17:47 / 28.01.2022
15101

Nazarboyev yana ko‘rinish berdi. U partiya rahbarligidan ham rasman ketdi

Foto: Orda

Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev yil boshidan buyon ikkinchi marta ko‘rinish berdi. U mamlakat hukmron partiyasi «Nur Otan» qurultoyida ishtirok etdi.

«Qadrli partiyadoshlar, hurmatli vatandoshlar, «Nur Otan» partiyasi mamlakatdagi asosiy siyosiy kuch hisoblanadi. Partiya rivojlanishi uchun fuqarolar bilan ishlashi, xalq va hukumat o‘rtasida ko‘prik bo‘lishda davom etishi kerak.

Oxirgi 1,5 yil davomida partiya jiddiy siyosiy o‘zgarishlarni boshidan o‘tkazdi. Bu jarayonning oxirgi bosqichi sifatida partiya rahbarligini prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayevga topshiraman. Bugun mamlakat prezidenti rahbarligida mamlakatda kompleks iqtisodiy-siyosiy islohotlar o‘tkazilmoqda. «Nur Otan» bu islohotlar amalga oshirilishiga faol yordam berishi kerak», dedi Nazarboyev.

Shu tariqa, Nursulton Nazarboyev navbatdagi siyosiy lavozimidan ayrildi. Oldinroq uning Xavfsizlik kengashi va Xalq assambleyasidagi raislik lavozimlarini ham To‘qayev egallagandi. Endilikda Nazarboyevning faqat bir lavozimi qolmoqda. U hamon Qozog‘iston konstitutsion kengashi a’zosi hisoblanadi.

«Nur Otan» hukmron partiyasi siyosiy kengashiga Nazarboyevning katta qizi Darig‘a Nazarboyeva hamda sobiq bosh vazir Asqar Mamin ham kiritilmagan. Nazarboyev 1999 yil «Nur Otan» partiyasi yetakchisiga aylangandi. 2021 yil noyabrida u partiya yetakchiligini To‘qayevga topshirmoqchiligini aytgandi.

Mavzu
Qozog‘istonda gaz namoyishlari
2 yanvar kuni Qozog‘istonning Mang‘istau oblastida suyultirilgan gaz narxi ikki baravarga ko‘tarilganidan norozi bo‘lgan qozog‘istonliklar ommaviy mitingga chiqishdi va keyingi kunlarda namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab yoyildi.
Barchasi
Top