15:13 / 06.10.2021
12179

Totalizatorni qonuniylashtirish sportga ham, davlatga ham naf keltirmaydi

Bukmekerlikni legallashtirish bilan sportga pul tikib qimor o‘ynayotganlar soni ko‘payadi xolos, undan na davlatga, na sportga, na yoshlar tarbiyasiga biron-bir naf yo‘q.

So‘nggi vaqtlarda o‘zbekistonliklar o‘rtasida daromad olish maqsadida sport o‘yinlariga pul tikuvchilar soni sezilarli darajada ortgan. O‘yinda yutqazib, uy va mol-mulklarini sotgan, jinoyatga qo‘l urgan va hatto o‘z joniga suiqasd qilganlar haqida ko‘plab xabarlar tarqalmoqda. Shunga qaramay, O‘zbekistonda bu turdagi o‘yinlarni qonuniylashtirish borasida harakatlar davom etmoqda.

Sport o‘yinlariga pul tikishni legallashtirish hech kimga naf keltirmaydi, deydi sport jurnalisti Jamoliddin Bobojonov. Uning ta'kidlashicha, totalizator kompaniyalari to‘laydigan soliq – professional sport uchun arzimagan pul, bu ishlar bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislarning birortasi totalizatorni qonuniylashtirish ortidan katta pullar sportga kelmasligini aytgan.

Kazino hech qachon yutqazmaydi deganlaridek, bukmekerlar ham hech qachon yutqazmaydi, deydi u.

Bizga eng yaqin Rossiya misolida olib qarasak, reklama beruvchilar ko‘proq pul topyapti xolos. Professional futbolga yoki sportning boshqa turlariga katta daromad olib kelmayapti. Holbuki, aholisi biznikidan ko‘p va katta qismi musulmon bo‘lmagan mamlakat, shuningdek, ularning e'tiqodi, dunyoqarashi jihatidan ham to‘sqinlik yo‘q. Lekin professional sportga totalizator orqali katta mablag‘lar kirib bormaydi.

O‘zimizga keladigan bo‘lsak, buni legallashtirish bilan sportga pul tikib qimor o‘ynayotganlar sonini ko‘paytiramiz. Undan na davlatga, na sportga, na yoshlar tarbiyasiga biron-bir naf yo‘q. Kimdir bu pullarni professional sportga yo‘naltiramiz, qo‘shimcha pul desa, katta xato qilgan bo‘ladi, nazdimda.

Bundan tashqari, bukmekerlar tushadigan pullarning 80 foizini olib ketadi, o‘sha 80 foiz pul o‘zbekistonliklarning pullari bo‘ladi. Hozir onlayn o‘ynayotganlar ham baribir pullarini o‘shalarga to‘layapti, katta ehtimol bilan legallashgandan keyin ham yana ularga pul to‘laydi. Mahalliy bukmekerlarning esa bozorda mavqega erishishi uchun uzoq yillar talab qilinadi. Umuman olganda, uning ham foydasi yo‘q, chunki o‘zimizning odamlar cho‘ntagidan olib, kimnidir qaqshatib olingan pullarni sportga yo‘naltirish to‘g‘ri emas”, – deydi Jamoliddin Bobojonov.

Jamoliddin Bobojonov

Asli o‘zbekistonlik, ayni paytda Rossiyada istiqomat qiluvchi B.Sh. uzoq yillar davomida totalizator o‘yinlariga qiziqqan va bu sohada faoliyat yuritgan. Uning aytishicha, totalizator O‘zbekistonda qonuniylashtirilgan taqdirda ham, kelishilgan o‘yinlarga qarshi hech nima o‘zgarmaydi. Chunki kontora qonuniy yoki qonuniy emasligining bunga umuman daxli yo‘q.

Yana bir narsa, totalizator firmalar o‘zbek futboliga investitsiya kiritishi mamlakat ichida qimor o‘ynayotgan odamlar hisobidan amalga oshiriladi.

“Totalizatorni qonuniylashtirish orqali kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashishda hech qanday o‘zgarish bo‘lmaydi. Men bunga yuz foiz ishonaman. Chunki totalizatorning kelishilgan o‘yinlarga aloqasi yo‘q. O‘zbekiston ligasida o‘ynayotgan jamoalarga pul tikayotgan odamlar aksar Rossiya va boshqa Osiyo mamlakatlaridan bo‘ladi. Chunki O‘zbekistondagi o‘yinlarga limit beriladi, katta summa qo‘yib bo‘lmaydi. Juda kamdan kam kuzatiladi, shunda ham o‘sha o‘yinning yo koeffitsiyenti tushib ketadi, yoki o‘yinni olib tashlaydi.

Futbolga investitsiya haqida gapirishyapti; to‘g‘ri, investitsiya bo‘ladi, lekin kimning hisobidan – o‘ynayotgan odamlar hisobidan bo‘ladi. Yaqinda O‘zbekistonda bo‘ldim va ko‘rdimki, ko‘plab odamlar, hatto futbolga qiziqmaydigan kontora haqida, stavka qilish, kimdir qanchadir pul yutib olgani haqida gapiryapti. Ular ham yutib olgan pulini gapiryapti xolos, lekin birortasi qancha yutqazganini aytmaydi. Hech kim: “Men bor pulimni yutqazdim, mashinamni yutqazdim, uyim ketdi”, deb aytmaydi, albatta. Bu judayam yomon narsa”, – deydi u.

 

Top