12:02 / 17.08.2020
39535

«Millat yetakchisi bo‘lishga tayyorman» - Tixanovskaya yangi videomurojaat yo‘lladi

Belarus prezidentligiga sobiq nomzod Svetlana Tixanovskaya mamlakat fuqarolariga yangi videomurojaat yo‘llab, millat yetakchisi bo‘lishga tayyorligini e'lon qildi.

Tixanovskaya Belarus og‘ir damlarni boshidan o‘tkazayotganini, «razillik qahramonlik bilan, noumidlik mardlik bilan yonma-yon turayotganini» ta'kidladi.

- Biz tanlashimiz kerak, zamon bizdan shuni talab qilmoqda,- dedi u.

Siyosatchi yaqinlari namoyishlarda halok bo‘lganlarning oilalari bilan birga ko‘z yoshi to‘kishini ta'kidladi, ularning nomlarini ko‘chalarga qo‘yishga chaqirdi. 

- Men siyosiy karera haqida o‘ylamagandim, siyosatchi bo‘lishni maqsad qilmagan edim. Ammo taqdir taqozosi va sizlar tufayli kurashning oldingi chizig‘iga chiqib qoldim. O‘z ovozlaringizni menga berdingiz va buni qadrlayman. Nima uchun bunday qilganingizni aniq bilaman. Biz hammamiz 26 yil burun tushib qolgan doiradan chiqib ketishni istaymiz.  

Bunday murakkab davrda mamlakatning tinchlanishi va normal ritmga tushib olishi uchun millat yetakchisi bo‘lishga, javobgarlikni zimmamga olishga tayyorman», - dedi u.

Tixanovskaya yana siyosiy mahbuslarni ozod qilishga chaqirdi va yangi, «dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinadigan, real, adolatli» prezidentlik saylovini o‘tkazish uchun yangi qonunchilik bazasini tayyorlamoqchi ekanini aytdi.

- Belaruslar tinch namoyishlarning kuchini isbotlashmoqda. Bu bilan haqiqat kuch va qurol tomonda emasligini isbotlayapmiz, - deb qo‘shimcha qildi u.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 9 avgust kuni o‘tkazilgan saylovda Svetlana Tixanovskaya 10 foizdan ortiq, amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko esa 80 foizdan ortiq ovoz to‘pladi. Saylov natijalari e'lon qilingach, mamlakatda norozilik namoyishlari avj oldi. Tixanovskaya esa Belarusni tark etishga majbur bo‘lib, Litvaga ketdi.

Mavzu
Belarus-2020
2020 yilning 9 avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. 26 yildan buyon mamlakatni boshqarayotgan Lukashenko bu safar ham nomzodini qo‘ygan.
Barchasi
Mavzuga oid
Top