Zanjirlangan bola: u muntazam azoblanganini aytdi, boshqalar esa buni rad qilmoqda
Samarqand shahrida Damas mashinasi ichida oyoqlari zanjirband qilingan, yuz-ko‘zlari momataloq bo‘lgan o‘smirning videosi tarqaldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, asli Paxtachi tumanidan bo‘lgan bolani tumandagi Sohibqiron Temur izdoshi harbiy sport maktabi o‘qituvchisi shu ahvolga solgan. “Bu birinchi marta zanjirlanishim emas”, demoqda o‘smir. Kun.uz holatni o‘rgandi.
Holatga oydinlik kiritish maqsadida o‘smir va uning yaqinlari, shuningdek, gumondor o‘qituvchi bilan suhbatlashdik.
“Bu birinchisi emas”
O‘smir ayni vaqtda viloyat ichki ishlar boshqarmasiga qarashli voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan.
Shohjahon Shoymardonov biz bilan muloqotda darsdan so‘ng ko‘pincha harbiy maktab o‘qituvchisi Shahriddin Haydarovning uyida tunab qolishini aytdi. Undan tashqari, harbiy maktabning yana o‘ndan ortiq o‘quvchilari ham Haydarovning uyida qolarkan.
“Ba’zida ustozimning o‘zi, ba’zan maktab o‘quvchilariga aytib meni kaltaklatadi. Tirnoqlarimni qo‘porib olgan, shu paytgacha ko‘karmaydigan a’zolarimga urardi. Bu safar ko‘kartirib kaltakladi. Bu birinchi marta zanjirlanishim emas, maktabda ham ko‘p marta bog‘lab qo‘ygan”, – dedi Shohjahon.
Shohjahon Paxtachi tumanidagi 22-umumta’lim maktabi o‘quvchisi. Sinf rahbari Marhabo Zayniddinovaning aytishicha, bolaning xulqi, sinfdoshlari bilan munosabati yaxshi bo‘lgan. Biroq u muntazam dars qoldirib kelgan. Shu sababli maktab ma’muriyati tomonidan bolaning vasiysi – ammasi ham ogohlantirilgan.
“Skuterdan yiqilib jarohatlangan”
Biz telefon orqali Sohibqiron Temur izdoshi harbiy sport maktabi katta o‘qituvchisi, bolani kaltaklab, zanjirband qilganlikda gumonlanayotgan Shahriddin Haydarov bilan telefon orqali bog‘landik.
Haydarov o‘quvchisining iddaolarini butunlay rad qildi. Bolani u zanjirlamagani, voqea sodir bo‘lgan 16 mart kuni ham ammasining shaxsan o‘zi mashinaga bolani zanjirlab qo‘yganini aytdi.
“O‘sha kuni Samarqand shahrida sport musobaqasida qatnashish uchun keldim. Shohjahonning ammasi, birga olib keting o‘zingiz bilan, dedi. Ko‘p marta maktabdan qochib ketgan. Ammasiga e’tiroz qilganimdan so‘ng bolani mashinamga zanjirlab berishini aytdi. Rozi bo‘ldim. Shaharga kelganimizdan keyin uni ham musobaqaga olib kirmoqchi bo‘ldim. “Yo‘q, men mashinada uxlayman”, dedi. Uni qoldirib, ichkariga kirganimdan keyin shu yerdagilar uni zanjirlangan holatda tasvirga olishgan.
Shohjahon amakisining skuterini ruxsatsiz olib qochgan va yiqilib jarohatlangan. Uning tanasidagi jarohatlar shuning natijasi. Men pedagogman. Bolani uradigan hayvon emasman”, – dedi Shahriddin Haydarov.
“Mashinaga men zanjirlab qo‘ydim”
Ma’lum bo‘lishicha, bolaning ota-onasi ancha avval vafot etgan. Shohjahon hozirgi kunda ammasining qaramog‘ida yashab kelmoqda. Bolaning vasiysi bo‘lgan Mo‘mina Eshonqulova jiyanini haqiqatan ham o‘zi zanjirlaganini ma’lum qildi.
“Ukamning farzandlarini qaramog‘imga olganman. Shohjahonning o‘qishi, oilada o‘zini tutishi juda yaxshi edi. Menga ham juda mehribon. Biroq negadir oxirgi paytlarda xarakteri o‘zgardi, eplolmay qoldim. Maktabdan qochib ketavergani uchun ustozining mashinasiga o‘zim zanjirlab qo‘ydim. Mobodo yo‘lda ketayotganda o‘zini mashinadan tashlab yuborishidan qo‘rqdim. Endi xato qilganimni tushunib yetdim”, – dedi Mo‘mina Eshonqulova.
“Bu bolaning shaxsiy daxlsizligi huquqiga zid”
Bolaga nisbatan bunday tarzdagi zo‘ravonlik holati Bolalar ombudsmani tomonidan o‘rganildi. Bolalar ombudsmani bu bolaning shaxsiy daxlsizlik huquqiga zid ekanligini ma’lum qilgan.
“Bola qanday xulqda bo‘lishidan qat’i nazar, unga nisbatan bunday g‘ayriinsoniy, noqonuniy chora ko‘rilishiga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu bolaning erkinligi va shaxsiy daxlsizligi huquqiga ziddir. Bolalar ombudsmani bolaga nisbatan bunday tarzdagi zo‘ravonlik holati yuzasidan o‘z kuzatuvini davom ettiradi”, deyiladi Bolalar ombudsmani xabarida.
Ma’lumot uchun, holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilib, bolani zanjirlab qo‘ygan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 138-moddasi (Zo‘rlik ishlatib, g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda ish yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov jarayoni prokuratura tomonidan nazoratga olingan. O‘smirdagi tan jarohatlari yuzasidan esa sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.
Tavsiya etamiz
Qimmatga tushgan liposaksiya: blogerni kimlar operatsiya qildi?
Jamiyat | 19:22 / 04.04.2025
NYT Germaniyadagi «urush ofisi» haqida surishtiruv e’lon qildi
Jahon | 15:18 / 04.04.2025
Minbardagi 25 soat: senator Buker nega bunday qildi?
Jahon | 22:47 / 03.04.2025
O‘zbekistonning 9 ta viloyatida sel xavfi e’lon qilindi
O‘zbekiston | 22:24 / 03.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan 16 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi
Jamiyat | 20:26
-
Saida Mirziyoyeva Orol madaniyat sammitida ishtirok etdi
O‘zbekiston | 19:59
-
Til masalasi yana kun tartibida – jamoatchilik faollari nima deydi?
O‘zbekiston | 19:29
-
“Har qanday loyihani, albatta, ekologik ekspertizadan o‘tkazamiz” – ekologiya vaziri AES haqida
O‘zbekiston | 19:01
Mavzuga oid

16:56 / 27.03.2025
Toshkent viloyatida bolalarni urgan tarbiyachi ishdan olindi

10:12 / 18.03.2025
Ovloq va xavfli joy. Antarktidadagi bazada olimlar o‘z hamkasbidan qutqarishni so‘ramoqda

23:57 / 17.03.2025
Akmal Shukurov Qozog‘istonda ushlandi

13:46 / 17.03.2025