19:28 / 12.04.2021
2004

Samarqandda mashina ichidan pullarni o‘g‘irlagan shaxsga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Samarqand shahrida fuqarolardan birining mashinasi eshiklarini buzib ochib, so‘ng pullarni o‘g‘irlab ketgan shaxs ushlandi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB 3-son IIBga fuqaro J.Narbayev ariza bilan o‘ziga tegishli «Nexia» mashinasi eshiklarini noma'lum shaxs buzib ochgani haqida murojaat qilgan. U o‘z murojaatida mashina salonidan 300 AQSh dollari, 500 ming so‘m pul hamda bahosi 680 ming so‘m bo‘lgan mashina o‘rindiq qoplamasi yo‘qolganini bildirib, o‘g‘rini aniqlash va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur murojaat yuzasidan, Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB 3-son IIB JQG xodimlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor tadbirlar natijasida o‘g‘ri ushlangan. Qayd etilishicha, mazkur jinoyatni Bulung‘ur tumani, Oqtepa ko‘chasida yashovchi, muqaddam o‘g‘rilik jinoyati bilan sudlangan, 1985 yilda tug‘ilgan U.I. sodir qilgani aniqlanib, undan ashyoviy dalillar hujjatlashtirilib olingan.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan U.I.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top