgan. Unga murojaati bo‘yicha tushuntirishlar berilgan.

«Abdulmajid Yaxshiboyev 1993 yilda O‘zbekistonda tug‘ilgan bo‘lsa-da, ota-onalari o‘sha vaqtda O‘zbekistonda doimiy ro‘yxatda turmagan. Shu boisdan, ularga dastavval berilgan fuqarolik pasportlari, noto‘g‘ri hujjatlar asosida berilgani sababli, Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi tomonidan bekor qilingan. 

Shunga ko‘ra, 1992 yil 2 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonuni talabiga ko‘ra, qolaversa, sud hukmi ijrosini ta'minlash maqsadida, 1992 yil 28 iyulgacha O‘zbekistonda doimiy ro‘yxatda turmagan ota-onaning farzandlari sifatida Turdi Ishmurodovning bolalariga ham fuqaroligi yo‘q shaxslarga beriladigan hujjatlar rasmiylashtirib berilgan», - dedi Surxondaryo viloyati IIB MvaFRB boshlig‘i, podpolkovnik Sanjar Qobilov. 

Uning ta'kidlashicha, Abdulmajid Yaxshiboyevga odatdagidek pasport berilishi uchun dastavval sud qarori bekor qilinishi kerak. Aks holda, faqatgina fuqarolikni so‘rab berilgan iltimosnoma orqali pasport berilishi va fuqarolikka qabul qilinishi mumkin. 

Xo‘sh buning uchun qanday hujjatlarni kimga taqdim etish kerak bo‘ladi? Avvalroq, Kun.uz saytida O‘zbekiston fuqaroligini olish uchun nimalar qilish kerakligi, qanday hujjatlar talab etilishiga doir maqola e'lon qilingan edi. Quyida ushbu hujjatlar to‘plami bilan yana bir bor tanishib olishingiz mumkin.

Xo‘sh, umuman, O‘zbekiston fuqaroligini olish uchun qanday hujjatlar topshiriladi?

O‘zbekiston Respublikasining 1992 yil 2 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida»gi Qonunning 17-moddasiga ko‘ra, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ushbu qonunga binoan kelib chiqishi, irqi, millati, jinsi, ma'lumoti, tili, dinga munosabati, siyosiy va boshqa e'tiqodlaridan qat'inazar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish shartlari quyidagilardan iborat:

Chet el fuqaroligidan voz kechish;
•  So‘nggi besh yil davomida O‘zbekiston hududida doimiy yashaganlik;
•  qonuniy tirikchilik manbalarining mavjudligi;
•  O‘zbekiston respublikasining Konstitutsiyasini tan olish va bajarish;

O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish bo‘yicha quyidagi hujjatlar taqdim etilishi kerak:
•  Prezident nomiga iltimosnoma;
•  2 nusxada so‘rovnoma-ariza;
•  chet el fuqaroligidan chiqqanligini tasdiqlovchi hujjat (fuqaroligi yo‘q shaxslardan tashqari);
•  tarjimai xol;
•  qonuniy yashash manbai haqida guvohlik beruvchi hujjat (ish joyidan o‘rtacha ish xaqi haqidagi yoki uning o‘rnini bosadigan nafaqa, yordam puli, dividentlar va boshqa yashash manbai haqidagi ma'lumotnoma);
•  davlat boji to‘langanligi haqidagi kvitansiya;
•  4 dona «3.5-4.5» o‘lchamdagi fotosurat;
•  tug‘ilganlik haqida guvohnoma;
•  nikoh tuzilganligi yoki bekor qilinganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning asl nusxasi;
•  mehnat daftarchasidan nusxa;
•  uy daftarchasidan nusxa;
•  so‘rov anketasining 20-bandida o‘zi bilan birga voyaga yetmagan farzandlarini fuqarolikka qabul qilishni so‘rasa, ularning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasidan nusxa hamda 14-18 yoshgacha bo‘lgan farzandlarining notarial tasdiqlangan rozilik xati.

Arizachi yuqorida ko‘rsatilgan barcha hujjatlarni topshirgan paytdan boshlab taqdimnoma ijro uchun qabul qilingan deb hisoblanadi. Hujjatlar to‘plamini qabul qilgan ichki ishlar organi uni tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga, viloyatlar va Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasiga yuboradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, viloyatlar, Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmalari O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi hujjatlar rasmiylashtirilishi to‘g‘riligini tekshirib, ushbu masalalar yuzasidan 2 nusxada hujjatlar yig‘ma jildini yuritadi va davlat xavfsizlik tegishli organlarining fikrini so‘raydi hamda materiallar va xulosalarni Tashqi ishlar vazirligiga yuboradilar.

Tashqi ishlar vazirligi o‘z xulosasini O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi materiallar bilan birgalikda prezident huzuridagi Fuqarolik masalalari bilan shug‘ullanuvchi komissiyaga va respublikaning tegishli vakolatli organlari (DXX va IIV)ga yuboradi. Mazkur vakolatli organlar prezident huzuridagi Fuqarolik masalalari bilan shug‘ullanuvchi komissiyaga faqat o‘z xulosalarini yuborib,  hujjatlarni esa Ichki ishlar vazirligiga qaytaradi.

Vakolatli organlarning har birida fuqarolikka oid materiallarni ko‘rib chiqish muddati bir oydan, umumiy muddati esa — fuqarolik masalalari bo‘yicha hujjatlar ochilgan paytdan boshlab bir yildan oshmasligi kerak.

Fuqarolik masalalari bilan shug‘ullanuvchi komissiya hujjatlarni ko‘rib chiqadi va prezident qaror qabul qilishi uchun takliflar taqdim etadi. Fuqarolikda o‘zgarish prezident Farmoni e'lon qilingan kundan boshlab yuzaga keladi.

Eslatib o‘tamiz, sobiq ittifoq (SSSR) parchalangach, uning hududida bir nechta mustaqil davlatlar paydo bo‘lgach, ularning hududlarida «fuqaroligi yo‘q shaxs»lar paydo bo‘ldi. Bir kun ichida bir davlat fuqarolari, bir necha o‘n yillar mobaynida qarindosh-urug‘, quda-anda bo‘lib kelgan aholi chegaraning ikki tomonida qoldi. Bu holat O‘zbekistonning barcha chegaradosh hududlarida ham kuzatildi. Asli o‘zbekistonliklar Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda qolishgan bo‘lsa, ushbu respublikalarda tug‘ilib, O‘zbekistonga kelgan, ammo ketishga qaror qila olmaganlar O‘zbekistonda qolib ketishdi. Ayni shular «fuqaroligi yo‘q shaxs»ga aylanishdi. 

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top