12:19 / 01.09.2021
19876

Transferlar oynasi yopildi. So‘nggi kundagi asosiy o‘zgarishlar

«Barselona» futbolchilarini sotdi, «Real» Fransiyadan Mbappeni emas, boshqa yosh futbolchini oldi.

Foto: INSTAGRAM.COM/CAMAVINGA / DAVID RAMOS/GETTY IMAGES / «CheMPIONAT»

Yevropada tarixdagi eng yorqini bo‘lgan yozgi transferlar oynasi yopildi. 31 avgust kuni jami qiymati 300 mln yevrodan oshuvchi 800dan oshiq kelishuv tuzildi. Quyida so‘nggi kunda amalga oshgan transferlarning eng asosiylari keltiriladi.

Eduardu Kamavinga, 31 mln yevro, «Renn»dan «Real»ga
2020/2021 yilgi mavsumdagi statistikasi: 39 o‘yin, 1 gol, 3 golli uzatma.

«Renn» tarbiyalanuvchisi «Real» bilan olti yillik shartnoma imzoladi. Kamavinga faoliyatini Fransiya chempionatida boshlab, klub uchun 88 o‘yin o‘tkazgan (ikki gol, besh assist). 2020 yil sentyabrida Eduardu milliy jamoa safida debyut qilgan — u koronavirusga chalingan Pogba o‘rniga jalb etilgandi. Avvalroq, transferlar darichasi yopilishiga sakkiz kun qolganida «Renn» futbolchisini 35 mln yevroga sotishga tayyorligi haqida ma'lum qilgandi. Avvalgi transferlar oynasi vaqtida qimmatroqqa baholangan bu futbolchining narxi tushirilishi sababi u klub bilan shartnomani yangilashga rozi bo‘lmaganidir, keyingi yil yozda u erkin agent sifatida tekinga ketishi mumkin edi.

Nikola Vlashich, 30 mln yevro, TsSKAdan «Vest Hem»ga
2020/2021 yilgi mavsumdagi statistikasi: 34 o‘yin, 12 gol, 6 golli uzatma.

Xorvatiyalik yarimhimoyachi TsSKAdan ketishi bilan bog‘liq xabarlar oqimi nihoyat tinadigan bo‘ldi. Vlashich London klubi bilan besh yillik shartnoma imzoladi va terma jamoalar yig‘inidan keyin u «Vest Hem»ga borib qo‘shiladi. «Men bu ajoyib klub bilan shartnoma imzolaganimdan juda xursandman. «Vest Hem» futbolkasini kiyishni va har bir o‘yinda jamoaga yordam berishni sabrsizlik bilan kutmoqdaman», deya yozdi Vlashich instagramdagi sahifasida. Vlashich Moskvaga kelishidan oldin, 2017-2019 yillarda Angliyaning boshqa bir klubi «Everton» a'zosi bo‘lgan (2018-19 yilgi mavsumni ham TsSKA safida ijara asosida o‘tkazgan).

Deniyel Jyeyms, 29,1 mln yevro, «Manchester Yunayted»dan «Lids»ga
2020/2021 yilgi mavsumdagi statistikasi: 26 o‘yin, 5 gol, 2 golli uzatma.

Bu yozda «Manchester Yunayted» faqat futbolchi sotib olmasdan, balki sotdi ham. Jyeyms «Lids» bilan besh yillik shartnoma imzoladi va «qizil iblislar» g‘aznasiga kattagina summa tushirdi. Hujum chizig‘ida yangi ijrochilar paydo bo‘lgan «Yunayted» yaxshi transfer amalga oshirdi deyish mumkin, yosh vingerga tarkibda joy qolmagandi. Qolaversa, undan bo‘shagan 21-raqamli futbolka endi Urugvay termasida shu raqamda to‘p suradigan Kavaniga, Kavanidan bo‘shaydigan 7-raqam esa Ronalduga berilishi mumkin. «Biz bir necha yildan buyon Jyeymsning o‘yinlarini diqqat bilan kuzatib keldik. Klubdagilar bu transfer amalga oshishi uchun katta mehnat qilishdi. Sir emas, Deniyel — biz anchadan buyon safimizda ko‘rishni istagan futbolchi. Biz maqsadga erishdik. U biz uchun juda mos keladi. Jyeyms jamoaga qo‘shilishini sabrsizlik bilan kutmoqdamiz», deya qayd etdi «Lids» direktori Viktor Orta.

Emerson Royal, 25 mln yevro, «Barselona»dan «Tottenhem»ga
2020/2021 yilgi mavsumdagi statistikasi: 38 o‘yin, 2 gol, 4 golli uzatma.

«Barselona» bu yozda juda ko‘p futbolchisini qo‘yib yubordi. Ko‘k-anorranglilar tarkibni tozalash ishlarini amalga oshirishdi va bu Emersonni ham chetlab o‘tmadi. Bu himoyachi «Tottenhem» a'zosiga aylanib, 2026 yilga qadar amal qiluvchi shartnoma imzoladi. Braziliyalik futbolchi London klubida yiliga 3 mln yevro maosh olib, 12-raqamli futbolkada to‘p suradi. «Barselona» Emersonni 2019 yil yanvarida «Atletiko Mineyro»dan 12 mln yevroga sotib olgandi va darhol «Betis»ga ikki yilga ijaraga bergandi. Ayni vaqtda 22 yoshda bo‘lgan himoyachi o‘tgan mavsumda Ispaniya chempionatida ikki gol urib, 4 golga uzatma bergan, ko‘plab ko‘rsatkichlar bo‘yicha La Ligada peshqadamlik qilgandi.

Mark Kukurelya, 18 mln yevro, «Xetafe»dan «Brayton»ga
2020/2021 yilgi mavsumdagi statistikasi: 39 o‘yin, 3 gol, 2 golli uzatma.

«Barselona»ning sobiq himoyachisi boshqa chempionatga yo‘l oldi. La Ligada o‘tgan uch mavsumdan keyin Kukurelya ingliz klubi bilan shartnoma imzoladi. Ushbu ispaniyalik «Barselona» klubi tarbiyalanuvchisidir, klub uni «Eybar» va «Xetafe»ga ijaraga bergan. Kukurelya 2016/2017 yilgi mavsumda ko‘k-anorranglilar klubi futbolchisiga aylangan, Segunda B chempioni bo‘lgan, Ispaniya olimpiyachilari bilan Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarida kumush medal sovrindori bo‘lgan.

Ilaysh Moriba, 16 mln yevro, «Barselona»dan «Leypsig»ga
2020/2021 yilgi mavsumdagi statistikasi: 18 o‘yin, 1 gol, 3 golli uzatma.

18 yoshli yarimhimoyachi o‘tgan mavsumda «Barselona»ning asosiy tarkibidan muqim o‘rin egallay olmadi va Bundesligaga yo‘l olib, «Leypsig» bilan ko‘p yillik shartnoma imzoladi. Ko‘k-anorranglilar klubi tarbiyalanuvchisi o‘rinbosarlar tarkibida 22 o‘yinda ikki gol urgan va ikki golga uzatma bergan. Asosiy jamoaga qo‘shilgach Moriba 2020/2021 yilgi mavsumda Ispaniya Kubogi g‘olibligiga erishgan.

Ilaysh klub rahbariyati bilan yangi shartnoma bo‘yicha kelishuvga erisha olmagach, moliyaviy muammolar girdobida qolgan «Barselona»ni tark etishga qaror qildi. Xabarlarga ko‘ra, u maoshi miqdori kamaytirilishiga rozilik bermagan, unga yiliga 2 mln yevro to‘lash nazarda tutilgan shartnoma taklif qilingan, futbolchi esa 1 mln yevro ko‘proq talab qilgan.

Krishtianu Ronaldu, 15 mln yevro, «Yuventus»dan «Manchester Yunayted»ga
2020/2021 yilgi mavsumdagi statistikasi: 44 o‘yin, 36 gol, 4 golli uzatma.

Portugaliyalik yulduz «Manchester Yunayted»ga qaytishi bir necha kun oldin ma'lum bo‘lgandi, ammo «qizil iblislar» Ronaldu bilan shartnoma haqida faqat 31 avgust kuni rasman ma'lum qildi. Krishtianu o‘z qaytishini Fergyusonga bag‘ishladi va klub bilan ikki yillik shartnoma imzoladi. Shuningdek, bitimda uni yana bir yilga uzaytirish to‘g‘risidagi band ham bor. «MYu» transfer uchun Turin klubiga 5 yil davomida 15 million yevro to‘laydi. Bundan tashqari, yana 8 million yevro miqdorida bonuslar ham ko‘zda tutilgan.

«Manchester Yunayted» — doim mening qalbimda bo‘lgan klub. Jamoamga qaytganimdan so‘ng kelgan barcha maktublar va  tabriklardan hayajondaman. Yana «Old Trafford»da, tribunalar to‘la muxlislar qarshisida o‘ynashni sabrsizlik bilan kutyapman. Sabr bilan asosiy tarkibga kiritilishimni kutaman. Milliy jamoa yig‘inlari tugagach, Manchesterga boraman va tezda jamoaga qo‘shilib ketaman, deb o‘ylayman. Umid qilamanki, oldinda bizni juda muvaffaqiyatli mavsum kutib turibdi», — dedi portugaliyalik futbolchi. 

Moyze Kin, 7 mln yevroga ijaraga, «Everton»dan «Yuventus»ga
2020/2021 yilgi mavsumdagi statistikasi: 26 o‘yin, 13 gol, golli uzatma yo‘q.

«Yuventus» Moyze Kinni qaytardi. Yosh forvard «Yuve»da 2023 yilga qadar ijara asosida to‘p suradi, klub uning uchun 7 mln yevro to‘laydi: 3 mln yevro 2021/22 yilgi mavsum uchun, 4 mln yevro – 2022/23 yilgi mavsum uchun. Ijara muddati yakunlangach, «Yuventus» uni 28 mln yevroga sotib olishi kerak. Kelishuvda 3 mln yevro miqdoridagi bonuslar ham ko‘zda tutiladi. Kin ikki yil oldin «Yuve»dan «Everton»ga 25 mln funt evaziga o‘tgandi. Futbolchining inglizlar klubi bilan amaldagi shartnomasi muddati 2024 yilga qadar tuzilgan. Kin o‘tgan mavsumda «PSJ»da ijara asosida o‘ynadi. Italiyalik futbolchi «Yuventus»da 2016 yilda debyut qilgan, o‘shanda jamoada Massimiliano Allegri ishlagandi, yosh hujumchi yana ushbu mutaxassis bilan hamkorlik qiladi.

«Everton» esa Solomon Rondonni Angliyaga qaytardi. Jamoaning yangi bosh murabbiyi Rafael Benites o‘zi bilan Xitoyning «Dalyan Profeshnl» va Angliyaning «Nyukasl» klublarida hamkorlik qilgan venesuelalik tajribali futbolchining xizmatlariga yana ehtiyoj sezgan. Rondon o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmini Moskvaning TsSKA klubida ijara asosida o‘tkazgan va 13 o‘yinda 4 gol urgandi.

Antuan Grizmann, 5 mln yevroga ijaraga, «Barselona»dan «Atletiko»ga
2020/2021 yilgi mavsumdagi statistikasi: 51 o‘yin, 20 gol, 13 golli uzatma.

«Atletiko» fransiyalik hujumchini keyinroq sotib olish huquqi bilan ijaraga oldi. «Barselona» bir yillik ijara uchun 5 mln yevro oladi, keyingi yilda esa Grizmann 40 mln yevroga transfer qilinishi mumkin. Jurnalist Nikola Shiraning yozishicha esa futbolchi bilan 2026 yilga qadar shartnoma tuzish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. 2019 yilda Madriddan Kataloniyaga ketgan Antuan «Barselona» bilan La Liga yoki YeChLda g‘olib bo‘lishning uddasidan chiqa olmadi. 30 yoshli hujumchi hamon bu sovrinlarni yuta olmagan. Kataloniyadagi ikki yilda Grizmann faqat 2020/2021 yilgi mavsumda Ispaniya Kubogini yutdi, bu mavsum chempionligi esa «Atletiko»ga nasib etdi.

Grizmann o‘rniga «Sevilya»dan Lyuk de Yong «Barselona»ga o‘tdi. Kataloniya klubi niderlandiyalik 31 yoshli futbolchini sotib olish huquqi bilan ijaraga oldi, futbolchining maoshini kataloniyaliklar to‘lashadi. 

Saul Niges, 5 mln yevroga ijara, «Atletiko»dan «Chelsi»ga
2020/2021 yilgi mavsumdagi statistikasi: 41 o‘yin, 2 gol, 1 golli uzatma.

Ispaniyada o‘tgan to‘qqiz yildan keyin Saul o‘zini Angliyada sinab ko‘radi. «Chelsi» 26 yoshli futbolchini keyinroq sotib olish huquqi bilan bir yilga 5 mln yevro evaziga ijaraga oldi. «Atletiko» bilan Saul Ispaniya chempioni, Ispaniya Kubogi va Ispaniya Superkubogini, shuningdek, UYeFA Superkubogini qo‘lga kiritgan, ikki marta Yevropa Ligasida g‘olib chiqqan.

Aleks Kral, 3,5 mln yevroga ijaraga, «Spartak»dan «Vest Hem»ga
2020/2021 yilgi mavsumdagi statistikasi: 30 o‘yin, 5 golli uzatma.

Shu kunlarda «Spartak» tarkibiga belgiyalik himoyachi Kofriye olindi, u klubdagi to‘qqizinchi xorijlik legionerga aylandi. Qizil-oqlar legionerlar limiti masalasini tezda hal qilishdi, chexiyalik Aleks Kral keyinroq sotib olish sharti bilan «Vest Hem»ga ijaraga berildi. Ushbu yarimhimoyachiga «Atalanta», «Sassuolo», shuningdek, Fransiya va Angliyaning boshqa klublaridan ham qiziqish bo‘lgandi.

Kral «Vest Hem»da sobiq armiyachi Vlashich bilan birga to‘p suradi. Bundan tashqari, Aleks vatandoshlari — Tomash Souchek va Vladimir Tsoufalning yoniga borib qo‘shilmoqda.

Ektor Bellerin, 1 yilga ijaraga, «Arsenal»dan «Betis»ga
2020/2021 yilgi mavsumdagi statistikasi: 25 o‘yin, 1 gol, 2 golli uzatma.

«Arsenal» himoyachisi Ektor Bellerin faoliyatini Ispaniyada davom ettiradi. «Betis» 26 yoshli ispaniyalik futbolchini keyingi yil yozigacha ijaraga olganini e'lon qildi. Avvalroq Bellerin bu klubga o‘tish uchun maoshi kamaytirilishiga rozi bo‘lgani xabar qilingandi. Bellerin 2013 yildan buyon «Arsenal» safida to‘p surib kelayotgandi. U «kanonirlar» safida 239 o‘yin o‘tkazgan.

London klubi Bellerin o‘rniga «Bolonya» himoyachisi Takehiro Tomiyasuni sotib oldi. Yaponiyalik 22 yoshli futbolchi «kanonirlar» bilan uzoq muddatli shartnoma imzoladi. Transfer qiymati 18 mln yevroga baholanmoqda. 

Top