12:43 / 20.05.2020
14593

Shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha birinchi tenderda ishtirok etish uchun 70ta investor ariza berdi

30 ta mamlakatdan 70 kompaniya va konsorsiumlar O‘zbekistonda quvvati 100 MVt.ga teng bo‘lgan birinchi shamol elektr stansiyasi (ShES) qurilishida ishtirok etish uchun ariza berdi. Arizalar shu yilning 13 mayigacha qabul qilindi.

Foto: hhs.se

Mustaqil elektr energiya ishlab chiqaruvchilar Energetika vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Moliya vazirligi qoshidagi davlat-xususiy sherikchilikni rivojlantirish agentligi tomonidan loyihada ishtirok etishga taklif qilindi.
 
Energetika vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tender g‘oliblari ushbu loyiha doirasida obektlarni ishlab chiqish, moliyalash, qurish, ularga egalik qilish va foydalanishga ishtirok etadi.
 
Shamol energetika loyihasi bo‘yicha birinchi tender Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan hamkorlik to‘g‘risidagi bitim doirasida amalga oshiriladi. Bundan ko‘zlangan maqsad umumiy quvvati 1 GVt.ga teng shamol elektr stansiyalarini qurishdir.
 
Ushbu shamol elektr stansiyalarini va tegishli infratuzilmani qurish uchun maydoncha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tumanidan tanlangan.
 
Loyiha O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan qayta tiklanuvchi elektr manbalarini ishga tushirish bo‘yicha keng ko‘lamli strategiyaning bir qismi ekani aytiladi. 

Qayd etilishicha, yaqin 10 yilda mamlakatda elektr energiyaga o‘sib borayotgan talabni qondirish maqsadida iqtisodiy samarali va ekologik sof shamol elektr stansiyalari qatorini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Top