08:40 / 28.11.2020
5953

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Farg‘ona va Namanganda press-tur tashkil qildi

Bugun elektr energiyasisiz jamiyat taraqqiyotini tassavvur etib bo‘lmaydi. Uyda deysizmi yoki ishxonada elektr energiyasi inson uchun qulay sharoit yaratadigan ajralmas yordamchiga aylandi. Ulkan shaharlar, gigant ishlab chiqarish korxonalarini ham harakatlantiruvchi kuch – bu elektr energiyasi.

Foto: KUN.UZ

Elektr energiyasi ishlab chiqarish manbalari soni taraqqiyotning keyingi bosqichida ortib borayotganligiga qaramasdan, jahonning ko‘plab mamlakatlari, jumladan, O‘zbekistonda ham sohaning eng “og‘ir yuki”ni issiqlik elektr stansiyalari tortib kelmoqda. Yurtimizda jami elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmidagi issiqlik elektr stansiyalarining umumiy hissasi qariyb 85 foizni tashkil qiladi.

 “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ ommaviy axborot vositalari vakillarini Farg‘ona va Namangan viloyatlarida sohada olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil qildi.

«Issiqlik elektr stansiyalari» AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 fevralda imzolangan PQ-2794 sonli qarori asosida «Farg‘ona issiqlik elektr markazi» AJda va Farg‘ona shahrida 7 mVt li va jamiyat hududida 17 mVt li yuqori samarali kogeneratsion gaz turbina qurilmalarini qurish belgilangan.

Press-tur ishtirokchilari har ikki loyiha bilan yaqindan tanishdilar. Loyihaning asosiy maqsadi O‘zbekiston va Yaponiya davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, yuqori samarali, tejamkor texnologiyalarni energetika sohasiga tatbiq etish, hamda Farg‘ona vodiysining elektr energiyasi, ayniqsa, Farg‘ona shahrida joylashgan sanoat korxonalarining issiqlik energiyasiga bo‘lgan tanqisligini bartaraf etishdan iborat. Loyiha amalga oshirish bo‘yicha Farg‘ona shaharda 7 mVt li gaz turbina qurilmasini qurilish montaj ishlari muddatidan kechiktirmay tasdiqlangan reja jadvaliga asosan qurib bitkazildi va 2019 yilning dekabr oyida muvaffaqiyatli ishga tushirildi. Bugungi kunda kuz-qish mavsumida yangi ishga tushirilgan gaz trubina qurilmasi Farg‘ona shahar aholisiga issiqlik va elektr energiyasini yetkazib berishni boshladi.


Jumladan, ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi milliy elektr tizimiga va issiqlik energiyasini Farg‘ona shahrining A.Qodiriy dahasida joylashgan 3850 ta xonadondan tashkil topgan 78 ta ko‘p qavatli uylarga uzluksiz yetkazib berilmoqda.    

«Ishga tushirilgan 7 mVtli gaz turbina qurilmasidan yiliga qo‘shimcha 58400,0 ming kVt soat elektr energiyasi tarmoqqa uzatiladi va 63400.0 Gkal issiqlik energiyasini iste'molchilarga yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa elektr energiyasini va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish uchun sarflanayotgan shartli yoqilg‘i sarfining kamayishiga olib keladi. Bugungi kunda yangi yuqori samarali gaz turbina qurilmasiga xizmat qilish uchun 37 ta yangi ishchi o‘rinlari yaratildi.

Elektr energiyasi ishlab chiqarishning zamonaviy va samarador texnologiyalarini bosqichma-bosqich tatbiq qilish, yoqilg‘i-energetika resurslarini ratsional ishlatish hamda samaradorligini oshirish, hududning sanoat salohiyatini rivojlantirish va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 21 fevraldagi “Farg‘ona IEM hududida va Farg‘ona shahar qozonxonasi RK-3 da yuqori samarali kogeneratsion gaz trubina qurilmalari texnologiyasini tatbiq etish choralari to‘g‘risida”gi PQ-2794-sonli qarori asosida “Farg‘ona IEM” AJ hududida 17 MVt quvvatli yuqori samarali kogeneratsion gaz trubina texnologiyalarini joriy etish investitsion loyihasi amalga oshirilmoqda.

Ushbu investitsion loyihani yuqori uyushqoqlik bilan amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Yangi qurilmani tez fursatlarda, ya'ni yil yakuniga qadar foydalanishga topshirish qish mavsumida Farg‘ona vodiysi xalqini qo‘shimcha elektr va issiqlik energiyasi bilan ta'minlaydi.

Loyihani amalga oshirish Farg‘ona vodiysi hududida ishlab chiqarish quvvatlarining oshishiga olib keladi va korxonaga har yili qo‘shimcha 197,24 mln. KVt soat elektr energiyasi, 214,5 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarish, 3,2 mln.kubometr gazni iqtisod qilish hamda 125 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatini beradi.

OAV vakillari uchun tashkil qilingan brifing davomida jurnalistlar mutasaddilardan o‘z savollariga javob oldilar.

Tadbir ishtirokchilari 28 noyabr kuni press tur doirasida Namangan viloyatida bo‘lib, To‘raqo‘rg‘on IES faoliyati bilan tanishishadi.

 Elmurod Ermatov, Ahrorbek Yoqubjonov

Top