09:23 / 02.11.2021
5662

Coca-Cola sport ichimliklari brendini 5,6 milliard dollarga sotib oldi

Coca-Cola kompaniyasi sport ichimliklari ishlab chiqaruvchi BodyArmor brendining 85 foiz aksiyasini sotib olib, uning yagona egasiga aylandi. Xarid qiymati 5,6 mlrd dollarni tashkil qildi va u AQSh kompaniyasi tarixidagi eng qimmat xarid bo‘ldi, deb xabar berildi kompaniyada. 

Foto: freemalaysiatoday

Bungacha Coca-Cola’ga brendning 15 foizi tegishli bo‘lgan. U 2018 yilda ushbu ulushni 300 mln dollarga sotib olgan. O‘shanda BodyArmor 2 mlrd dollarga baholangan.

Coca-Cola ushbu brendni sotib olishi evaziga sport ichimliklari turini ko‘paytirishi va bu borada PepsiCo kompaniyasi bilan samarali raqobatchilik qila olishi mumkin bo‘ladi. 2020 yilda Coca-Cola o‘z brendlari sonini 2 martaga qisqartirishga qaror qilgan. O‘shanda u o‘zini oqlamagan 200 ga yaqin brendni yopib yuborgan.

Kompaniyada o‘zining sport ichimliklari brendi Powerade bor va uning hissasiga AQSh bozoridagi savdolarning 13 foizi to‘g‘ri keladi. Biroq sport ichimliklari bozorida PepsiCo’ga tegishli Gatorade shubhasiz yetakchi bo‘lib, unga bozorning 64 foizi tegishli. BodyArmor esa bu borada 2-o‘rinni egallagan va uning hissasiga umumiy savdoning 18 foizi to‘g‘ri kelgan.

2018 yilda Coca-Cola 5,1 mlrd dollarga qahvadan ichimliklar ishlab chiqaruvchi Costa Coffee brendini sotib olgandi.

BodyArmor’ga 2011 yilda Maykl Repol va Lans Kollinz tomonidan asos solingan. Kompaniya mahsulotlari sport ichimliklari, mineral suv va tarkibida kofein bo‘lgan sport ichimliklarini o‘z ichiga oladi.

Top