Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘z iltimosnomalariga ko‘ra kelib chiqishidan, irqi va millatidan, jinsi, ma'lumoti, tilidan, dinga munosabatidan, siyosiy va boshqa e'tiqodlaridan qat'i nazar, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinishi mumkin, deb xabar bermoqda “Huquqiy axborot” Telegram-kanali.
So‘nggi 5 yil O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashayotgan xorijiy fuqaro yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs doimiy istiqomat joyidagi ichki ishlar organlari orqali prezident nomiga fuqarolikka qabul qilish to‘g‘risida ariza beradi. Arizada O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini tan olishi, uning talablarini bajarishi to‘g‘risidagi va xorijiy fuqarolikdan voz kechganligi to‘g‘risidagi majburiyat ko‘rsatiladi.
Fuqarolikni olish uchun qanday hujjatlar topshiriladi?
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
ikki nusxada ariza-so‘rovnoma;
xorijiy fuqarolikdan chiqqanlik to‘g‘risida guvohlik beruvchi hujjat (fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan tashqari);
2 nusxada tarjimai hol;
kun kechirishning qonuniy manbalari mavjudligini tasdiqlovchi hujjat (ish joyidan ma'lumotnoma yoki ish haqi, pensiya, nafaqa, dividendlar va kun kechirishning boshqa manbalari ko‘rsatilgan boshqa hujjat);
to‘rtta fotosurat;
2 nusxada oilasining tarkibi to‘g‘risida ish joyidan ma'lumotnoma;
davlat boji to‘langanligi yoki uni to‘lashdan ozod qilinganligi haqidagi hujjat.
Iltimosnomani ko‘rib chiqish muddati
Arizachi yuqorida ko‘rsatilgan barcha hujjatlarni topshirgan paytdan boshlab taqdimnoma ijro uchun qabul qilingan deb hisoblanadi.
Istiqomat joyidagi ichki ishlar organlari arizachining rasmiylashtirilgan hujjatlarini tegishli suratda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining ichki ishlar boshqarmalariga yuboradilar.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari ichki ishlar boshqarmalari O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi hujjatlar rasmiylashtirilishi to‘g‘riligini tekshiradilar, ushbu masalalar yuzasidan 2 nusxada hujjatlar yig‘ma jildini yuritadilar va davlat xavfsizlik tegishli organlarining fikrini so‘raydilar.















