10:17 / 08.04.2021
3429

O‘zbekistonda so‘nggi bir kunda 15 mingdan ortiq kishi emlandi

Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi bir kunda O‘zbekistonning 8 hududining har birida koronavirusga qarshi emlanganlar soni kamida ming nafarni tashkil etgani haqida xabar berdi. Mamlakat bo‘ylab yana 15 mingdan oshiq kishi emlanib, shu vaqtgacha vaksina olganlar soni 65 mingga yaqinlashgan.

«7 aprel kuni Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlaridan jami 15250 nafar kishi COVID-19ga qarshi emlandi. Bu vaksinatsiyaning ilk haftasidagi eng yuqori natija bo‘ldi», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Shu tariqa, ayni kungacha koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan fuqarolar soni 64 852 nafarga yetdi. 

7 aprel kunidagi emlash ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori o‘rinlarni: 

  • Namangan viloyati (2521 nafar),
  • Samarqand viloyati (1732 nafar), 
  • Toshkent viloyati (1539 nafar),
  • Andijon viloyati (1529 nafar),  
  • Toshkent shahri (1394 nafar), 
  • Qashqadaryo viloyati (1381 nafar) 
  • Jizzax viloyati (1061 nafar) 
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi (1030 nafar) band qildi.

«Yana bir e'tiborli jihati shuki, poytaxtimizda koronavirusga qarshi emlangan aholi hududlar orasida birinchi bo‘lib 10 ming nafardan oshdi», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, hozirda O‘zbekiston aholisi COVAX dasturi doirasida bepul taqdim etilgan AstraZeneca vaksinasi (660 ming doza) hamda Xitoyda ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi (1 million doza) bilan emlanmoqda.

COVAX dasturi doirasida joriy yilning may-iyun oylarida 2 mln doza AstraZeneca, aprel-iyun oylarida esa 3,5 mln doza ZF-UZ-VAK2001 vaksinalarini O‘zbekistonga olib kelish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan Rossiya Federatsiyasidan 1 million doza Sputnik V vaksinasi xarid qilish yuzasidan shartnoma imzolanmoqda. 

Shu bilan birga, ayni paytda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan yana qo‘shimcha AstraZeneca vaksinasini xarid qilish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top